Ilon Mask siri: “Bariga ulgurish”

  • 15-09-2018, 17:20
  • 771
  • Hayot tarzi
  • Илон Маск сири: "Барига улгуриш"
    Ilon Maskni eng band kishilardan deb atasa boʻladi. Tesla va SpaceX asoschisi va rahbari har ikkala kompaniya uchun haftasiga 100 soatga yaqin vaqt sarflaydi. Shu bilan birga farzandlari bilan vaqt oʻtkazish, mashqlar qilish va xobbi bilan shugʻullanishni ham unutmaydi. Bariga qanday qilib ulguradi?

    Tadbirkor Mayo Oshin Maskning biografiyasini oʻrgandi va u vaqtni bloklarga ajratishini aniqladi. Uning uslubi quyidagicha ishlaydi.
    Baʼzilar Ilon Mask chalgʻimaslik boʻyicha tabiiy boʻlmagan qobiliyatga egaligini aytsa, boshqalar uni iqtidor egasi deb sanaydilar. Biroq uning taym-menejmenti tahsinga sazovor. U vaqtni bloklarga ajratadi.

    Ilon Mask tongda soat 7 da uygʻonganida uning kuni toʻliq rejalashtirilgan boʻladi. Vaqtining har bir besh daqiqalik bloki ish bilan band. Har bir ana shunday vaqt oraligʻida Mask muayyan vazifani bajaradi. Masalan, xatlarga javob beradi, nonushta qiladi yoki ishga oid uchrashuvlarni belgilaydi.

    Taym-menejment boʻyicha mutaxassis Kevin Krusning tadqiqotlari eng samarali kishilar vazifalar roʻyxati bilan emas, ana shu uslubdan foydalanishlarini koʻrsatdi.

    Ayrim vazifalar uchun (masalan, mana shu maqola qoralamasini yozish uchun) vaqtni 24 ta besh daqiqali bloklarga ajratish mumkin (yaʼni, jami ikki soat hosil boʻladi).

    Afsuski, uslub oddiyligiga qaramay, kamchiliklarga ham ega. Masalan, ayrimlar har bir boʻsh vaqtni rejalashtirish – oʻta bir xil va mexanik mashgʻulot deb hisoblaydilar. Biroq uslubning mohiyati ham ana shunda – sizning har bir boʻsh daqiqangiz va harakatlar rejasi belgilangan. Qisqa vaqt oraligʻi esa ishni choʻzib yuborishga yoʻl qoʻymaydi. Boshqacha qilib aytganda, agar vaqtingiz oz boʻlsa, yanada samaraliroq ishlashga harakat qilasiz.

    Blok uslubining yana bir afzalligi bajarishingiz mumkin boʻlgan ishlar varianti miqdorini kamaytiradi. Shu yoʻl bilan maksimal samaradorlik uchun oʻz kuchingizni mustahkamlaysiz.

    Vaqt bloki uslubini qoʻllash

    Oddiy uch qadam quyidagicha:

    Qogʻozni olib, uni ikkiga buklang. Chap ustunda har bir soat yoki besh daqiqalik blok uchun ikkita qator ajrating (sizga qay biri qulay boʻlsa, oʻshani tanlang).

    Har bir vazifani bajarish uchun sizga qancha vaqt zarur boʻlishini oʻylab koʻring. Keyin esa bu vazifalarni oʻng ustunga muayyan vaqt blokiga yozing. Istagingizga qarab oʻng ustunda qaydlarni yozish ham mumkin.

    Har bir blok uchun kutilmagan ishlar va toʻgʻrilash imkoniyati uchun qoʻshimcha vaqt ajrating.

    Tayyor. Bari juda oddiy.

    Biroq ideal koʻrinishda har kuni kechki payt kelasi kuni uchun mana shunday reja tuzishga 10 daqiqadan vaqt ajratish kerak boʻladi. Yana bir muhim jihat: ikkinchi qadamda kuchingizni yuqori baholab, ishni juda tez bajarishga umid qilmaslik kerak. Bunday xatoga yoʻl qoʻymaslik uchun kundalik ishlarni bajarishda sizga qancha vaqt kerak boʻlishini kuzatib borish kerak.

    Yodingizda boʻlsin, vazifaning koʻlami qanchalik katta boʻlsa, vaqt bloki uslubidan foydalanish qiyinroq kechadi. Kichik vazifalarni besh daqiqalik slotga sigʻdirish oson. Agar koʻp vaqt talab etadigan ulkan vazifalaringiz boʻlsa, ularni kichikroq vazifalar va bloklarga ajratishga harakat qiling.

    Vanihoyat, chalgʻituvchi omillar haqida unutmang. Buning uchun oʻz vaqt blokingizga uchinchi qadamda aytilganidek qoʻshimcha vaqt ajrating.

    ***

    Har birimizda sutkasiga 24 soat mavjud. Ilon Mask kabi bu vaqt davomida koʻproq vazifa bajarishga ulguradigan va buni eplay olmaydiganlarning farqi irsiyat va aql bovar qilmas qobiliyatlarda emas. Oʻz vaqtini toʻgʻri baholash va vaqt bloki kabi taym-menejmentning samarali vositalarida.

    Uning maqsadi bir kun uchun rejalashtirilgan vazifalarning barini ideal darajada bajarishda emas. Maqsad – hayotni yaxshiroq nazorat qilish uchun rejalar tuzishga ishtiyoq oshirishda. Eng muhimi – vaqt bloki uslubi oʻtkazib yuborilsa, qaytarib boʻlmaydigan vaqtni yaxshiroq boshqarishda bizga yordam beradi.

    » » Ilon Mask siri: “Bariga ulgurish”