08:28 / 05.10.2021
1 461

MDH davlatlari nega paralimpiadada yozgi olimpiadadan yaxshiroq qatnashadi?

MDH davlatlari nega paralimpiadada yozgi olimpiadadan yaxshiroq qatnashadi?
Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi prezidenti braziliyalik Endryu Parsons O‘zbekistonga amalga oshirgan uch kunlik tashrifi davomida Samarqand shahrida ham bo‘ldi. Ko‘hna shaharning diqqatga sazovor joylariga sayohat qilgan janob Parsons Kun.uz muxbirining savollariga javob berdi.

– Janob Parsons, O‘zbekistonga birinchi marta keldingiz, taassurotlaringiz qanday?
– Juda yaxshi. O‘zbekistonni paralimpiya o‘yinlaridagi muvaffaqiyatli ishtiroki orqali bilardim. Bu davlat qanday qilib bunday muvaffaqiyatga erishayotgani, mamlakatda paralimpiya harakati qanday rivojlanayotganini bilish uchun bu yerga kelishim va millatning tarixi bilan tanishishim foydali bo‘ldi.

– Oxirgi ikki paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston muvaffaqiyatli qatnashdi. Qaysi ishlar to‘g‘ri qilinyaptiki, natijalar bu qadar yaxshi deb o‘ylaysiz?
– Bu borada ikki asosiy omil bor: hukumat qo‘llab-quvvatlovi hamda milliy paralimpiya qo‘mitasining harakati. O‘zbekistonda bu ikki omil bir-birini to‘ldira olyapti. Hukumat kerakli sharoitlarni qilib bergan va milliy paralimpiya qo‘mitasi qaysi harakat yo‘nalishi to‘g‘ri ekanini biladi. Asosiysi tizim bor va atletlarni aniqlash bo‘yicha yaxshi ishlashmoqda. O‘zbekiston paralimpiya harakati to‘g‘ri yo‘lda ekani Tokioda ko‘plab medallar qo‘lga kiritilishi orqali ko‘rindi. Rivojlantirish kerak bo‘lgan narsalar ham bor. Masalan, ko‘proq sport turlari bilan shug‘ullanishni yo‘lga qo‘yish kerak.

– Belarus, Ukraina, O‘zbekiston kabi MDH davlatlari oddiy olimpiada o‘yinlariga qaraganda paralimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatliroq ishtirok etadi. Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, nega shunday?
– Bu borada aniq farqni aytish qiyin, lekin yuqorida aytganimdek barchasi hukumatning e’tibori va milliy paralimpiya harakatiga bog‘liq. Har qancha g‘alati bo‘lmasin, paralimpiya harakati oddiy sportdan o‘zgacha rivojlanish yo‘nalishiga ega bo‘lishi, boshqacha darajada rivojlanishi mumkin. Shuningdek, aholining alohida qatlamiga jiddiy e’tibor qaratish orqali ham muvaffaqiyatga erishish imkoni bor.

Sobiq ittifoq davlatlari orasida O‘zbekiston yetakchilardan biri. Shuningdek, Ozarboyjon ham yaxshi. Masalan, Ukrainada paralimpiyachilar uchun bir nechta maxsus shug‘ullanish markazlari tashkil etilgan va bu muvaffaqiyat omili bo‘lib xizmat qilmoqda.

– Xalqaro paralimpiya qo‘mitasining O‘zbekistonda qandaydir rejalari bormi?
– Bu borada qator muzokaralarda qatnashdik. O‘zbekistonga paralimpiya harakatini rivojlantirish uchun turli xil rejalar orqali yordam berishimiz mumkin. Shuningdek, yirik musobaqalarni O‘zbekistonga berish orqali ham mamlakatdagi paralimpiya harakatini qo‘llashimiz mumkin. Katta musobaqalar mezbonligi mamlakatdagi paralimpiya infratuzilmasiga ijobiy ta’sir qiladi.

O‘zbekiston paralimpiya harakati juda to‘g‘ri yo‘ldan bormoqda va qolgan mamlakatlar ham bu ishlardan xabar topishi kerak deb o‘ylaymiz. Shu maqsadda bu yerda bosh assambleyaning turli xil uchrashuvlarini O‘zbekistonda o‘tkazishimiz mumkin. Bu yerdagi hukumatning sportga, xususan, aholining alohida qatlam vakillariga e’tibori nafaqat Markaziy Osiyoda, balki dunyoda ham namuna qilib ko‘rsatgulik. Shu sababdan bu yerda tashkilotimizning uchrashuvlarini o‘tkazish orqali boshqalarga ham O‘zbekiston tajribasini ko‘rsatmoqchiman.

O‘tkir Jalolxonov suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » MDH davlatlari nega paralimpiadada yozgi olimpiadadan yaxshiroq qatnashadi?