Moto G37 Power: 3 kunlik quvvat va harbiy darajadagi mustahkamlik

Motorola kompaniyasi o‘zining hamyonbop smartfonlar turkumini yangi Moto G37 Power modeli bilan boyitdi. Qurilmaning asosiy jihati 7000 mA/soat sig‘imli akkumulyator bo‘lib, u bir marta quvvatlanganda uch kungacha ishlash imkonini beradi. Shuningdek, 33 W quvvatga ega TurboPower texnologiyasi va Battery Care funksiyasi batareya umrini 1200 ta quvvatlash sikligacha uzaytiradi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Smartfon MediaTek Dimensity 6400 chipi negizida ishlaydi va 6,7 dyuymli, 120 Hz yangilanish tezligiga ega HD+ LCD displey bilan jihozlangan. Ekran 1050 nit yorqinlikni taqdim etadi va Smart Water Touch texnologiyasi tufayli nam barmoqlar bilan ham bemalol boshqariladi. Operativ xotira 8 GB gacha, ichki xotira esa 128 GB gacha hajmga ega.
Foto va video imkoniyatlari uchun 50 megapikselli asosiy kamera o‘rnatilgan bo‘lib, u sun’iy intellektga asoslangan AI Magic Eraser va Photo Unblur kabi tahrirlash vositalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Old kamera esa 8 megapikselli sensorga ega. Qurilma Dolby Atmos va Hi-Res Audio texnologiyali stereo dinamiklar, shuningdek, 3,5 mm li quloqchin uyasi bilan ta’minlangan.
Qurilma Corning Gorilla Glass 7i himoya oynasi, MIL-STD-810H harbiy standarti va IP64 namlik hamda changdan himoya darajasiga ega. Dasturiy ta’minot sifatida Hello UI interfeysiga ega Android 16 tizimi o‘rnatilgan. Moto G37 Power smartfonining narxi 165 dollardan boshlanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!