
Hollivud yulduzi Makoley Kalkin mashhur “Uyda yolg‘iz” filmidagi Kevin Makkallister rolini yana bir bor ijro etdi. Bu safar u katta yoshdagi Kevin sifatida qariyalar uchun parvarish xizmatini targ‘ib qiluvchi reklama videosida ishtirok etdi.
Aktyorning bu harakati butun internetni qo‘zg‘atdi — chunki bu obraz uni 1990-yillarda jahon miqyosida tanitgan edi. O‘sha paytdagi kichik Kevinning uyni o‘g‘rilardan himoya qilishdagi hazilomuz ayyorliklari va topqirligi butun avlod uchun ramzga aylangandi.
Yangi rolik komediyaning 35-yilligi munosabati bilan suratga olingan. Endi Kevin bolaligidagidek beg‘ubor qahramon emas — u katta bo‘lgan, onasiga g‘amxo‘rlik qilayotgan mehribon o‘g‘il sifatida namoyon bo‘ladi. U “Onam uchun xavfsizlik rejasi” nomli xarita tayyorlab, uydagi har bir ehtimoliy xavfni aniq belgilaydi.

Bir sahnada u pufakchali plyonkani yig‘ishtirar ekan, telefonda shunday deydi:
“Men faqat onamning yolg‘izligidan xavotirdaman. Agar u yiqilib tushsa yoki uni qor bosib qolsa-chi?”
Rolikda bolalikdagi “qo‘rqinchli qariya” Marli obrazi ham bilvosita qaytib keladi — bu safar uning nabirasi ko‘rinishida. U Kevinga onasi bilan samimiy suhbat qurish, o‘z hislarini yashirmaslik haqida maslahat beradi.
Kalkinning bu reklamadagi chiqishi nafaqat nostalgiya, balki aktyorning yangi bosqichdagi ijodiy qayta tug‘ilishi sifatida ham baholanmoqda. Chunki u so‘nggi yillarda ekranlarda kam ko‘ringandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, aktyor yaqinda chiqishi kutilgan “Follaut” seriali ikkinchi mavsumida mutlaqo yangi — antagonist obrazida namoyon bo‘ladi. Shu bilan u bolalik davridagi qahramonlik obrazidan butunlay boshqacha yuz bilan qaytishga hozirlanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!