Bugun IoT-texnologiyalarga asoslangan juda ko‘plab loyihalar tibbiyot bilan bog‘langan. Biz ularning bir necha eng qiziqarli va muhimlari haqida yozishga qaror qildik, deb yozadi Xabar.uz.
Narsalar interneti barchasini o‘zgartiradi
Zamonaviy tibbiyot so‘nggi o‘n yilliklarda ilgari erishib bo‘lmaydigan darajaga ko‘tarildi. Bugungi sog‘liqni saqlash tizimi, bu — bir paytlar umidsizlikka tushgan bemorlar hayotini saqlab qolayotgan transplantologiya va travmatologiya, plastik jarrohlik va onkologiya, neyrojarrohlik, oftalmologiya, ginekologiya va boshqa sohalardan iborat yuqori texnologik tarmoqqa aylandi.
Tibbiyot muassasalari texnik asbob-uskunalarining sezilarli yaxshilanishi natijasida kasalliklarni dastlabki bosqichidayoq to‘g‘ri tashxislash va bemor ish qobiliyatini qisqa muddatlarda tiklash imkoniyati paydo bo‘ldi. Muolajalar davomida odatiy endoskopik apparaturalar, mikrojarrohlik va ko‘rish qobiliyatining lazer korreksiyasi, organ va to‘qimalarni ko‘chirib o‘tkazish kabilardan foydalanish turli tug‘ma va orttirilgan nuqsonlarni tuzatishda oddiy holga aylandi. Ammo, ayrim muammolar hamon dolzarbligicha qolmoqda. Va ularni hal etish uchun narsalar interneti (Internet of Things – IoT) yordamga keladi.
Bemorlarni robotlar davolaydi…mi?
Tibbiyot va sog‘liqni saqlashni rivojlantirish narsalar internetining eng muhim yo‘nalishlaridan biridir. Ushbu yo‘nalishda alohida atamalar ham mavjud – masalan, «Tibbiy ashyolar interneti» yoki «Narsalar interneti va sog‘liqni saqlash». Tadqiqotchilar xomcho‘ti bo‘yicha, bir necha yildan so‘ng ushbu bozor hajmi taxminan 117 milliard dollarni tashkil qilar ekan.
Demak, bu 2020 yilga borib, odamlarni bemor holati haqidagi ma’lumotlarni tahlil qiladigan robotlar davolaydi, deganimi? Yo‘q, unday emas. Davolash bilan avvalgidek markazlashgan holda mutaxassislar – shifokorlar va tibbiyot xodimlari shug‘ullanishadi. Narsalar interneti faqat ular ishini samarali bo‘lishiga yordam beradi. Hali bu texnologiyalar dunyo bo‘yicha kam qo‘llanilyapti, rivojlangan mamlakatlarda, asosan, AQShda keng tatbiq etilgan.
Kuzatuvchi beyjiklar
«Florida Hospital Celebration Health» sakkiz yildan buyon klinika bo‘yicha xodimlar va bemorlarni kuzatuvchi beyjiklardan faol foydalanib kelmoqda. Tibbiyot xodimlari harakatini kuzatish orqali, barchaga qulay bo‘lishi uchun, klinika ishini tashkillashtirish, masalan, dori-darmon zaxirasidan iborat shkaflarni qayerga joylashtirish ma’qulligini tahlilchilar yaxshi tushunishadi. Klinika ma’muriyati ma’lumotlar yordamida u yoki bu sanitar yoki hamshirani muntazam kuzatib, o‘z ishidan batamom charchaganlarini oldindan aniqlashi mumkin hamda ularga ishini biroz o‘zgartirishni, masalan, qayta tayyorlash kurslariga borishlarini vaqtida taklif qila oladi.
Beyjiklar klinika bemorlariga ham beriladi. Qarindoshini ko‘rgani shifoxonaga kelgan odamlar doim elektron tabloni kuzatib, bemori ayni damda qayerda — jarrohlik xonasida, palatada yoki boshqa joyda ekanligini bilib olishi mumkin. Tablodagi ma’lumotlar bemor familiyasi qarshisida paydo bo‘ladi.
Ba’zi klinikalarda beyjiklar tibbiy inventarlarga ham yopishtirib qo‘yiladi. Bu orqali zarur buyumlar, masalan, defibrillyatorlar, infuzion nasoslar va aravachalarni kerakli paytda darhol topish mumkin.
«eICU» — elektron palata
Amerikaning ko‘plab shifoxonalarida sutkasiga 24 soat va haftasiga yetti kun navbatchilik qila oladigan reanimatologlar yetishmaydi, aniqrog‘i, mamlakatda shuncha mutaxassisning o‘zi yo‘q. Shu bois, AQShda intensiv terapiya elektron palatasi – «eICU» joriy etilgan. Og‘ir bemorlarni masofaviy kuzatuvchi bu monitoring markazi yuzlab kilometr masofadagi yuzlab bemorlar uchun birato‘la xizmat ko‘rsata oladi. Bemor krovatidagi monitoring uning ahvoli haqidagi ma’lumotlarni markaz navbatchi reanimatologiga avtomatik tarzda yuboradi.
