08:25 / 06.02.2025
292

"Milan" - "Roma": Muhokamalar qahramoniga aylangan Shomurodovning oʻyini qanday baholandi?

"Milan" - "Roma": Muhokamalar qahramoniga aylangan Shomurodovning oʻyini qanday baholandi?
Italiya kubogining chorak finalida “Roma” jiddiy va kuchli raqib – “Milan”ga toʻqnash keldi. Dunyoga mashhur “Juzeppe Meastsa” arenasi mezbonlik qilgan uchrashuv davomida muxlislar keskin va murosasiz kurashlar guvohi boʻldi.

Uchrashuv 3:1 hisobida milanliklar gʻalabasi bilan yakunlandi. Oʻyin qahramoni “Roma”dan “Milan”ga yuborilgan Temmi Abraxam boʻldi. U birinchi boʻlimning oʻzida dubl qayd etib, gʻoliblik masalasini hal qildi.

Klaudio Raneri Eldor Shomurodovni boshlangʻich tarkibda maydonga tushirib, tanaffusda zaxiraga oldi. Legionerimiz oʻrniga maydonga tushgan Artyom Dovbik bitta javob toʻpini kiritdi.

“Milan” safida debyutini nishonlagan Joau Feliks gol urib, gʻoliblik masalasiga nuqta qoʻydi.

“Roma” faoliyatini yoritayotgan laroma24.it portali ekspertlari poytaxtlik futbolchilarning harakatlarini quyidagicha baholadi:

SVILAR 5:
Ikkinchi oʻyinda ikkinchi marotaba juda qoʻpol xatoga yoʻl qoʻymoqda. Uning xatosi tufayli milanliklar hisobni ochishga muvaffaq boʻldi va ishni gʻalabaga etkazdi.

ChELIK 4,5:
Himoyada juda qiynaldi. Uning harakatlaridan qoniqmagan Klaudio Raneri tanaffusda almashtirib yubordi. Lekin bungacha raqib ikki toʻp farqi bilan hisobda oldinga chiqib olgandi.

RENSh 5,5:
Chelik oʻrniga maydonga tushgan Rensh tezkor futbolchilar Ximenes va Leauga qarshi ancha ter toʻkishga majbur boʻldi. Bir boʻlim oʻynagan boʻlsa-da, charchab qoldi.

XUMMELS 4,5:
“Roma”ning himoya chizigʻi “Milan” hujumlariga dosh berolmadi. Tajribali nemis futbolchisining ikki xatosi natijaga ta'sir qildi.

NDIKA 5:
Evan Ndika juda koʻp kurashdi, lekin shu bilan birga ancha xato va kamchiliklarga ham yoʻl qoʻydi. Maydonda undan ham boʻsh oʻynagan futbolchilar borligi tufayligina magʻlubiyatga asosiy sababchi, deya olmaymiz.

SALEMAKERS 5:
Belgiyalik futbolchi oʻyinida ham juda koʻp xato va kamchiliklar kuzatildi. Jamoadoshlari kerakli paytda uni “topolmay” qoldi.

PAREDES 5:
Raqib darvozasiga umuman xavf sola olmadi. Birinchi boʻlimdan keyin maydondan olingach, “Roma”ning oʻyinida tartib kuzatildi.

PELLEGRINI 5:
Paredes oʻrniga maydonga tushgan Pellegrini qanot hujumchisi vazifasini bajardi. Raqib himoyachilariga qiyinchilik tugʻdirdi.

KONE 5,5:
Kone keyingi paytda toliqqan va dam olishni istayotgandek harakat qilyapti. Maydonda kurashishga intilyapti, lekin bu gal yolgʻizlik qildi.

PIZILLI 5:
Raneri alohida ishonch bildirayotgan bu futbolchining ham oʻyini qovushmadi. Nikolo maydon markazida juda koʻp xato qildi. Bir vaziyatda uning zarbasi darvoza toʻsiniga tegib qaytdi.

ANJELINO 6:
Hujumda ham, himoyada ham faol oʻynashga harakat qildi. Biroq oʻyin yoʻnalishini oʻzgartirishga bir oʻzining intilishlari kamlik qildi.

DIBALA 4,5:
Oxirgi ikkita bahsdagi oʻyin qahramonidan eng yomon futbolchiga aylandi. Argentinalik yulduz ikkita vaziyatni barbod qildi. Maydonda befoyda kezib yurdi xolos.

ShOMURODOV 5,5:
Uchrashuv boshlanmasidan avval Eldor Shomurodov “Roma”ning ijtimoiy tarmoqlarida muhokamalar qahramoniga aylanib boʻlgandi. Oʻzbek futbolchisi oʻzining eng zoʻr oʻyinini koʻrsatdi, deb boʻlmaydi. Lekin maydondagi boshqa jamoadoshlariga solishtirganda ancha yaxshi taassurot qoldirdi. Lekin harakatlari gol urish uchun etarli boʻlmadi.

DOVBIK 5,5:
Ikkinchi boʻlimda Eldor Shomurodov oʻrnini egallagan ukrainalik futbolchi yagona javob golini urdi. Lekin qolgan daqiqalarda “Milan” himoyachilari uni “eb” qoʻydi.

RANERI 4,5:
Klaudio Raneri tanlagan boshlangʻich tarkib ishonchni oqlamadi. Ayniqsa, Paradesning ilk daqiqalardan maydonga tushirish xato boʻldi. Ayrim futbolchilar yaxshi oʻynay olmagan boʻlsa-da, oʻz vaqtida almashtirilmadi. Tanaffusda uch nafar oʻyinchining alishtirilishi boshlangʻich tarkibni tanlashda xatoga yoʻl qoʻyilganining isbotidir.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport