21:57 / 04.11.2018
3 145

“Kepler” kaput! Fazoviy teleskop faoliyati tugatildi

“Kepler” kaput! Fazoviy teleskop faoliyati tugatildi
Olmon munajjimi Iogann Kepler nomi bilan atalgan va NASA tomonidan 2009 yil 6 martda orbitaga chiqarilgan teleskop rasman o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Buning sababi juda oddiy: fazoviy teleskopning koinotda manyovr qilishini ta’minlashi kerak bo‘lgan yonilg‘isi tugagan.

Bu haqda NASAning ilmiy missiyalar boshqarmasi boshlig‘i muovini Tomas Surbuxen rasmiy ma’lumot tarqatdi. NASA rasmiysi o‘z chiqishida “Kepler biz kutgandan ham ancha ko‘p va yaxshi ishlab berdi va Quyosh tizimi va uning tashqarisini tadqiq qilishda butunlay yangi davrni ochib berdi”, – deb gap boshlagan. “Teleskop koinotda hayot alomatlarini qidirishda yangi yo‘nalishni belgilab bergan. Uning yordamida kashf etilgan sayyoralar soni shunchalik ko‘pki, ushbu kashfiyotlar juda katta maydonda yangidan-yangi tadqiqotlarga zamin yaratdi”.

Haqiqatan ham, 9 yillik faoliyat mobaynida “Kepler” teleskopi Quyosh sistemasidan tashqaridagi 2,6 mingga yaqin ekzosayyorani aniqlab berdi. Uchirilgan paytda “Kepler” olis koinotdagi eng yirik raqamli kamera edi. Dastlab uning asosiy vazifasi “Oqqush” yulduz turkumi bilan chegaralangan kichikkina osmon bo‘lagida joylashgan 150 mingga yaqin yulduzlarning yorqinlik o‘zgarishlarini o‘ta aniqlik bilan qayd etish bo‘lgan. Yulduz yorqinligining bunday davriy o‘zgarishlari ushbu yulduz yaqinida sayyora mavjudligiga ishora qiladi. Chunki sayyora yulduz oldidan o‘tayotganida u bilan bizning o‘rtamizga tushadi va yulduz yorqinligining xira tortishiga sabab bo‘ladi. Boshqa yulduz sistemalaridagi o‘zga sayyoralarni (ekzosayyoralarni) aniqlashning ushbu usuli fanda “tranzit fotometriyasi” deb nomlanadi.

Koinotdagi faoliyatining dastlabki uch yilidayoq “Kepler” 3,5 mingga yaqin ekzosayyorani kashf etib bergan edi. Lekin 2013 yilda ushbu kosmik teleskop faoliyatida nosozlik kelib chiqqach, bir muddat kuzatuvlarni to‘xtatildi.O‘shanda muhandislar Quyosh nurlanishlari vositasida teleskop yo‘nalishini qayta sozlab, uning faoliyatini to‘la tiklashga muvaffaq bo‘lishgan. Tuzatilgandan keyin “Kepler”ning K2 deb nomlangan ikkinchi missiyasi ochildi va u shu choqqacha 18ta kuzatuv kampaniyalarini muvaffaqiyatli bajardi. NASA dastlab “Kepler” bilan 10 marta kuzatuv kampaniyasi uddalansa, missiya muvaffaqiyatli deb baholanishini reja qilgan edi.

“Kepler”ning yonilg‘isi tugayotgani haqida NASA joriy yilning martidayoq xabar qilgan edi. Mana, yonilg‘i butunlay tugadi va insoniyat zakovatining yana bir yuksak namunasi bo‘lgan fazoviy teleskop faoliyati tarixga aylandi.

Endi ekzosayyoralarni qidirish bo‘yicha barcha vazifani shu yil aprelida uchirilgan "TESS" teleskopi o‘z zimmasiga oladi. Undan tashqari, ayni maqsad yo‘lida Yevropa kosmik agentligi tomonidan 2019 yil boshida yana bir orbital teleskop – "CHEOPS" uchirilishi rejalashtirilgan.

Manba: Turon24.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » “Kepler” kaput! Fazoviy teleskop faoliyati tugatildi