19:03 / 31.10.2019
6 741

«Endi telefon narxi oshadimi?»: Mobil qurilmalar ro‘yxatga olinishi bilan bog‘liq savollarga javoblar

«Endi telefon narxi oshadimi?»: Mobil qurilmalar ro‘yxatga olinishi bilan bog‘liq savollarga javoblar
Joriy yilning 1 noyabridan boshlab O‘zbekiston hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish jarayoniga start beriladi.

So‘nggi paytlarda mazkur tartib ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida qizg‘in muhokama qilinmoqda. Kun.uz muxbiri mobil qurilma foydalanuvchilarida tug‘ilayotgan turli savollarga javob olish maqsadida O‘zbekiston Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi matbuot kotibi Zilolaxon Inoyatova bilan suhbatlashdi. Quyida ushbu suhbat bayonini to‘liq holda Sizga havola qilamiz.

— Ushbu tizimni yo‘lga qo‘yishdan maqsad nima?
— Avvalo, respublikamiz hududiga noqonuniy yo‘l orqali mobil qurilmalar olib kirilishiga chek qo‘yish hamda sifatli mobil qurilmalar sotilishiga imkoniyat yaratish. Shuningdek, ichki bozorda sog‘lom raqobatni rivojlantirish.

— Ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni necha bosqichda amalga oshiriladi?
— Vazirlar Mahkamasining 778-sonli qaroriga asosan, UZIMEI tizimining joriy qilinish bosqichlari tasdiqlangan. Birinchi bosqich shu yilning 1 aprelidan 1 noyabrga qadar davom etadi. Bunda biz IMEI kodlarini avtomatik tarzda bepul, foydalanuvchilarning ishtirokisiz, faqatgina aloqa operatorlari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazyapmiz.

1 noyabrdan esa murojaatlar orqali IMEI kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni boshlaymiz. Bu jarayonda fuqarolar, import qiluvchilar va mahalliy ishlab chiqaruvchilar yangi qurilmalarni murojaat yo‘li bilan ro‘yxatdan o‘tkazishlari lozim bo‘ladi. Ular SMS, USSD so‘rovlari, UZIMEI tizimi operatori hamda yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (www.my.gov.uz) va hududiy pochta aloqa bo‘limlari orqali ro‘yxatdan o‘tkazishadi.

Yana bir narsani aytib o‘tish kerakki, 1 noyabrdan IMEI kodi aniqlanmagan yoki O‘zbekiston hududiga noqonuniy yo‘l bilan olib kirilgan mobil qurilmalarning IMEI kodi UZIMEI tizimidan ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi.

Barcha fuqarolarga maslahatimiz - mobil qurilmalarni 1 noyabrdan keyin xarid qilishsa, o‘sha paytning o‘zidayoq qurilmaning IMEI kodi holatini tekshirib ko‘rishsin. Buni SMS va USSD so‘rovlari yoki biznig uzimei.uz saytimiz orqali bilib olishlari mumkin.

— IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun qancha miqdorda haq to‘lanadi?
— 1 dekabrdan boshlab uchinchi bosqichga start beriladi va bu pulli asosda amalga oshiriladi. Bu importyorlar (import qiluvchilar) uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizini, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga esa 10 foizini tashkil etadi. Jismoniy shaxslar va turistlar uchun ham 20 foizdir.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, birinchi tarmoq hodisasini sodir etgan mobil qurilmalar 30 kun davomida IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazishlari kerak bo‘ladi. Agar 1 dekabrdan so‘ng pulli asosda ro‘yxatdan o‘tkazilayotgan paytda 30 kun muddatdan o‘tib ketsa, jismoniy shaxslardan bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizi miqdorida to‘lov talab etiladi. Sayyohlar esa 30 kundan keyin IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazmasa, ularga mahalliy mobil aloqa operatorlari tomonidan xizmat ko‘rsatilmaydi.

— Shu kungacha qancha qurilmalarning IMEI kodlari ro‘yxatga olindi?
— 1 apreldan shu payta qadar 30 millionga yaqin IMEI kodlar UZIMEI tizimidan ro‘yxatdan o‘tkazildi.

— O‘g‘irlangan yoki yo‘qotilgan, «qora ro‘yxat»ga tushgan telefonni xarid qilsa, ishlatsa nima bo‘ladi?
— Mobil qurilma o‘g‘irlansa yoki yo‘qotilsa, jabrlanuvchi darhol ichki ishlar organlariga murojaat qilishi zarur. Shundan so‘ng ichki ishlar bo‘limlari xodimlari bizga murojaat bilan chiqishadi. Keyin biz IMEI kodni «qora ro‘yxat»ga qo‘shib qo‘yamiz, ya’ni 4ta mobil aloqa operatori ro‘yxatida ular alohida hisobga olinadi. O‘g‘ri yoki topib olgan shaxs qurilmaning sim kartasi o‘rniga boshqa sim karta qo‘yib, almashtirsa, 4ta mobil aloqa operatorlariga shu IMEI kodli qurilmaning yoqilgani haqida signal yetib keladi. Shu tariqa mobil qurilma joyi aniqlanadi va uni topildi desa ham bo‘ladi.