Mabodo jiddiy vaziyat yuzaga kelsa – trevoga signali chalinadi. Yuqori tasvirli kameralar bilan jihozlangan palatalarda bemor diqqat bilan ko‘rikdan o‘tkaziladi. Reanimotolog ovozli aloqa yordamida bemorga yaqin joylashgan xodimlarga ko‘rsatmalar berishi mumkin, ya’ni u qaror qabul qiladi, hamshira va sanitarlar qarorni bajarishadi. Tadqiqotlar bu kabi markazlar o‘lim darajasini kamaytirishga hamda tibbiyot xodimlari uchun xarajatlarni qisqartirishga yordam berishini ko‘rsatmoqda.
Taraqqiyot yo‘lidagi muammolar
Ayni damda tibbiyot muassasalari keng ko‘lamli turli vazifalar, masalan, ish samarasini oshirish uchun xodimlarni doimiy ishga qabul qilish, iqlim me’yorlarining uzluksiz nazoratini olib borish, shuningdek, bemorlar jismoniy ko‘rsatkichlarini kuzatish singari IoT datchiklari ishlab chiqaradigan katta hajmdagi ma’lumotlar muammolari bilan to‘qnash kelmoqda. Va bu muammolarning barchasi — atrof-muhit parametrlarini doimiy va uzluksiz nazorat qilish va hisoblab borishni amalga oshirish, texnologik jarayonlar, bemorlar, xodimlar va boshqa tibbiy asbob-uskunalar maqomi va holati, tibbiy ma’lumotlar «xomashyosi» va turli manbalardan olingan tadqiqotlar natijasini qayta ishlash hamda kerakli axborotni sxema, grafika, jadvallar, ma’lumot ekranlari shaklida topshirishning kompleks yechimlari yo‘qligi kabi umumiy sabablarga ega.
Oddiy odamlar
Ko‘plab keksa odamlar xotira va fikrlashning buzilishi bilan to‘qnash keladilar, masalan, Alsgeymer xastaligida. Ushbu kasallikka chalinganlar ayrim hollarda o‘z yo‘nalishlarini topishda qiynalishadi – tunda xonasi yoki palatasidan chiqib, nima bo‘layotganini anglamagan holda bino atrofida tentirab qolishadi. Bu kabi holatlarda ular yiqilib jarohat olishlari mumkin. Shu bois, ularning yaqinlari tez-tez uyqu yo‘qotishadi – doim bemordan xavotirlanib tong ottirishadi.
O‘n olti yoshli Kennet Shinokuza taklif qilgan ilovani «tibbiy buyumlar interneti» qatoriga kiritgan holda shu singari bemorlarga yordam sifatida taqdim etsa bo‘ladi. Gap shundaki, u ruhiy kasallikdan qiynalayotgan inson paypog‘iga yopishtirib qo‘yiladigan datchik ixtiro qildi. Bemor qachonki o‘rnidan tursa, qarindoshining smartfoniga ovozli signal keladi. Shuningdek, Alsgeymer kasalligiga chalinganlarga g‘amxo‘rlik qilish uchun insonni xaritadan topib beruvchi, uncha katta bo‘lmagan ratsiyaga o‘xshab ketadigan GPS qurilmasidan foydalanilmoqda.
Yolg‘iz keksalarga yordam
Temboo kompaniyasi keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, AQShda keksa yoshli odamlar farzandlari bilan emas, balki ko‘proq mustaqil yashashni istashmoqda. Ammo, ular doimiy ko‘makka muhtoj. Yolg‘iz yashayotgan ota-onalari, yaqinlaridan xavotirlanayotgan odamlar uchun ushbu kompaniya maxsus qurilma ishlab chiqdi. Qurilma krovatga o‘rnatiladigan harakat datchigi va mikrofondan iborat. Datchik qariyaning harakatlari haqida ma’lumot to‘playdi va odatiy namunalarini ajratadi – agar nimadir birdan o‘zgarsa, uning farzandi yoki qarindoshi smartfoniga bu haqda xabar yuboradi. Mikrofon esa qariyaning yordam chaqirishi uchun kerak.
Shunday qilib, tibbiyotda narsalar interneti kabi innovatsion texnologiyalar asta-sekin bizning real hayotimizga kirib bormoqda va sog‘liqni saqlashdagi ko‘plab muammolarni hal qilyapti. Bularning bari nafaqat hayotimizni saqlab qolish, balki yaqin kelajakda insonning o‘rtacha umr kechirish ko‘rsatkichini oshirish imkonini beradi.
Usmonjon Yo‘ldoshev
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)