18:45 / 11.10.2021
2 093

Olimpiadada men yutishim kerak edi, Prezidentimizning shaxsan o‘zi motivatsiya berdi — Tursunoy Rahimova bilan intervyu

Olimpiadada men yutishim kerak edi, Prezidentimizning shaxsan o‘zi motivatsiya berdi —  Tursunoy Rahimova bilan intervyu
Bizning bu galgi suhbatdoshimiz boks bo‘yicha Tokio Olimpiadasi ishtirokchisi, O‘zbekiston chempioni, bir necha xalqaro musobaqalar g‘olib va sovrindori Tursunoy Rahimova.

Iste’dodli sportchimiz Tokio Olimpiadasidagi nohaqliklar, Prezident bergan motivatsiya, hijob o‘rashining sababi, oilaning boksdan ustunligi haqida fikr bildirdi.

Assalomu alaykum! Eng avvalo savollarimga javob berishga rozi bo‘lganligingiz uchun rahmat. Birinchi bo‘lib Tokio Olimpiadasi hayajoni bilan bo‘lishsangiz...
— Assalomu alaykum. Olimpiada haqida gapiradigan bo‘lsam, medal ololmadim, lekin bundan sira xafa emasman. Negaki, O‘zbekistonga qaytishimiz bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev meni "Jasorat" medali bilan taqdirladi, xalqimiz iliq so‘zlar va yorug‘ yuz bilan kutib oldi. Bahslar vaqtida juda hayajonlandim. Birinchi jangda g‘alaba qozondim va ikkinchisida raqibimga 2:3 hisobida imkoniyatni boy berdim. Jangda men yutishim kerak edi. Lekin raqibimning qo‘li yuqoriga ko‘tarildi va u finalga chiqdi. Bundan biroz stressga tushdim. Ammo hozir bular ortda qoldi va Jahon chempionatiga tayyorlanmoqdaman.

Shu haqida to‘xtalib o‘tsangiz. Nohaqlik sabab final yo‘llanmasiga ega chiqa olmadingiz?
— To‘g‘risi, boksda nohaqliklar juda ko‘p bo‘lib turadi. Eshkak eshish, yugurish kabi sport turlarida bunday qing‘irliklar deyarli bo‘lmaydi. Boksda esa hakamlar qarori katta rol o‘ynaydi. Men bu kabi holatlarga deyarli o‘rganib ham qoldim. Qolaversa, Olimpiadadagi mag‘lubiyatim menga ko‘p narsalarni farqlab berdi, kim do‘st-u, kim dushman ekanini bilib oldim. Endi shunga qarab harakat qilaman.

Bugun sizga eng katta yordam berayotgan inson kim? Zotan do‘st-u dushmanni ajratib olishga erishibsiz.
— Faqat ota-onam. Ulardan boshqa hech kim do‘st bo‘la olmas ekan. Olimpiadani yutmaganimda rosa siqilgandim. Bilasizmi, bugun bu behikmat bo‘lmaganini tushundim va hammasiga shukur qildim.

Shu o‘rinda taniqli bokschi Tursunoy Rahimovaning ota-onasi haqida aytib o‘tsangiz?
— Ota onam dunyoda yagona, ularni judayam qattiq yaxshi ko‘raman. Boksdagi faoliyatimning sababchilari ham ular. Ota-onamni yaxshi yedirib-ichirsam, yaxshi kiydirsam va ular yaxshi yashasa, shuni o‘zi yetadi menga. O‘g‘il farzand yo‘qligini bildirmaslikka harakat qilyapman.

Bugungi darajaga yetishingizda qaysi murabbiyning o‘rni beqiyos? Xalqimizda "ustoz otangdek ulug‘", degan gap bor...
— Mening birinchi murabbiyim Qahhor Umarov. Undan keyin Dilmurod Azizovich bilan ishlaganman va hozirgi kunda terma jamoa katta murabbiyi Elshod Rasulov qo‘l ostida shug‘ullanyapman.

Muxlislarimiz biladiki, bizga bergan avvalgi intervyungizdan so‘ng hijob o‘radingiz, biz bilmaydigan yana qandaydir o‘zgarishlar bo‘ldimi?
— Men arab harflarini, Qur’oni Karimni o‘qishni o‘rgandim. Alhamdulillah, hozir Tafsirini o‘rganyapman. Hijob oyatlarini o‘qib, jim tura olmadim va o‘radim.

Olimpiada chempioni bo‘lsam, faoliyatimni yakunlayman, degan edingiz. Bu qaroringiz hali ham o‘z kuchidami?
— Olimpiadadan keyin yakunlayman, degan edim. Bilasizmi, Prezidentimiz o‘zlari "Jasorat" medalini taqib, "Tursunoy qizim, to‘xtab qolma, albatta, chempion bo‘lishing kerak!", deb aytganlaridan keyin yana qaytishga qaror qildim. Bu menga katta motivatsiya berdi.

Qaytganingizda ilk bor nima haqida o‘yladingiz, Olimpiada yoki Jahon chempionati?
— Jahon chempionatini o‘yladim. Olimpiada haqida hali o‘zim ham bilmayman.

