Quyosh energiyasi 2035-yilga kelib yetakchiga aylanadi, ammo AI maʼlumotlar markazlari qazib olinadigan yoqilgʻiga talabni saqlab qoladi

BloombergNEF hisobotiga koʻra, quyosh energiyasi kelgusi oʻn yillikda koʻmir, neft va tabiiy gazni ortda qoldirib, elektr energiyasining asosiy manbaiga aylanadi. Bu oʻzgarish sunʼiy intellekt (AI) texnologiyalarining rivojlanishi va sanoatning toʻliq elektrlashtirilishi fonida yuz bermoqda. Mutaxassislarning fikricha, quyosh panellarining arzonlashuvi uni iqtisodiy jihatdan eng jozibador variantga aylantirmoqda. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Shunga qaramay, AI maʼlumotlar markazlari uzluksiz energiya taʼminotiga muhtoj boʻlgani sababli, koʻmir va tabiiy gaz 2050-yilgacha ushbu markazlar uchun zarur boʻlgan energiya balansining 51 foizini taʼminlashi kutilmoqda. Texnologiya kompaniyalari qaysi energiya manbalari kelajakda ustunlik qilishini belgilovchi asosiy omilga aylanmoqda.
Biroq, bu prognozlar qatʼiy emas. Google kabi gigantlar Form Energy kompaniyasining yirik akkumulyatorlariga sarmoya kiritib, energiya saqlash texnologiyalarini rivojlantirmoqda. Shuningdek, geotermal va yadro energetikasi ham maʼlumotlar markazlarini energiya bilan taʼminlash boʻyicha raqobatga kirishmoqda.
Quyosh panellari narxining pasayishi Xitoyning sanoat siyosati va ommaviy ishlab chiqarish hajmining ortishi bilan bogʻliq. 2035-yilga borib, quyosh energiyasi narxi yana 30 foizga arzonlashishi kutilmoqda. Ispaniya va Italiya kabi mamlakatlarda quyosh energiyasining ortiqcha ishlab chiqarilishi ishlab chiquvchilarni batareyalar bilan birlashtirilgan gibrid elektr stansiyalarini qurishga undamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!