15:26 / 21.09.2021
1 340

Ro‘ziqul Berdiyev: "Ertangi g‘alabamiz O‘zbekiston uchun katta foyda bo‘lishi mumkin"

Ro‘ziqul Berdiyev: "Ertangi g‘alabamiz O‘zbekiston uchun katta foyda bo‘lishi mumkin"
OFK kubogi doirasidagi "Nasaf" - "Mohun Bagan" uchrashuvidan oldingi matbuot anjumanida mezbonlar ustozi Ro‘ziqul Berdiyev va futbolchi Husniddin Aliqulov ishtirok etdi.
"Barchaga xayrli kun. Raqiblar jiddiylashib bormoqda, chunki keyingi bosqichdagi har bir raqib kuchli bo‘ladi. Hindiston klubi o‘yinlarini, tarkibdagi futbolchilarni va murabbiylar shtabini ko‘rib jiddiy jamoa ekanini bildik. "Mohun Bagan" Hindistonning eng yetakchi klubi hisoblanadi. Biz raqibni juda yaxshi o‘rgandik va yaxshi tayyorgarlik olib bordik. "Nasaf" 100 foiz o‘yinga tayyor. Faqat ertaga g‘alaba qozonish uchun maydonda ko‘p mehnat va mahorat kerak bo‘ladi. Futbolchilarim ham jismonan, ham aqlan o‘yinga tayyor", - deydi Ro‘ziqul Berdiyev.

"Ertangi raqibimizni yaxshi o‘rganib chiqdik. Xudo xohlasa yaxshi o‘yin ko‘rsatib, jamoamiz muxlislarini va xalqimizni xursand qilishga harakat qilamiz", - deydi Husniddin Aliqulov.

- Ertaga o‘zbek murabbiyi ispan murabbiyi bilan to‘qnash keladi desak ham bo‘ladi. Hindistonda chempionat mart oyida tugagani ertangi o‘yindan oldin "Nasaf"ga ustunlik beradimi?
- Jamoa so‘nggi oylarda kam o‘yin o‘tkazgan va bizda u qadar ko‘p ma’lumot yo‘q. Ammo OFK kubogi guruh bosqichidagi uchta o‘yinni to‘liq ko‘rib chiqdik. Bundan tashqari yetakchi futbolchilarning alohida roliklarini topdik. Bu ham bizga qo‘shimcha ma’lumot. Raqib safida yetakchi legionerlar bor, Hindiston terma jamoasi futbolchilari bor. "Mohun Bagan" biz bilan o‘yinga Dubayda tayyorlandi va u yerda o‘rtoqlik uchrashuvi ham o‘tkazganini bilamiz.

- "Nasaf" ertaga g‘alaba qozonsa keyingi yil OCHL uchun O‘zbekiston klublariga 2+2 kvota berilishi mumkin bo‘ladi. Shuni yigitlar qanchalik his qilishmoqda?
- Albatta bu tomonlari ham bor. Ertangi g‘alabamiz O‘zbekiston uchun katta foyda bo‘lishi mumkin. Bu o‘yinlar orqali yosh futbolchilarimiz tajriba olishadi. Klub moliyaviy tomonlama ham yutishi mumkin. Barchasini yaxshi tushunib turibmiz. Ertaga har qanday holatda ham g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga chiqish uchun o‘ynaymiz.

- Raqib safidagi qaysi o‘yinchilarni alohida ko‘rsata olasiz?
- O‘yinni yaxshi tashkil qila oladigan jamoa. Kimdir legioner sifatida ko‘proq gol urayotgandir, ammo baribir jamoaviy o‘yini yaxshi. Ba’zida britancha futbol namoyish etadi. O‘yin davomida sxemalarni o‘zgartirib turganini ko‘rish mumkin. Raqibimiz jiddiy va tarkibida 4 nafar legioner bor. Fransiyalik legioner o‘rniga finlyandiyalik hujumchini qo‘shib oldi. Bu futbolchini ham o‘rganib chiqdik. Sentabr oyida Finlyandiya terma jamoasiga ham chaqiruv oldi. Bir so‘z bilan aytganda raqib tajribali legionerlarga ega.

- Ertagi bahsda tezkor gol ko‘p narsani hal qilishi mumkin. Shunday ekan jamoaingiz qanday uslubda o‘ynaydi? Hujumkormi yoki natijani o‘ylagan holda ehtiyotkormi?
- Ertangi o‘yin ikkala jamoa uchun birinchi navbatda natija muhim. Sababi bitta o‘yin barchasini hal qiladi. Tarkibimizda o‘yinni hal qila oladigan o‘yinchi yo‘q, shu bois jamoaviy o‘yin ko‘rsatishimiz kerak. Birinchi gol uramizmi yoki bahs oxirida gol uramizmi farqi yo‘q. Asosiysi g‘alaba uchun maydonda bor mahoratimizni ishga solishimiz kerak.

- Husniddinga savol: Hozir "Nasaf"dagi ichki muhit qanday?
Husniddin Aliqulov: - Jamoada kayfiyat a’lo darajada. Ertangi bahsga hamma tayyor. Nasib qilsa bir bo‘lib g‘alaba qozonamiz deb o‘ylayman.

- OFK kubogida munosib ishtirok etish uchun zaxira o‘rindig‘i uzun bo‘lishi kerak. Agar oldingizni tanlov bo‘lganida qay birini tanlagan bo‘lardingiz: Superligada ikkinchi o‘rinni olish yoki OFK kubogini qo‘lga kiritish?
- (kuladi) Ajoyib savol bo‘ldi. Savolingizni tushundim. Agar haqiqatni aytadigan bo‘lsak ko‘proq e’tiborimiz OFK kubogiga qaratilgan. O‘yinlar ko‘rsatmoqdaki musobaqada g‘olib bo‘lishimiz mumkin. Albatta bu oson bo‘lmaydi. Bekorga gapimni boshida raqiblar jiddiylashib bormoqda deb aytmadim. Har bir bosqichda raqib kuchayib boraveradi. Agar tanlash imkoniyati bo‘lganida ikkalasiga ham harakat qilardik. Balki savolingizni aniq javob bermagandirman, ammo javobimdan qisman qoniqdingiz deb o‘ylayman.

- "Ahal" bilan o‘yinda jamoa ikki to‘p farqi bilan oldinga chiqib olganida biroz bo‘shashgandi va hisob tenglashgandi. Bo‘lajak raqib bilan bahsdan oldin mensimaslik holati yo‘qmi?
Husniddin Aliqulov: - Albatta jamoani maydonga hurmat qilib tushamiz.

Ro‘ziqul Berdiyev: - Faqat "Ahal" bilan emas guruh bosqichida ham shunday holat bo‘lgandi, biroq o‘shanda raqiblar gol ura olishmagandi. Jamoani ruhiy holatini me’yorida olib borish kerak.

- OAVda rahbariyat futbolchilarni rag‘batlantirish borasida kamchilikka yo‘l qo‘ygani haqida xabarlar chiqqandi. Hozir bu kamchiliklar bartaraf qilindimi?
- Bizda rahbariyat bilan hech qanday janjalli holat bo‘lmagandi. Yozilgan barcha narsa ham rost emasdi. Yozishdan oldin o‘sha jarayonda bo‘lishing kerak va barchasidan xabardor bo‘lishing kerak. Taxmin qilib yozish to‘g‘ri emas.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: "Ertangi g‘alabamiz O‘zbekiston uchun katta foyda bo‘lishi mumkin"
[/banner_pushhouse