Yana bir bor ta’kidlamoqchiman, 1 noyabrdan boshlab aniqlanmagan IMEI kodlar UZIMEI tizimidan ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi.

— O‘zbekistonda «qora ro‘yxat»ga kiritilgan telefonni boshqa davlatlarda ishlatsa bo‘ladimi?
— UZIMEI tizimi GSMA xalqaro assosatsiyasi bilan hamkorlikda ish yuritadi. Bu tashkilotga 40dan ziyod davlat a’zo bo‘lgan. O‘zbekistonda «qora ro‘yxat»ga kiritilgan qurilmalardan GSMA’ga a’zo davlatlarda foydalanib bo‘lmaydi. Boshqa a’zo mamlakatlarda «qora ro‘yxat»ga tushgan qurilmalar ham O‘zbekistonda ishlamaydi.

— Qurilmaning IMEI kodi maqomini tekshirish pullimi?
— Yo‘q, bu bepul. Yuqorida aytganimdek, IMEI raqami ro‘yxatga olinganini uzimei.uz sayti yoki mobil operatoriga SMS/USSD so‘rovi yuborish orqali bilib olish mumkin. Avval ro‘yxatga olingan mobil qurilmalar qayta ro‘yxatga olinmasligini unutmaslik lozim.

— Kompyuter, noutbuk va shunga o‘xshash qurilmalar ham pulli ravishda ro‘yxatdan o‘tkaziladimi?
— Yo‘q. 1 dekabrdan UZIMEI tizimidan smartfonlar, tugmachali telefonlar va planshetlar pulli asosda ro‘yxatdan o‘tkaziladi, xolos. Kompyuter va shu kabi boshqa qurilmalarning IMEI kodlari ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi.

— Foydalanuvchilar ishlatilmagan mobil qurilmalarni ham ro‘yxatdan o‘tkazib qo‘yishi kerakmi?
— Agar fuqarolarda vaqtincha foydalanilmayotgan qurilmalar bo‘lsa, unda ularni 1 noyabrgacha aktivlashtirish zarur. Bu degani, qurilmaga sim karta qo‘yib, antenna ko‘rinishi bilan kimgadir qo‘ng‘iroq yoki SMS xabar yuborishni amalga oshirsa, IMEI kodi avtomatik ravishda UZIMEI bazasiga kiritiladi. Keyin kelgusida bu mobil qurilmadan bemalol foydalanish mumkin.

— Telefonda ikki va undan ortiq simkarta sloti mavjud bo‘lsa, har biri alohida registratsiya qilinadimi?
— Mobil qurilmada ikki, uch yoki undan ko‘proq simsilot (simkarta stoli) bo‘lsa, bu qurilmada huddi shuncha IMEI kod bor degani. Har bir IMEI kod UZIMEI tizimidan ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak. Telefoningizda bitta simkarta bo‘lib, ikkinchisi bo‘sh turgan bo‘lsa, 1 noyabrgacha simkarta qo‘yib, qurilmani yoqsangiz, ikkinchi slot ham avtomatik tarzda ro‘yxatdan o‘tadi. Bu jarayon bajarilmasa, 1 dekabrdan so‘ng ikkinchi slotdan foydalanish uchun pul to‘lashga to‘g‘ri keladi.

— Qurilma IMEI raqamining ro‘yxatga olinishi bilan foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlari yig‘ilib, telefonlar kuzatilishi mumkinmi?
— UZIMEI tizimida mobil qurilmalarning faqat IMEI kodlari saqlanadi, xolos. Abonentlarning shaxsiy ma’lumotlariga tizimning aloqasi yo‘q. Shu bois, fuqarolardan turli shubhalarga bormaslikni so‘rab qolardik.

— Telefon IMEI raqamini qanday bilsa bo‘ladi?
— IMEI raqamini bilish uchun telefon orqali *#06# buyrug‘ini terish kerak.

— Ushbu tizim to‘liq amalga oshirilsa, O‘zbekistonda telefon qurilmalari narxiga qanchalik ta’sir ko‘rsatadi?
— Mazkur yangi tartib to‘liq joriy qilingach, ichki bozorda sog‘lom raqobat yo‘lga qo‘yiladi. Dunyo miqyosidagi telefon ishlab chiqaruvchi kompaniyalar O‘zbekiston ichki bozoriga kirib kela boshlaydi va qurilmalar ular tomonidan qo‘yilgan narx-navoda sotuvga chiqadi. Bu esa narxlar tushishidan dalolat beradi.
Mirolim ISAJONOV suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » «Endi telefon narxi oshadimi?»: Mobil qurilmalar ro‘yxatga olinishi bilan bog‘liq savollarga javoblar