Bugun biz qalamga olgan mavzu butun dunyoda bo‘lgani kabi o‘zbek jamiyatida ham o‘z yuzini ko‘rsatgan, tabiiylik va o‘zlikni ko‘zimizdan pardalagan, qiz va yigitlarni tabiiylikdan uzoqlashtirgan, bir so‘z bilan aytganda, beo‘xshov cho‘chchaygan lablaru bo‘rtib chiqqan sun’iy yuzli “qo‘g‘irchoqlar”ning tarqalashiga sabab bo‘lgan illat – botoks haqida.
Avvalo, botoksning kelib chiqishi va uning moddasi bilan tanishaylik. 1600-1800 yillarda Amerika hindulari botulinum moddasini o‘qlarning uchiga surtib ovlash maqsadida ishlatar edi. 1822 yilda bu moddani davolash maqsadida ishlatish mumkinligi aniqlandi. 1949 yilda uning mushaklarni qanday falajlashi aniqlandi. 70-yillarning ikkinchi yarmida va 80-yillarning boshida botulinum moddasidan kosmetik maqsadda foydalanish haqidagi ilk maqola chop etildi. 1981 yillarda esa ilk marotaba bu modda g‘ilaylikni davolash uchun qo‘llandi.
2002 yilda “Allergan” firmasi botoksni ko‘z atrofi va ikki qosh orasidagi ajinlarni yo‘qotishda ishlatish borasida FDA – AQSH Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmat vazirligining oziq-ovqat mahsulotlari va dorilar sifati ustidan sanitariya nazorati boshqarmasidan ruxsat oldi. “Allergan” firmasi ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda botulinum moddasi preparatlari dunyoning 70 o‘lkasida 11 yildan ortiq vaqtdan beri estetik va kosmetik jarrohlikda qo‘llanilmoqda. Hozirgi kunda inson sog‘ligiga tahdid va tanasi uchun yot bo‘lgan bu zaharli moddaning hech bir ikkilanishsiz qo‘llanishi achinarli holdir. Ushbu amaliyot dinimiz va millatimiz nuqtai nazaridan qanday baholanadi degan savol bizni qiziqtirishi kerak emasmi?! Xo‘sh, Islom dini hozirgi go‘zallik amaliyoti haqida nima deydi?
Islom dini inson o‘zini Alloh yaratgan tabiatdan boshqa ko‘rinishga o‘zgartirishini taqiqlaydi. Ulamolar chuqur izlanishdan so‘ng insonning shaklini u yaratilgan holdan boshqa holatga o‘zgartirish mumkin emasligi borasida quyidagi dalillarni keltiradilar: “Niso” surasi, 119-oyatda shaytonning rahmatdan quvilish vaqtida aytgan so‘zi keltiriladi: “Ularni adashtiraman, xom xayollarga solaman, ularga amr qilsam, chorvalarining quloqlarini kesarlar va ularga amr qilsam, Allohning yaratganini o‘zgartirarlar”.
Yana “Rum” surasi 30-oyatda: “Bas, sen haqqa moyil bo‘lib, dinga yuz tut. Bu Alloh odamlarni yaratgan asl tabiatdir. Allohning yaratganini o‘zgartirib bo‘lmas. Ushbu to‘g‘ri dindir. Lekin odamlarning ko‘pi bilmaslar”, deyilgan.
Shu xususda dunyoning ko‘zga ko‘ringan ba’zi ulamolari fatvolaridan iqtiboslar keltiramiz: “Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam go‘zallashish maqsadi tufayli vujudga tatuirovka chizdirish, tishlarni noziklashtirib tekislash kabi ishlarni yaratilishni o‘zgartirish deya ifodalab, bu ishni qilganlar Allohning rahmatidan uzoq bo‘lishini aytganlar (Buxoriy, “Libos”, 83-87; Muslim, “Libos”, 33).
Shu bilan birga, vujudning biror a’zosida boshqa insonlar tarafidan g‘ayritabiiy deb ko‘rilgan, insonning ruhiy ta’sirlanishiga sabab bo‘ladigan, odatiy bo‘lmagan yoki ortiqcha hisoblanadigan holatlarda buni amaliyot bilan tuzatish fitratni buzish emas, balki davolanish deb sanaladi.
“Yuzdagi ajinlarni ketkazish uchun botulinum deyilgan zaharli (toksik) moddadan olingan suyuqlikni ajinlar bo‘lgan yerga igna yordamida oz miqdorda yuborilishdan iborat botoks amaliyoti esa, umuman olganda, inson tabiatiga estetik aralashishdir. Shu sababdan, badan yoki ruh sog‘ligi taqozo qilmagunicha bu amaliyotning qo‘llanilishi joiz emasdir”, Turkiya muftiyati.
Dunyoning ko‘plab ulamolari botulinum moddasini go‘zallik uchun emas, balki faqatgina sog‘liq uchun amaliyotda qo‘llashga ruxsat beradilar. Aslida zaharli bo‘lgan bu modda tanada ko‘p vaqt turishi bilan inson salomatligiga salbiy ta’sir qiladi. Kunimizda shifokorlar o‘zligini, tabiatini yo‘qotishga astoydil bel bog‘lagan istak egalariga botoksning zararli oqibatlari haqida bot-bot so‘zlamoqdalar. Jumladan: “Asli zaharli modda bo‘lgan botulinum jarrohlikdan so‘ng tanada shishlar, grippdagi o‘xshash holsizlik, qizarish, yara izlari, qovoqlarning tushishi, mushaklarning notekisliklarini keltirib chiqaradi. Juda kam miqdorda kuzatilgan bo‘lsa-da, uning o‘ta jiddiy salbiy oqibatlari ham bor. Ya’ni ko‘rishning zaiflashuvi, butun tanadagi kuchli qichishish, nafas bo‘g‘ilishi, ko‘ngil aynishi, terining to‘kilishi, yurak o‘ynashi yoki sekin urishi, bavl tutolmaslik, gavda va butun a’zolarda kuchli holsizliklar kuzatiladi, bunday hollarda bemorga tez tibbiy yordam ko‘rsatish zarur bo‘ladi”.
Xulosa qilib aytamizki, G‘arb olamidan asta-asta kirib kelayotgan botoksdan millatimizning go‘zal ayollari, opa-singillarimiz ogoh bo‘lishlarini hamda bu zararni yaxshi tanib, undan o‘zlarini saqlashlarini umid etamiz. Chunonchi, din, qadriyat, madaniyat va urf-odatlarimizga mutlaqo zid bo‘lgan ushbu modda insoniyat kelajagi uchun buyuk xatar ekani ochiq-oydin ko‘z o‘ngimizdadir. Binobarin, buyuk olima Fotima Samarqandiyya, Bibixonim, Uvaysiy va Nodirabegimlarning xotirasiga munosib avlod bo‘lmoq hamda ularga har jihatdan o‘xshamoq barcha opa-singillarimizning sharafli burchidir.
Xushnudbek HASANOV
Misr Arab Respublikasi Al-Azhar universiteti talabasi
Misr Arab Respublikasi Al-Azhar universiteti talabasi
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...