Kollaj: Kun.uz
O‘zbekistonliklarga o‘z telefon raqamlarini o‘zgartirmagan holda uyali aloqa kompaniyasini o‘zgartirish imkoniyati berilishi haqida ilk marta va’da berilganiga ham 5 yil bo‘ldi. Ikki yil oldin bu borada hatto normativ hujjat ham qabul qilingan va u chang bosib yotibdi. Va’daboz AKT vazirligi qimirlashi uchun prezident yo administratsiyadan dakki eshitishi shartmi?
2017 yilda “O‘zbektelekom” AK sobiq bosh direktori Shuhrat Qodirov O‘zbekistonda “mobil qullik” deb ataluvchi holat o‘sha yil oxirigacha bekor qilinishi mumkinligini aytgan edi.
“Mobil qullik”ning bekor qilinishi – O‘zbekistonning istalgan uyali aloqa kompaniyasi abonenti o‘zining telefon raqamini saqlab qolgan holda boshqa kompaniyani o‘zgartirishi mumkin bo‘lishini anglatadi.
O‘sha paytda Qodirov oxirgi 3-4 oy davomida bu mavzuning “O‘zbektelekom” va asosiy mobil kompaniyalar darajasida muhokama qilinishi faollashganini ma’lum qilgandi.
Yana yillarga cho‘zilgan tartib
Shundan keyin, prezidentning 2018 yil 14 maydagi qarori 5-bandida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga 2018 yil yakuniga qadar mobil aloqa tarmog‘i abonenti boshqa mobil aloqa tarmog‘iga o‘tganda telefon raqamini saqlab qolish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi yuklatilgan edi.
Bu topshiriq 2018 yil yakunida emas, oradan salkam 2 yil o‘tib bajarildi. Adliya vazirligida 2020 yil 30 iyun kuni ro‘yxatga olingan hujjatga ko‘ra, 2020 yil 1 oktabrdan e’tiboran, masalan UzMobile abonenti telefon raqamini o‘zgarishlarsiz aynan shu ko‘rinishda (kodi bilan birga) Beeline abonenti sifatida rasmiylashtirishi mumkin bo‘ldi.
Yana mavhumlik…
2020 yilda 1 oktabrdan boshlab abonentlar boshqa uyali aloqa kompaniyasini tanlaganda ham telefon raqamini saqlab qolishi mumkin bo‘lishi haqida xabarlar tarqalgach, Kun.uz bu masalada AKT vazirining matbuot kotibi Sherzod Ahmadov bilan bog‘langandi.
Ahmadov o‘sha paytda 1 oktabrdan mobil telefon raqamini saqlagan boshqa kompaniyaga o‘tish mumkinligi haqiqatdan yiroq ekanini aytgan, lekin bunday imkoniyat “yaqin kelajakda paydo bo‘lishi kutilayotgani”ni bildirgandi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda bu kabi gap-so‘zlarning tarqalishiga Telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani, hujjatga ko‘ra, mobil aloqa operatori o‘zgarganda raqamlari o‘zgarmay qolishi haqidagi xabarlar sabab bo‘lgan. Mazkur normativ hujjat 31 iyul kuni qabul qilingan bo‘lsa-da, 1 oktabrdan kuchga kirishi belgilangan. Ya’ni hujjat kuchga kirdi deganda, unda keltirilgan xizmatlar ham o‘sha zahoti kuchga kirishi ko‘rsatilmagan”, – degandi u.
AKTV so‘zchisi 2020–2021-yillarda mobil aloqa operatorlari tomonidan zarur infratuzilma tayyorlangach, vazirlik ichki hujjatlari bilan tasdiqlangan rejaga ko‘ra, 2021 yil oxirigacha mazkur tizimni amaliyotga to‘liq joriy etish rejalashtirilganini qo‘shimcha qilgandi.
U hatto bu ishlar rejadan oldin ham bajarilishi mumkinligini aytgandi.
Ammo, lekin, biroq…
Normativ hujjat tasdiqlanib, AKT vazirligi tomonidan ishlar “rejadan oldin bajarilishi” haqida va’dalar berilganidan keyin ham 2 yil o‘tdi. Amaliyotda birorta mobil aloqa operatorlari o‘z abonentlariga bu xizmatni taklif qilganicha yo‘q.
Bu tabiiy hol, chunki biznesning eng oddiy qoidalariga ko‘ra ham kompaniya bu taklif bilan chiqib, o‘zining mijozlarini osongina boshqa kompaniyalarga o‘tib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi.
E’tiborga olish kerakki, bu tartib ixtiyoriy emas, balki majburiy xarakterga ega. Shu boisdan ham u so‘zsiz bajarilishi kerak.
Mobil aloqa kompaniyalari buni o‘zlaricha istashmasa, hujjatni qabul qilgan vazirlik bunga ularni majbur qilishi kerak. Ammo bu tartib joriy etilishidan vazirlik manfaatdor emasdek ko‘rinadi chog‘i, kuchga kirganiga qariyb 2 yil bo‘layotgan bo‘lsa-da, amalda hamon ishlamay yotibdi.
Endi savollar tug‘iladi: o‘zi bu hujjat nima uchun qabul qilingandi?
Shunchaki “xo‘jako‘rsin”ga, qog‘ozda bormi, bor qabilida ish tutishdan kimga qanday naf? Nahotki buni amalda joriy etib bo‘lmasa?
Shunchalar qiyin jarayon bo‘lsa, odamlar qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirish kerak kerak edi?
Tartibning prezident belgilagan muddatdan qariyb 2 yil kechikib tasdiqlangani o‘z yo‘liga, ammo uning amalda ishlamasligi (ishlatilmasligi) yaxshi ish emas, albatta.
Mobil qullik…
Mobil qullik o‘zi nima deya tasavvur qila olmayotgan o‘quvchiga buni birgina misol bilan tushuntiramiz. Jurnalist va bloger Elmurod Ermatov yozmoqda:
“Noningni halolla ... (nuqtalar o‘rnida aloqa kompaniyasi nomi – tahr.)! Eng rasvo uyali aloqa operatori – ..., menimcha!
Internet ham, aloqa ham nol. “Raqamimizni hamma bilgani uchun chiqib keta olmaymiz”, deydi hamma. Hozir ham birovga ulana olmay go‘layib o‘tiribman. ... dan norozi bo‘lmagan kliyent bormi?”
Agar bu tartib amalda ishlasa, abonent (simkarta egasi) birgina kodni yuborish bilan sifatsiz aloqa xizmatlaridan voz kechib, sifatliroq xizmat ko‘rsatadigan boshqa kompaniya mijoziga aylanishi mumkin.
Bu kabi “tark etish”larni ko‘rayotgan mobil aloqa kompaniyalari ham o‘z mijozlarini saqlab qolish uchun faol raqobatga kirishadi va eng avvalo sifatni ta’minlash ustida doim bosh qotiradi.
Madina Ochilova
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Xonanda Ruxshona uylanmagan yigitga turmushga chiqqani haqida so‘zlab berdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Italiyada ekofaollar norozilik ramzi sifatida IIV binosi qarshisiga go‘ng to‘kdi