date
views 61

Yog‘li taomlar ichakni “soqov” qiladi: olimlar ogohlantirmoqda

Yog‘li taomlar ichakni “soqov” qiladi: olimlar ogohlantirmoqda
Fastfud va to‘yingan yog‘larga boy parhez nafaqat vazn ortishiga, balki ichakning ichki himoya tizimi izdan chiqishiga ham sabab bo‘lishi mumkin. Avstraliyalik olimlar “Immunity” ilmiy jurnalida e’lon qilgan so‘nggi tadqiqot bu xavotirlarni yanada asosli qildi.

Bir haftalik yog‘li ovqat — ichakda yashirin yallig‘lanish

Tadqiqot doirasida sichqonlar bor-yo‘g‘i 7 kun mobaynida yuqori yog‘li parhezda saqlandi. Kuzatuv natijasida ularning ichak devorlari qalinlashdi, yallig‘lanishga olib keluvchi immun hujayralar to‘planishi boshlandi va, eng xavflisi, IL-22 nomli muhofaza oqsili ishlab chiqarilishi sezilarli darajada pasaydi.

IL-22 oqsili, odatda, ichak devorining tiklanishi va uning “to‘siq” funksiyasini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Uning yetishmasligi, olimlarning ta’kidlashicha, ichakni surunkali yallig‘lanish va boshqa kasalliklarga moyil qilib qo‘yadi.

“Sezilmas” og‘riq — og‘ir oqibat

“Yog‘li ovqatlar keltirib chiqaradigan yallig‘lanish shunchaki og‘riq bilan boshlanmaydi. U sekin-asta, belgisiz holda rivojlanib, keyinchalik jiddiy salomatlik muammolarini keltirib chiqaradi”, deydi tadqiqot mualliflari.

Agar bunday parhez davom etsa, immun tizim og‘riq belgilariga kech va kam darajada javob qaytarishi mumkin. Bunda organizm yallig‘lanishni “tabiiy” holat sifatida qabul qila boshlaydi, bu esa barqaror illatlarga olib keladi.

Chora bormi? — Yog‘larni tanlash muhim

Olimlar fastfud va to‘yingan yog‘lardan voz kechishni hamda parhezda yog‘ manbasini o‘zgartirishni tavsiya etmoqda. Masalan, yong‘oq, avokado va baliq kabi to‘yinmagan yog‘larga boy mahsulotlar ichak uchun ancha foydali. Bu turdagi yog‘lar IL-22 ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlab, yallig‘lanish xavfini kamaytiradi.

Saraton xavfi ham ortmoqda

Aprel oyida e’lon qilingan ispan olimlarining tadqiqotiga ko‘ra, yog‘li taomlar nafaqat ichak, balki umuman organizmdagi o‘smalar uchun ham xavf tug‘diradi. Chunki ular trombotsit faolligini oshirib, “fibronektin” nomli oqsilning miqdorini ko‘paytirib yuboradi. Bu esa o‘simtalarning metastazlanishi uchun qulay muhit yaratadi — xususan o‘pkada.

Zamin.uz tahririyatidan:
Qisqa muddatli lazzatlar uzoq muddatli muammolarga aylanmasligi uchun har bir inson taomnomasini to‘g‘ri yo‘naltirishi zarur. Yog‘li parhezga moyillik nafaqat tashqi ko‘rinish, balki ichki hayotiy a’zolarga ta’sir qilishi hamda juda jiddiy kasalliklarga zamin yaratishi mumkin. Siz bu haqda ilgari o‘ylab ko‘rganmisiz?
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Yog‘li taomlar ichakni “soqov” qiladi: olimlar ogohlantirmoqda