Bugun sportchi emas qiz sifatida o‘ylab ko‘rsangiz, nimani o‘zgartirgan bo‘lar edingiz?
— Nimanidir o‘zgartirish meni qo‘limda emas. Men ota-onam uchun harakat qilishim kerak. Bu menga yoqadimi, charchaymanmi yoki yo‘qmi, bu qiziqmas. Pul topishim, ishlashim va harakatdan to‘xtamasligim kerak. Chunki ota-onamning boquvchisiman. Ular keksayib qolishdi va maqsadim bitta: ularga yaxshi sharoit yaratib berish. Bu maqsadimga qaysidir ma’noda erishdim.

Barchaga ma’lumki, yurtimizda ayollar sporti chet davlatlariga nisbatan biroz ortda bormoqda. Tizimda qandaydir xatolik bor deb o‘ylaysizmi? Chunki xalqimizda ayol kishini uyda o‘tirib, uy ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishini istaydigan insonlar ham yo‘q emas.
— Gapingiz to‘g‘ri, biz biroz ortda qolganmiz. Ayollar boksidagi ilk qaldirg‘ochlar biz edik. O‘ylaymanki, yana 5-6 yilda erkaklardan ham oldinga o‘tib olamiz. Bizda juda kuchli qizlar borligini ko‘rib turibman. Shuningdek, g‘alabalarimizni ko‘rgan insonlar iliq fikrlar bildirmoqda va ko‘pchilik qizlarini sportga berishdan qo‘rqmayapti.

Olimpiada va Jahon chempionatida qatnashish uchun havaskor bokschi bo‘lishingiz kerak. Biz sizni professional boksda ham ko‘rishimiz mumkinmi?
- Takliflar bo‘ldi. Lekin oldindan bir nima deb aytolmayman. Chunki yuqorida aytganimdek, Olimpiadadan keyin faoliyatimni yakunlamoqchi edim. Prezidentimiz "davom et, qizim", deganlaridan so‘ng yana qaytdim. Ertaga nima bo‘lishini bilmayman. Vaqti kelsa, barchasi ma’lum bo‘ladi.

Muxlislar orasida sportga kirib kelish uchun tanish-bilish, pul kerak bo‘ladi, degan ba’zi gaplar yuradi. Bunga munosabatingiz qanday?
- Sportga kirib kelish uchun pul sarflamaganman. Olimpiada turkumidagi sport turlarining harajatlari Olimpiada Qo‘mitasi tomonidan to‘lab beriladi. Men boksga boshqa sport turidan kelib qo‘shilganman. Olimpiada turkumiga kirmaydigan sport turlarida esa pulingizni "shilvoladi". Taroziga chiqish uchun ham pul olishadi. Uyingizda qo‘yingiz, molingiz bormi hech qaysini qoldirmaydi. Boksda esa musobaqalar ham tekin, bahs tashkil qilib beraverishadi.

Ota-ona qizini boksga berishi qanchalik to‘g‘ri? Boksda mushaklar rivojlanadi va bu qizlar uchun biroz noodatiy ko‘rinadi. Bu haqda sizni fikringizni bilmoqchi edim.
- Agar kelajakda qizli bo‘lsam, boksga bermayman! Balki o‘zi juda qattiq qiziqsa, o‘ylab ko‘rishim mumkin. Chunki bu qondan qonga o‘tishi mumkin. To‘g‘ri, shug‘ullanganda mushaklar rivojlanadi. Lekin menga o‘xshagan ozg‘in qizlarda bu bilinmaydi. Ba’zan sochni qirqib o‘g‘il bolaga o‘xshashga harakatlar ham bo‘ladi, lekin bu uydagi tarbiyaga ham bog‘liq.

Olimpiada yakunlangandan so‘ng muvaffaqiyatli ishtirok etgan sportchilar taqdirlandi. Muxlislar orasida shuncha harajat qilish shartmidi, degan gaplar bo‘ldi. Bunga munosabatingiz qanday?
- Tomosha qilib turgan odamga aytish oson. Ringga kelib bitta jang o‘tkazishning mashaqqatini bilishmaydi. Agar oson bo‘lsa, kelishsin, ular ham zalda tayyorlanishsin. O‘zi biror natijaga erisha olmaydi-da, faqat gapirishni bilishadi. Ularga e’tibor bermaslik kerak.

Boksda erishgan eng katta yutug‘ingiz nima?
- Xudoga shukur, xalqaro musobaqalarda qatnashdim. Lekin bularni boksda erishgan eng katta yutug‘im, deb ayta olmayman. Chunki Osiyo o‘yinlari va Olimpiadada qantnashish ham men uchun baxt. Masalan, bu hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi.

Turmush qurish yoki boksdan birini tanlashingiz kerak bo‘lsa, siz qaysi yo‘lni tutasiz?
- Agar menda shunday tanlov bo‘lsa, turmushni tanlayman. Qachonki, meni baxtli qila oladigan insonni uchratganimda, shunday qilishim mumkin. Hozir esa boksdagi faoliyatimni davom ettiraman.

Javoblaringiz uchun tashakkur, Tursunoy. Faoliyatingizda omad tilayman. Xudo xohlasa, Jahon chempioni bo‘lganingizda ham saytimiz mehmoni bo‘lasiz.
- Rahmat. Ilohim aytganingiz kelsin.

Dilnoza Mustafoqulova suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Olimpiadada men yutishim kerak edi, Prezidentimizning shaxsan o‘zi motivatsiya berdi — Tursunoy Rahimova bilan intervyu