13:16 / 04.11.2021
1 891

Abdumalik Halakov: "Ayrim joylarda nohaq qarorlarga ko‘zim tushmoqda" (intervyu)

Abdumalik Halakov: "Ayrim joylarda nohaq qarorlarga ko‘zim tushmoqda" (intervyu)
Ayni damda Serbiyaning Belgrad shahrida bo‘lib o‘tayotgan Jahon chempionati yarim final ishtirokchisi Abdumalik Halakov bilan SPORTS.uz sayti jurnalistlari uyushtirtgan intervyuni e’tiboringizga havola etamiz.
- Qur’a sizga qulay kelgani rostmi?
- To‘g‘risi, bunga umuman e’tibor qaratmayman. Bir qaradim yaponiya, kuba va Rossiyalik bokschilar bor edi. Nasib qilsa, hammasidan o‘taman dedim. Aslida, qur’a to‘liq omadga bog‘liq. Kuba a’zosi mag‘lubiyatga uchradi va rossiyalik bokschi bilan to‘qnash keldim. Maqsadim faqat oltin medal.

- Yoshlar o‘rtasidagi turli musobaqalarda ishtirok etib oltin medalga ega bo‘lgansiz. Aytingchi, kattalar o‘rtasida ishtirok etayotgan Abdumalik va yoshlar bilan kuch sinashgan Abdumalik o‘rtasida qanday farq bor?
- Farq katta emas, ammo u bor. Hozir jismonan va texnik jihatdan o‘sdim. Yoshlikdagi xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqargan murabbiylar men bilan ishlashda davom etmoqda. Ularga buning uchun minnatdorchilik bildiraman.

- Nima uchun stilingiz bunday? Bu raqiblarning asabiga tegmaydimi?
- Menga bu savolni juda ko‘p bor berishgan. To‘g‘risi, bu hech qanday maqtanchoqlik yoki raqibni masqara qilish emas. Boshqacha boks tushsam, zavq olmayman. Natijada, jangni boy berishim mumkin. Yoshlikdan shunday uslubda harakat qilaman. Bir bundan voz kechmoqchi ham bo‘ldim, ammo buni to‘g‘rilashni imkoni yo‘q. Aslida, buni kamaytirishga harakat qilyapman, ammo hozircha katta yutuqlarga erishganim yo‘q.

- Nima uchun janglardan so‘ng, saltoni amalga oshirasiz? Bu nimani anglatadi?
- Jang davomida kuchli hayajon bo‘ladi. Referi g‘olibni e’lon qilgach ham bu his meni tark etmaydi. Bitta salto va qarabsizki jang yakunlanganini ruhan his etaman. Shu tariqa, ringda barcha ortiqcha emotsiyalarni tashlab ketaman. Ba’zan bu urinishlarim omadsiz chiqib qolishi haqida sira o‘ylamayman. "G‘oliblar" muhokama qilinmaydi.

- Qaysi bokschilarning ringdagi harakatlari sizga manzur keladi?
- Boks olamida kumirim yo‘q. Shunga qaramay, Kubalik charm qo‘lqo‘p ustalarining harakatlaridan zavqlanaman. La Kruz, Endi Kruzlarning boks tushish stili juda ham chiroyli. Boks bu jang emas, u san’at. Ringda bor kuchi bilan mushtlashishga intiladigan sportchilar uzoq muddat faoliyat olib borishni uddalay olmaydi. Kuchli zarbalar keyinchalik o‘z asoratini ko‘rsatadi. Men birinchi navbatda zarba yo‘llagandan so‘ng, raqibning hamlasidan qochib qolishga intilaman. Bu mening boks stilimdagi birinchi omil.

- Hakamlar sizni jiddiy tarzda ogohlantirganda, biroz tushkun kayfiyatga tushib qolayotganga o‘xshaysiz. bu nima bilan bog‘liq?
- Ayniqsa, raqibim qo‘pol harakat qilsa ham meni ogohlantirishsa, biroz asabim buziladi. Bilasizmi, ustozim Davron aka bilan bu borada ham ishladik. Avvalari nohaqliklarni ko‘rsam, darrov reaksiya bildirar edim. Hozir e’tibor bersangiz, referilar bilan umuman san-manga bormay qo‘ydim. Qo‘lim ko‘ksimda, yuzimda tabassum. Ularga norozi ekanligingizni sezdirsangiz, bundan hech qanday naf yo‘q. Shu bois, ular bilan endi ishim yo‘q. O‘rtadagi hurmat yo‘qolmasligi kerak.

