Yaqin kelajakda O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi (AES) quriladi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda turli fikr-mulohazalar bildirilmoqda. Savollar o‘rtaga tashlanyapti. Xo‘sh, AES qurilishi biz uchun nega kerak va uning ahamiyati nimada? Bu atrof-muhit hamda aholi yashash tarzi uchun nechog‘liq xavfsiz? Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish qanday amalga oshiriladi? Rossiya Federatsiyasi Novovoronej AES faoliyati bilan yaqindan tanishuv ana shu kabi savollar va masalalarga oydinlik kiritdi.
Igor GUSEV,
Novovoronej AESning 4-energoblokini ekspluatatsiya qilish bo‘yicha bosh muhandis o‘rinbosari:
— VVER-1200 energoblokning maksimal elektr quvvati ko‘rsatkichini anglatadi. Ayni paytda biz 1 185 megavatt kuchlanishdagi elektr quvvatini ishlab chiqarmoqdamiz va bu birinchi ko‘rsatkich. Ikkinchidan, energobloklarimizda yuqori xavfsizlik darajasi ta’minlangan. Xususan, avvalgi VVER-1000 seriyasidagi energobloklarning reaktorlari bilan solishtirganda, bunisida zamonaviy xavfsizlik texnologiyalari qo‘llanilgan. Ular reaktordan kafolatlangan issiqlik chiqarish, favqulodda holatlarda shikastlanishning oldini olish, radiaktiv moddalarning atrof-muhitga tarqalmasligini ta’minlaydi.
1200 megavatt quvvatga ega VVER, ya’ni suvli reaktor 3+ avlodiga mansub. Bu eng zamonaviy yadro texnologiyalari qo‘llanilgan mazkur reaktorning xavfsizlik darajasi bo‘yicha boshqalaridan yaqqol ustun ekanini anglatadi. Gapning indallosini aytganda, “passiv xavfsizlik tizimlari” hisobiga mazkur qurilma inson aralashuvisiz va hattoki, elektr tarmog‘idan butunlay uzilib qolgan taqdirda ham bir maromda ishlayveradi. Loyihaning yana bir o‘ziga xos xususiyati uning ikki qobiqli himoyadan iboratligidir.
Xavfsizlik atom elektr stansiyasining barqaror ishlashini ta’minlab beruvchi immun tizimi bo‘lsa, nazorat boshqaruv bo‘limini esa butun bir yirik korxonaning “bosh miya”siga o‘xshatish mumkin. Tuzilmadagi barcha ma’lumot oqimi aynan boshqaruv pultiga kelib tushadi. Bu yerda faoliyat olib boradigan xodimlar shunchaki mutaxassis emas, balki o‘z kasbining professionallaridir.
Vladimir LOBANOV,
Novovoronej AESning o‘quv markazi direktori:
— Ushbu o‘quv markazida malakasini oshirgan mutaxassislar aynan atom elektrostansiyasining boshqaruv pultiga ishga yuboriladi. Bu yerda barcha texnologik o‘qitish jarayonlari amalga oshiriladi. Nazorat boshqaruv pultiga o‘tiradigan xodim juda murakkab sinovlardan o‘tishiga to‘g‘ri keladi. AESda reaktorlarni boshqarish bo‘yicha yetakchi mutaxassis bo‘lish uchun markazda 3 yil tayyorlovdan o‘tishi kerak.
Darhaqiqat, Novovoronej AES nafaqat issiqlik va elektr energiyasi bilan ta’minlash, balki ko‘plab zamonaviy ijtimoiy ob’ektlar — sport komplekslari, maktabgacha ta’lim muassasalarini qurib berish, aholini ijtimoiy himoyalash borasidagi tadbirlarda ham faol ishtirok etib, homiylik yordamlarini ko‘rsatib kelayotgani e’tiborga molik.
Novovoronej shahar okrugi rahbari Nikolay Netyaganing so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunda stansiyada 4 000 nafar, atom elektr stansiyasiga xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarda esa 3 yarim mingdan ziyod xodimlar ishlaydi. Stansiya sharofati bilan 32 ming aholi istiqomat qiladigan shu kichkina shaharning o‘zi butun Voronej oblasti sanoat ishlab chiqarish hajmining 11,6 foizini qoplaydi. 2017 yilda mahalliy byudjetga ajratmalar 6 mlrd. rublni tashkil etgan.
