O‘zbekistonga banan va sitrus mevalar kiritilmayapti. Sabab nimada?

  • 12 aprel 2018, 21:32
  • 5 074
  • Jamiyat
  • O‘zbekistonga banan va sitrus mevalar kiritilmayapti. Sabab nimada?
    Mart oyining ikkinchi yarmidan boshlab, O‘zbekiston bozorlarida sitrus mevalar narxi birdaniga ko‘tarilib ketdi.

    Ma’lumki, qish oylarida issiq o‘lkalardan keladigan turli sitrus - banan, mandarin, apelsin, ananas kabi mevalarga talab kuchayadi. Bahorning ilk ikki - mart va aprel oylarida ayniqsa bu mevalarga ehtiyoj katta. Sababi, hali O‘zbekistondagi bog‘ va polizlarda sabzavot va mevalar pishib ulgurmagan. May oyining boshlaridan dehqon va bog‘bonlarimizning ilk hosili - qulupnay, gilos va boshqa mevalar pishgach, aholining sitrus mevalarga bo‘lgan talabi ozayadi.

    “Ilik uzildi” paytida bozorlardagi “ajnabiy mevalar” narxi ko‘tarilib ketishi bilan bog‘liq muammolarga oydinlik kiritishga harakat qildik. Bizga xabar berishlaricha, chegaradagi bojxona postlarida sitrus mevalar olib kiruvchi tadbirkorlar yuki ortilgan mashinalarni O‘zbekiston hududiga kiritilmayapti.

    “O‘zbekiston chegarasidagi bojxona postlari banan ortilgan yuk mashinalarimizni o‘tkazmayapti. Sababini so‘rasak: “karantin” deyishdi. “Mayskiy” va “Yallama” postlarida 40tadan ortiq banan ortilgan mashinalarga qariyb 10 kundan beri o‘tishga ruxsat yo‘q. Ichki bozorlarda banan narxining 1 kg 35 ming bo‘lib ketgan. Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridan, 5 ming km. yo‘l bosib, mahsulot olib keldik. Nega karantin ekanligini tadbirkorlar tushunmayapmiz. Bu holatga hech kim izoh bermayotgani chatoq. 5 martdan beri shu ahvol. Ba’zi-ba’zida bananni o‘tkazib turishgan edi. Oxirgi 10 kun ichida umuman o‘tkazmay qo‘yishdi. Masalan, meni mahsulotlarim 8 kundan beri laboratoriya tekshiruvida xulosa berishmayapti. 14 ta yuk mashinasidagi sitrus mevalarim chegarada turibdi”, - deydi sitrus mevalar importi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlardan biri.

    Muammoli holat bo‘yicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi xodimlariga murojaat qildik. Inspeksiya mutasaddilari yurtimizga import qilinayotgan sitrus va subtropik mevalarni kiritilmasligi sabablariga izoh berdilar.

    Bizga berilgan javobda jumladan shunday deyiladi:

    “O‘zbekiston Respublikasiga olib kirilayotgan mahsulotlarning o‘simliklar karantini nazorati va ulardan olingan namunalarning laboratoriya tahlili davomida sitrus va subtropik mevalar mahsulotlarida sariq pomerans qalqondori, ananas kuyasi, sitrus inli kuyasi, sitrus oq qanoti, tut oq qalqondori, kuyalar, zarpechak, kakra, zamburug‘ va bakteriya zararli organizmlarining mavjudligi aniqlandi.

    O‘zbekiston Respublikasi hududini o‘simliklar karantinidagi va boshqa xavfli zararkunandalar, o‘simlik kasalliklari va begona o‘tlardan himoya qilish, ularning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek ular mavjud bo‘lmagan O‘zbekiston hududlariga kirib borishining oldini olish maqsadida hamda bahor faslining kirib kelishi va o‘simliklarni vegetatsiya davri boshlanishi bilan zararli organizmlarning qishlov fazasidan uyg‘onib, o‘simliklarga zarar yetkazishi, shu bilan birga qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtiruvchi dehqon va fermer xo‘jaliklariga katta miqdorda iqtisodiy zarar yetkazishi mumkinligini hisobga olgan holda O‘simliklar karantini inspeksiyasi tomonidan joriy yilning mart oyi boshida maxsus buyruq qabul qilinib, sitrus va subtropik mahsulotlarining olib kirilishiga cheklovlar o‘rnatildi.

    Respublikamizda o‘simliklar olami uchun katta xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan zararli organizmlarning hududlarimizda tarqalib, zarar yetkazishini oldini olish maqsadida, soha mutaxassislari tomonidan belgilangan o‘simliklar karantini chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda. Xususan, karantin agronom inspektorlari tomonidan respublikani fitosanitar tozaligini ta’minlash bo‘yicha o‘simliklar karantini nazoratidagi meva-sabzavot va boshqa mahsulotlar yetishtiriladigan va saqlanadigan joylar nazorati, zararli organizmlar aniqlangan holda ularni zararsizlantirish, yo‘q qilish yoki eksport qiluvchi davlatga qaytarib yuborish choralari kuchaytirildi”

    Inspeksiya xodimlari shu kunlarda cheklovlar asta-sekin kamaytirilishi haqida ma’lumot berishdi.

    Tadbirkorlar tomonidan: “Mutasaddilar biz bilan suhbat davomida: “Respublika hududiga kirayotgan import tovarlarni ozaytirish uchun shunday tadbir qo‘llanyapti” degani haqida shuni aytish mumkinki, importini sitrus mevalar hisobidan qisqartirishdan ma’no yo‘q. Sababi, yuqoridagi mahsulotlar (limondan tashqari), O‘zbekiston ob-havo sharoitida deyarli yetishtirilmaydi.

    Manba: Kun.uz

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » O‘zbekistonga banan va sitrus mevalar kiritilmayapti. Sabab nimada?