09:53 / 28.07.2020
1 780

O‘zbek olimlari yaratgan koronavirusni 5-6 soatda aniqlovchi test tizimi ommaviy ishlab chiqarilmoqda

O‘zbek olimlari yaratgan koronavirusni 5-6 soatda aniqlovchi test tizimi ommaviy ishlab chiqarilmoqda
Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazida 100 ming dona test tizimini o‘z ichiga olgan navbatdagi partiya tayyorlandi. Ulardan 40 ming donasi Jizzax, Andijon va Toshkent shahri sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentlik laboratoriyalariga hamda Respublika sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga topshirildi. Qolgan 60 mingtasi ham boshqa viloyatlarga chiqariladi.

COVID-19 kasalligini keltirib chiqaruvchi SARS-CoV-2 koronavirusi 227 mamlakatga tarqalgan bo‘lib, koronavirusni aniqlovchi test sistemalariga kun sayin talab ortib bormoqda. Koronavirusni o‘z vaqtida aniqlash davolash muolajalarini erta yo‘lga qo‘yish, kasallik olib keladigan asoratlarni bartaraf etish, kasallikning tarqalishini oldini olish imkoniyatini yaratadi. Hozirgi kunda SARS-CoV-2 koronavirusni aniqlovchi ekspress, IFA, PZR testlari mavjud bo‘lib, PZR (polimer zanjir reaksiyasi) testi analoglariga nisbatan yuqori sezgirlikka ega. Shu kungacha respublikamizga PZR testi import qilinib kelinmoqda va borgan sari unga bo‘lgan talab ortib bormoqda.

Hozirgi kunga kelib respublikamizda kuniga 20 000 test o‘tkazilishga talab mavjud. Ilg‘or texnologiyalar markazi olimlari tomonidan yaratilgan test sistemasi Markazning startaplaridan biri bo‘lgan “Biotest- LAB” MCHJ tomonidan ommaviy ishlab chiqarishga qo‘yildi. Startap har hafta 100 mingtagacha test-sistemasi ishlab chiqarish quvvatiga ega.

«Biotest- SARS-CoV-2» reagentlar to‘plami o‘tkir respirator sindrom COVID-19 ni qo‘zg‘atuvchi SARS-CoV-2 koronavirusining RNKsini «real vaqt» rejimida PZR usulida burun-halqum shilliq pardasida aniqlash uchun ishlab chiqilgan. Ushbu to‘plam yangi koronavirus genomining ikki sohasida - RdRP va N genlarida COVID-19 o‘tkir respiratorli infeksiyani klinik va diagnostik tekshirish uchun mo‘ljallangan, test natijalari qo‘shimcha tasdiqlashni talab qilmaydi. Mahalliy PZR test sistemasiga reaksiyalarning sifatini tekshiruvchi ko‘rsatkichlar ham kiritilgan. Bu ekspress-test emas, balki to‘laqonli test bo‘lib, natijalar 5-6 soatdan keyin aniq bo‘ladi hamda faqat maxsus laboratoriyalarda qo‘llash mumkin.

«Biotest - SARS-CoV-2» reagentlar to‘plami O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida 2020 yil 7 mayda ro‘yxatga olingan (ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi TB/IVI 00395/05/2CYU-sonli guvohnoma). Bugungi kunda mazkur Agentlikda ro‘yxatga olingan yagona test-sistemasidir.

Ta’kidlash joizki, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazining bir guruh olimlari tomonidan mart oyi boshida hukumat topshirig‘iga ko‘ra virusning butun dunyo bo‘ylab tarqalayotgani, virusning O‘zbekistonga ham kirib kelish xavfi mavjudligini inobatga olgan holda test sistemasini ishlab chiqish ustida ish boshlashdi. O‘shanda olimlar ikki oy davomida test-sistema ustida ishlab, aprel oxirigacha 50 ming dona test sistemasini topshirishni rejalashtirilgan edi.

Haqiqatan ham tadqiqotchilarimiz COVID-19 virusi genomining ikki uchastkasining PZR usulidagi tahlilga asoslangan test sistemasini ishlab chiqishdi. Mazkur test sistemasi barcha klinik sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, va’da qilinganidek, aprel oxirigacha barcha sinovlardan o‘tgan 50 ming dona test sistemasi Respublika Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga topshirildi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)