
Ilon Maskning SpaceX kompaniyasiga tegishli sun’iy yo‘ldosh tarmog‘i operatori Starlink xalqaro telekommunikatsiya holdingi Veon bilan strategik kelishuvga erishdi. Ushbu hamkorlik Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqasi xizmatlarini Veonning O‘zbekistondagi “Beeline” brendi ostidagi mobil tarmog‘iga integratsiya qilish imkonini yaratadi.
Hamkorlik natijasida “Direct to Cell” texnologiyasi joriy etiladi. Bu texnologiya oddiy smartfonlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Starlink sun’iy yo‘ldoshlariga ulash imkonini beradi.
Ushbu innovatsiya an’anaviy yerusti infratuzilmasi, masalan, mobil aloqa minoralariga bo‘lgan ehtiyojni yo‘q qiladi va ayniqsa, mamlakatning chekka va qiyin yetib boriladigan hududlarida aloqa qamrovini ta’minlashda dolzarb ahamiyat kasb etadi. Veon va Starlink o‘rtasidagi global doiraviy kelishuv telekommunikatsiya sohasida o‘ziga xos birinchi bo‘lib, Veon faoliyat yuritadigan bir nechta bozorlarda amalga oshiriladi.
Kelishuvga ko‘ra, xizmatlar bosqichma-bosqich joriy etiladi. Dastlab bu texnologiya Qozog‘iston va Ukrainada ishga tushiriladi.
Keyinchalik Veon faoliyat olib boradigan boshqa mamlakatlarda, jumladan, O‘zbekiston, Pokiston va Bangladeshda xizmatlarni ishga tushirish rejalashtirilgan. O‘zbekistonda xizmatni ishga tushirishning aniq sanasi hali e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, avvalroq xizmat 2026-yilda mavjud bo‘lishi mumkinligi taxmin qilingan edi.
Ta’kidlash joiz, Starlink Qozog‘istonda tijorat faoliyatini 2025-yilning avgust oyida, mamlakatning Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirligi bilan tegishli kelishuv imzolanganidan so‘ng boshlagan. Qozog‘istonda xizmatlarning ishga tushirilishi Markaziy Osiyo uchun uchastka loyiha sifatida qabul qilingan.
Bu yerda xizmat avvaliga xabar almashishni yo‘lga qo‘yishni, keyinchalik esa ma’lumot uzatish va ovozli aloqa funksiyalarini qo‘shishni nazarda tutadi. Hamkorlikning asosiy maqsadi raqamli tengsizlik muammosini hal qilish va yerdagi tarmoq qamrovi zaif yoki mavjud bo‘lmagan hududlarda barqaror aloqa ta’minlashdir.
Veon bosh direktori Kaan Terziog‘luning ta’kidlashicha, yerusti tarmoqlarining imkoniyatlari cheklangan va ishonchli aloqa ta’minlash uchun kosmik va yerusti texnologiyalarini birlashtirish zarur, ayniqsa, tabiiy ofatlar yoki energiya yetishmovchiligi sharoitlarida. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing