Google Workspace ilovalariga ovozli boshqaruv funksiyasini qo‘shmoqda

Google I/O konferensiyasida kompaniya o‘zining Workspace ilovalari, jumladan Docs, Keep va Gmail uchun yangi ovozli boshqaruv funksiyalarini taqdim etdi. Endilikda foydalanuvchilar matn yozish o‘rniga ovozli buyruqlar yordamida hujjatlar qoralama nusxasini yaratishi, eslatmalar olishi va elektron pochtadagi ma’lumotlarni qidirishi mumkin. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Docs ilovasida foydalanuvchilar murakkab topshiriqlarni bir vaqtning o‘zida ovozli tarzda bajarishi mumkin. Masalan, Drive'dan rezyume ma’lumotlarini olish yoki elektron pochtadagi tadbir tafsilotlarini hujjatga qo‘shish endi ancha osonlashdi. Tizim foydalanuvchining fikri o‘zgarganini ham tushunadi va bir suhbat davomida kiritilgan o‘zgarishlarni darhol amalga oshiradi.
Keep ilovasida esa sun’iy intellekt ovozli yozuvlarni avtomatik ravishda tartibli eslatma yoki ro‘yxat ko‘rinishiga o‘tkazib beradi. Bu funksiya foydalanuvchilarga o‘z fikrlarini tezkor qayd etish imkonini beradi. Shuningdek, Gmail'ga qo‘shilgan yangi imkoniyatlar orqali Gemini yordamchisi bilan muloqot qilib, parvoz vaqti yoki band qilingan mehmonxona kodlari kabi ma’lumotlarni ovozli so‘rov orqali topish mumkin.
Google bosh direktori Sundar Pichai kelajakda foydalanuvchilar hujjatlarni to‘liq ovozli buyruqlar yordamida tahrirlashi va yaratishi mumkinligini ta’kidladi. Hozirgi kunda texnologiya gigantlari sun’iy intellektni barcha mahsulotlarga integratsiya qilmoqda, bu esa foydalanuvchilarga murakkab va ko‘p bosqichli so‘rovlarni ovozli shaklda ifodalash imkonini bermoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!