Rossiya janubida 100 MW quvvatli energiya saqlash tizimlari quriladi

Rossiya Energetika vazirligi mamlakat janubida umumiy quvvati 100 MW bo‘lgan qo‘shimcha energiya saqlash tizimlarini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Ushbu loyihani amalga oshirish muddati kelgusi yil yoki 2026-yilning oxirigacha deb belgilangan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Energetika vaziri o‘rinbosari Yevgeniy Grabchakning taʼkidlashicha, mazkur tizimlar elektr tarmog‘idagi yuklamalarni muvozanatlash va ayniqsa, eng yuqori isteʼmol davrlarida elektr taʼminoti barqarorligini oshirish uchun xizmat qiladi. Loyihani amalga oshirish jarayoni ko‘plab texnik omillarga bog‘liq bo‘lib, ishlar bosqichma-bosqich olib borilmoqda.
Loyiha ijrochisi sifatida «Rosseti» kompaniyasi ko‘rilmoqda, chunki ular mintaqada energiya saqlash qurilmalari bo‘yicha tajribaga ega va tayyorgarlik ishlarini boshlab yuborgan. Mutaxassislarning fikricha, ushbu tizimlarni barpo etish anʼanaviy elektr stansiyalarini qurishdan ko‘ra ancha arzonroqqa tushadi.
Avvalroq Krasnodar o‘lkasida yozgi mavsum boshiga qadar elektr energiyasiga bo‘lgan talabni barqarorlashtirish maqsadida 250 MW quvvatli saqlash tizimlarini ishga tushirish rejalashtirilgani xabar qilingan edi. Bu choralar mintaqadagi energiya tizimining ishonchliligini sezilarli darajada oshirishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!