iPhone yanada aqlliroq boʻladi: Siri matnlarni tahrirlashni oʻrganadi

Apple kompaniyasi iOS 27 va iPadOS 27 operatsion tizimlarida sunʼiy intellekt bilan jihozlangan yangilangan Siri hamda Apple Intelligence imkoniyatlarini taqdim etishga tayyorlanmoqda. Yangi funksiyalar foydalanuvchilarga matn yozish va tahrirlash jarayonida yanada samarali yordam berishga qaratilgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Klaviatura tepasida "Write With Siri" va "Help Me Write" kabi yangi vositalar paydo boʻladi. Bu funksiyalar matnni qayta yozish, uslubni oʻzgartirish va grammatik xatolarni avtomatik tuzatish imkonini beradi. Tizim ish prinsipi jihatidan mashhur Grammarly xizmatini eslatadi.
Xabarlar, Pochta va boshqa matn muharrirlarida foydalanuvchilar ekran pastidan chiqadigan maxsus menyu orqali taklif etilgan tuzatishlarni koʻrishlari mumkin. Foydalanuvchi oʻzgarishlarni birma-bir qabul qilishi, barchasini birdaniga tasdiqlashi yoki rad etishi mumkin.
Apple mavjud imlo tekshiruvi funksiyasini yanada rivojlantirib, unga chuqur grammatik tahlil qobiliyatini qoʻshmoqda. Ushbu yangiliklar 8-iyun kuni boʻlib oʻtadigan Apple WWDC konferensiyasida rasman taqdim etiladi.
Shuningdek, Apple sunʼiy intellekt yordamida Foto va Kamera ilovalarini ham yangilashni rejalashtirmoqda. Bu oʻzgarishlar iPhone foydalanuvchilari uchun kundalik vazifalarni bajarishda katta qulaylik yaratishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!