- Buxoroda boks bilan shug‘ullanishni boshlagach, biroz muddatdan so‘ng uni tashlab ketgan ekansiz. Toshkentga kelgach, yana sportga qaytingiz. Buning sababi nima?
- Buxoroda viloyat chempionligini qo‘lga kiritgach, negadir boksdan bezib qoldim. Keyin Toshkentga ko‘chib keldik. Dadam bilan ko‘p vaqt o‘tkaza boshladim. Ana shunday kunlarning birida, ular menga yana boks bilan shug‘ullanishim kerakligini aytdilar. Kelajakda ulkan maqsadlarga erishish uchun bugun mehnat qilish kerakligini ta’kidladilar.

- Sizning jang qilish stilingiz professional boksga mos tushadimi?
- Bu haqida hech ham o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Menga bir necha bor takliflar bo‘lgan, ammo bu umuman boshqa olam. U yerda zarbalarning soni emas, uning salmog‘i muhim. Shoumenlik qilish bilan birgalikda, raqiblarni chuqur nokautga tushirishni ham bilish shart. Shu bois, hozir bu haqida fikr bildirmoqchi emasman.

- Jahon chempionatimizni kuchli va nomdor bokschilarimiz tark etmoqda. Ularning ketishi yoshlarni yangi darajaga ko‘tarilishi uchun imkoniyatmi?
- Barcha bokschining o‘z davri bo‘ladi. Biz akalarimizga havas qilib bu sport bilan professional tarzda shug‘ullanishni boshlaganmiz. Ular bizni to‘liq qo‘llab-quvvatlashadi. Yig‘inlarda gaplashib qolsak, doimo yulduzli onlarimiz kelganini, bunday imkoniyat keyin bo‘lmasligini aytishadi. Bu hayot. Bir necha yildan so‘ng, biz ham ular singari keyingi avlod vakillarini qo‘llab-quvvatlashimiz aniq. O‘zbekistonda raqobat kuchli. Bitta bokschi bilan sportimiz to‘xtab qolmaydi.

- Qaysi bokschimizning ishtirokini erta yakunlashi sizni hayron qoldirdi?
- Miraziz Mirzahalilov. Ular bilan ko‘p bor sparring tushganmiz. Miraziz akamning imkoniyatlarini yaxshi bilganim uchun, bu darajada erta turnirni tark etishlari tasavvur ham qilmagan edim. Janglarini tomosha qildim. To‘g‘ri, bahsli vaziyat, lekin mag‘lubiyatga loyiq emas edilar. Birinchi jangdan o‘tib olish juda muhim. Afsus, bu safar nasib etmadi.

- E’tibor berib qaraymiz, doimo bokschilarimiz mag‘lubiyatga uchraganidan so‘ng, siz ringga ko‘tarilyapsiz. Bu ruhiy bosim yuklaydimi?
- Yo‘q. Aksincha, motivatsiya beradi. Ularning alamli mag‘lubiyatini ko‘rgach, hakamlarga hech qanday imkoniyat qoldirmaslikka harakat qilyapman. Nasib qilsa, O‘zbekistonda yorug‘ yuz bilan qaytishni niyat qilganmiz.

- Jahon chempionatidagi hakamlik borasida fikringiz qanday? Bizni jangchilarga nisbatan adolatsiz qarorlar chiqarilyaptimi?
- Ayrim joylarda nohaq qarorlarga ko‘zim tushmoqda. Misol uchun Shahram G‘iyosovning jangini olaylik. Ikki bor qozog‘istonlik bokschi zarbadan so‘ng muvozanatni yo‘qotganiga qaramay, referi hisobni ochgani yo‘q. Bunaqa vaziyatlar juda ko‘p bo‘lmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abdumalik Halakov: "Ayrim joylarda nohaq qarorlarga ko‘zim tushmoqda" (intervyu)