
Ko‘pchilik 2026 yilni Ot yili deb atayapti. Lekin bir “lekin” bor: Xitoy taqvimida yangi yil darrov 1 yanvarda emas, 17 fevral kuni kirib keladi. Demak, o‘sha kungacha hali Ilon yili “navbatchilik”ni topshirmagan hisoblanadi.
Xitoy taqvimi nima uchun bunday?
Xitoy taqvimi oy–quyosh tizimiga tayanadi: oylar Oy harakatiga, yil esa fasllarga moslashtiriladi. Shu sabab har yili Xitoy yangi yili sanasi o‘zgarib turadi va odatda yanvar oxiri — fevral o‘rtalari oralig‘iga to‘g‘ri keladi.
12 yillik hayvonlar aylanmasi
Xitoy taqvimida yillar 12 ta hayvon nomi bilan yuritiladi. Bu hayvonlar tabiat, xarakter va vaqt aylanishini ramziy ifodalaydi. Ro‘yxat quyidagicha:
1. Sichqon
2. Sigir
3. Yo‘lbars
4. Quyon
5. Ajdaho
6. Ilon
7. Ot
8. Echki
9. Maymun
10. Xo‘roz
11. It
12. Cho‘chqa
Nima uchun sikl Sichqondan boshlanadi?
Xalq rivoyatiga ko‘ra, Osmon hukmdori hayvonlarni chaqirib, kim birinchi kelsa — shunga birinchi yilni beraman, degan. Sichqon esa ayyorlik bilan birinchi bo‘lib yetib kelgan, sigir ikkinchi bo‘lgan, qolganlari esa kelish tartibiga ko‘ra joylashgan. Shuning uchun 12 yillik aylanma Sichqon yilidan start oladi.
Qisqasi, 2026 yil “Ot yili” degan gap to‘g‘ri, lekin u 17 fevraldan keyin rasman boshlanadi. Hozircha esa Ilon yilining “so‘nggi seriyalari” ketyapti — kim biladi, balki eng qizig‘i ham aynan oxirida bo‘lar.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.