
Xitoyning “Tyangun” orbital stansiyasida joylashgan “Shenchjou-21” ekipaji rejadagi muddatda Yerga qayta olmadi. Bu haqda “China Manned Space Agency” (CMSA) ma’lum qildi. Sabab sifatida qaytish kapsulasiga kosmik chiqindilarning mikroskopik bo‘laklari urilgani aytiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 5-noyabr kuni uch nafar astronavtni o‘z ichiga olgan “Shenchjou-21” jamoasi Yerga qaytishi kerak edi. Biroq qaytish modulidagi zarar tufayli muhandislar xavf tahlilini boshlab, missiyani noma’lum muddatga uzaytirishga qaror qilgan. Hozircha aniq sanalar va texnik holat haqida qo‘shimcha ma’lumot berilmagan.
Olimlar va mutaxassislar kapsulaga urilgan chiqindilarning o‘lchami juda kichik bo‘lganini, lekin bu ta’sir konstruksiyaning xavfsizligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Agar modulni ta’mirlash imkoni bo‘lmasa, protokolga ko‘ra “Shenchjou-20” ekipaji “Shenchjou-21” kemasi orqali Yerga qaytishi mumkin.
Oddiy sharoitda “Shenchjou” dasturining har bir missiyasi yarim yillik bo‘lib, astronavtlar “Tyangun” stansiyasida ilmiy tajribalar o‘tkazadi, uskunalarni xizmatdan o‘tkazadi hamda orbita atrofida to‘plangan chiqindilarni yo‘qotish bo‘yicha ishlar olib boradi.
Joriy yilning 1-noyabrida “Shenchjou-21” ekipaji — Chjan Xongjang, U Fey va Chjan Lu muvaffaqiyatli ravishda stansiyaga yetib borgandi. Ular Xitoyning navbatdagi ilmiy missiyasi doirasida faoliyat boshlagan edi.
“Associated Press” va “Reuters” ma’lumotlariga ko‘ra, orbitada hozirgi missiyagacha bo‘lgan “Shenchjou-20” astronavtlari — komandir Chen Dong, uchuvchi Chen Chjunjuy va muhandis Van Jie aprel oyida “Tyangun” stansiyasiga jo‘natilgan. Ular o‘z navbatdagi xizmat muddati yakuniga yaqinlashganda mazkur texnik muammo yuzaga kelgan.
Eslatib o‘tish joiz, Xitoyning “Chanchjen-2F” raketa tashuvchisi “Shenchjou-21” kemasini uchirganida uning bortida uch astronavt bilan birga to‘rtta ilmiy sinov uchun mo‘ljallangan sichqon ham bo‘lgan.
Bu voqea Xitoyning inson boshqaruvidagi kosmik dasturi tarixi uchun jiddiy sinov bo‘lmoqda. Mamlakat so‘nggi yillarda o‘zining mustaqil orbital stansiyasini barpo etdi va 2030-yilgacha Oyga astronavt jo‘natishni maqsad qilgan. Orbitadagi bu kechiktirilgan missiya esa kelgusi marhalalarda xavfsizlikni yanada mustahkamlash zarurligini ko‘rsatmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!