AESning xavfsizligiga hamon ikkilanayotgan yoki o‘tkinchi gaplarga ishonib, xavotiri bosilmaganlar uchun yana bir taskin bor. Agar sizda radiatsion faollik xavfiga nisbatan bir oz bo‘lsa-da, gumon saqlanib qolayotgan bo‘lsa, unda sizga ASKRO tizimi haqida ma’lumot beramiz. Xo‘sh, u qanday ishlaydi?
Gap shundaki, ushbu datchiklar atom elektr stansiyasi joylashgan shahar yoki hududda avtomatik rejimda ishlab turadi. Ular doimiy ravishda har daqiqa va soatdagi o‘zgarishlarni qayd etib boradi. Ma’lumotlar esa markaziy pultga yuboriladi. O‘ziga xos monitoring natijalari avtomatik ravishda maxsus veb-saytda ham aks etadi. Misol uchun, Novovoronej shahridagi radiatsion faollikning me’yoriy ko‘rsatkichi 10 mikrorentgen soatni tashkil etsa, bu ko‘rsatkich poytaxtimiz — Toshkent shahrida 12 — 14 mikrorentgen soatdan iborat ekan.
Vladimir POVAROV,
Novovoronej AES direktori:
— Mazkur atom elektr stansiyasining ish boshlaganiga 50 yil bo‘ldi. O‘tgan vaqt davomida atrof-muhitga xavf tug‘diradigan biron-bir holatni kuzatmadik. Bu aholining AESning nojo‘ya ta’siri bo‘yicha xavotirlariga umuman o‘rin yo‘q, deganidir.
Moskva — ko‘rkam va mahobatli megapolis. Shahar ko‘chalariyu osmono‘par binolarini yoritayotgan har uchinchi chiroq aynan atom elektrostansiyasida ishlab chiqarilgan energiya manbai hisobidan porlab turgan bo‘lsa, ajabmas.
Aleksandr MERTEN,
“Rosatom” xalqaro tarmog‘i prezidenti:
—AES yashil energiyaning bir qismi hisoblanadi. Biz yashil to‘rtlik, ya’ni suv, quyosh, shamol va atomni nazarda tutyapmiz. Atom energetikasi atrof-muhitga SO2 moddasi tarqalishini keskin qisqartirish imkonini beradi. O‘zbekiston tabiatini asrashni istar ekanmiz, bunda atom energetikasi singari o‘zini o‘zi qayta tiklovchi manbalardan foydalanishga o‘tish muhimdir. Atom energetikasi doimiy va barqaror elektr energiyani ta’minlab berishda ayni muddaodir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bunday loyihani amalga oshirish iqtisodiyot qatori, boshqa ko‘plab sohalar rivojiga ham turtki bo‘lishini aytganida juda haq edi. O‘zbekistonda Fanlar akademiyasi, Yadrofizikasi instituti kabilar mavjud bo‘lib ularda yadro energetikasi bo‘yicha malakali mutaxassislar ishlaydi.
Yadro fizikasi O‘zbekiston uchun yangilik emas. Yurtimiz olimlari 1956 yildayoq yadro fizikasining boshlang‘ich yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy tadqiqotlarni olib borishgan.
Bu yil yurtimizning oltmish nafarga yaqin yoshlari Moskva muhandislik fizika institutiga tanlov asosida o‘qishga qabul qilingani ham diqqatga sazovor. Zero, ular kelajakda sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lishi bilan birga, O‘zbekistonda ishga tushiriladigan AES rivojiga katta hissa qo‘shadilar.
Umuman aytganda, yurtimizda AESni qurish zamirida bir maqsad yotadi. Bu ham bo‘lsa, respublikamizning eng chekka hamda olis hududlaridagi xonadonlarga ham yorug‘lik va iliqlik olib kirish, uning barqarorligini ta’minlash hamda aholi turmush darajasini yanada oshirishdir. Prezidentimiz tashabbusi bilan ushbu ezgu maqsadlar sari qadamlar tashlangani juda katta tarixiy voqeadir. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi