15:10 / 05.11.2021
2 045

«Faqat oqibatlarga qarshi kurashib yuraveramizmi?» – inson qadri uchun xizmat qilmaydigan qonun haqida

«Faqat oqibatlarga qarshi kurashib yuraveramizmi?» – inson qadri uchun xizmat qilmaydigan qonun haqida
Foto: Kun.uz
Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev O‘zbekistonda Internet platformalarining bloklanishi ortidan yuqori lavozimli hukumat amaldorlarini ishdan olish bilan ish bitmasligi haqida yozib chiqdi.

Xushnudbek Xudoyberdiyev ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishi aslida avvalroq qabul qilingan xato qarorning oqibati ekanligini, faqat oqibatlar bilan kurashilayotganini ta’kidlagan. Bloger 150 nafar deputat va 100 nafar senatorlar «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonun kiritilgan o‘zgartirishni ma’qullashi ortidan uning jabrini boshqalar tortayotganiga e’tibor qaratgan.

«2021 yilda, ya’ni joriy yilning yanvar oyida ushbu qonunga bitta kichkina modda qo‘shildi. Yangi qo‘shilgan 27-1-moddada O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari bilan ishlaydigan tizimlar serverlarini O‘zbekistonga o‘rnatishi talab qilinadigan bo‘ldi. Kim serverini O‘zbekistonga o‘rnatishga rozi bo‘lmasa, unda bloklanadigan bo‘ldi.

Ko‘ryapsizmi, kechagi mashmashalarning barchasi aslida qaysidir G‘olibsher ismli ijrochining o‘zboshimchaligidan emas, balki 150 nafar deputat qabul qilib, 100 nafar senator ma’qullab, keyin imzolangan qonun sababli bo‘lmoqda.

Xo‘p, «O‘zkomnazorat» rahbarini kecha «yuqoridagilar» bilan kelishmagani uchun ishdan bo‘shatishdi. Ammo bu og‘riq qoldiruvchi dori xolos, kasallikning o‘zini tuzatmaydi. Ertaga «O‘zkomnazorat»ga Valisher, G‘anisher, Alisher rahbar bo‘lib kelsa ham, baribir qonun o‘z kuchida turibdi-ku! Unga ko‘ra, telegram serverini O‘zbekistonga olib kelmasa, uni bloklash kerak, tamom.

«O‘zkomnazorat» bu yerda qonunni ijro qildi va aholining shuncha e’tiroziga sabab bo‘ldi. Demak, o‘sha qonunning o‘zi adolatsiz va bir yoqlama o‘ylab qabul qilingan bo‘lmaydimi? Ko‘rpaga qarab oyoq uzatish kerak edi, shekilli.

Mantiqan olganda deputatlar va senatorlar serverini O‘zbekistonga olib kelmagan tarmoqlarni bloklash tarafdori bo‘lishgan va buni qonunda aks ettirishgan
», – deydi bloger.

Postda keyinchalik deputatlar qonun ijrosini tezroq bajarish, ya’ni serverini O‘zbekistonga o‘rnatmaganlarni tezroq bloklashni talab qilishgani eslab o‘tilgan.

Qonunchilik palatasi saytidan skrinshot
Ikki xil standartlar haqida
Yana bir qiziq joyi, joriy yilning iyun oyida Twitter, TikTok, Skype, Wechat kabi tarmoqlarni xuddi shu qonunga asoslanib, xuddi o‘sha «O‘zkomnazorat» bloklagan edi. Mana, bir necha oydan buyon ushbu tarmoqlar haliyam blokda turibdi. Ammo kechagidek rezonans bo‘lmagandi.

Telegram, Facebook, YouTube, Instagram bloklangandan keyin dahshatli vahima ko‘tarildi va tezda ularning bloklari yechildi. Lekin kechagi qiy-chuvlarda ham Twitter va TikTok’dan blok olib tashlanmadi.

Xo‘p, agar internetni va ayrim tarmoqlarni bloklash Yangi O‘zbekiston siyosatiga to‘g‘ri kelmas ekan, unda nega barchasidan blok olinmadi? Yoki agar qonun talabini bajarmagan kompaniyalarni bloklash aslida to‘g‘ri bo‘lsa, unda nega kechagi bloklanganlardan taqiq olib tashlandi? Qanaqadir yagona bitta prinsip bo‘lishi kerak emasmi? Va bu prinsip odamlarga muammolar tug‘dirmasligi kerak-ku?

Xulosa
Qissadan hissa shuki, kecha bizning qurtlagan tishimiz qattiq bezovta qilgani uchun vaqtincha og‘riq qoldiradigan dori ichdik. Ammo qurtlagan tish hali turibdi. U hali yana og‘rishi mumkin. Bunga hech kim kafolat bera olmaydi.

Kecha ijtimoiy tarmoqlar nega bloklandi?
Qonun ijrosi uchun

Kecha ijtimoiy tarmoqlardan nega blok olib tashlandi?
Inson qadri uchun

Demak, barcha qonunlar ham inson qadri uchun xizmat qilavermaydi. O‘zbekistonda inson qadriga zid bo‘lgan qonunlar bor va ularni tezda qayta ko‘rib chiqish kerak. Har holda Yangi O‘zbekistonning haqiqatan yangiligi shunda ko‘rinadi. Bularning barchasi IMHO, albatta.

Biz oldin aniq bir qarorga kelib olaylik: faqat oqibatlarga qarshi kurashib yuraveramizmi yoki sabablarni ham o‘ylab ko‘ramizmi?

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » «Faqat oqibatlarga qarshi kurashib yuraveramizmi?» – inson qadri uchun xizmat qilmaydigan qonun haqida