Google sunʼiy intellekt asosidagi Pics dizayn ilovasini taqdim etdi

Google oʻzining anʼanaviy Google I/O tadbirida Google Workspace uchun moʻljallangan Pics nomli yangi sunʼiy intellektga asoslangan dizayn va tasvir yaratish ilovasini eʼlon qildi. Kompaniya ushbu vositani oʻqituvchilardan tortib kichik biznes egalarigacha boʻlgan barcha foydalanuvchilar uchun qulay qilib ishlab chiqqanini taʼkidlamoqda. Pics yordamida maxsus grafik dizayn koʻnikmalarisiz ham ijtimoiy tarmoqlar uchun postlar, taklifnomalar va marketing materiallarini oddiy matnli soʻrovlar orqali yaratish mumkin. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Ushbu qadam bilan Google dizayn bozorida Canva hamda Anthropic kompaniyasining Claude Design kabi raqobatchilariga qarshi kurashga kirishdi. Pics shunchaki tasvir yaratish bilan cheklanib qolmay, balki ularni tahrirlash imkonini ham beradi. Gemini texnologiyasi bilan integratsiyalashgan ilova foydalanuvchilarga tasvirning alohida elementlarini Google Docsʼdagi kabi izohlar qoldirish yoki toʻgʻridan-toʻgʻri oʻzgartirish orqali tahrirlash imkonini taqdim etadi.
Pics ilovasi Nano Banana 2 modeli negizida ishlaydi, bu esa matnlarni aniq aks ettirish va yuqori sifatli vizual natijalarni taʼminlaydi. Google Workspace bilan toʻliq integratsiyalashgan ushbu vosita jamoaviy ishlashni osonlashtiradi: tayyor dizaynni yuklab olish, nusxalash yoki hamkorlar bilan boʻlishish mumkin. Ilova hozirda sinov guruhlari uchun ochiq boʻlib, yoz oylarida Google AI Ultra obunachilari uchun taqdim etiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!