
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoeva ilk bor katta intervyu berib, davlat boshqaruvidagi o‘rni, Prezident Shavkat Mirziyoevning ish uslubi hamda mamlakatda davom etayotgan islohotlarning asosiy yo‘nalishlari haqida batafsil to‘xtaldi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Uning aytishicha, Prezident administratsiyasining vazifasi avvalo strategik tusga ega: u rivojlanish ustuvorliklarini shakllantiradi, qabul qilingan qarorlar ijrosini nazorat qiladi va jamiyat bilan hokimiyat o‘rtasida qayta aloqani ta’minlaydi. Biroq tuzilma bevosita kundalik operativ boshqaruv bilan shug‘ullanmaydi.
Saida Mirziyoeva hozirgi davrni chuqur islohotlar bosqichi sifatida ta’riflab, barqaror o‘zgarishlar doimiy nazorat, mas’uliyat va jamoatchilik fikrini inobatga olmasdan ro‘y bermasligini ta’kidladi.
Prezidentning ish uslubiga to‘xtalar ekan, u davlat rahbarining muloqotga ochiqligi, odamlarni tinglay olishi va jamoasiga ishonishini alohida qayd etdi. Uning fikricha, O‘zbekistondagi o‘zgarishlar faqat qat’iy boshqaruv qarorlari bilangina emas, balki moslashuvchan yondashuv, ishonch va jamiyat bilan uzluksiz hamkorlik hisobiga ham amalga oshmoqda.
Intervyuda kadrlar salohiyatini oshirish, boshqaruvchilar uchun professional o‘sish sharoitlarini yaratish masalasi ham muhim yo‘nalish sifatida ko‘rsatildi.
Administratsiya ishida besh ustuvor yo‘nalish ajratildi: suv resurslari bilan ta’minlash, ta’limni rivojlantirish, sog‘liqni saqlashni takomillashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va sud-huquq tizimini isloh qilish. Suv masalasi agrar mamlakat uchun strategik ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Ta’lim va tibbiyotdagi o‘zgarishlar esa uzoq muddatli vazifalar qatoriga kiritildi: natija tez ko‘rinmasligi mumkin, biroq barqaror taraqqiyot aynan shu sohalarsiz ta’minlanmaydi.
Sud tizimi mavzusi intervyuda alohida o‘rin oldi. Saida Mirziyoeva shaffof va adolatli odil sudlov bo‘lmasa, iqtisodiy islohotlar samarasi, investitsiyalarni jalb etish hamda fuqarolarning davlatga ishonchini mustahkamlash qiyinligini bildirdi.
Shaxsiy qiziqishlari haqida gapirar ekan, u xalqaro diplomatiya va muloqot yo‘nalishi o‘ziga yaqinligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, hamkorlik va muloqot, jumladan xalqaro maydonda ham, yakunda bir maqsadga — odamlar hayoti sifatini yaxshilashga xizmat qiladi. “Har bir inson muhim” tamoyili davlat siyosatining asosiy mezonlaridan biri ekani qayd etildi.
Saida Mirziyoeva Prezident administratsiyasi rahbari lavozimiga tayinlanishi sababi sifatida davlat rahbarini hududlardagi vaziyat bo‘yicha bevosita, xolis va o‘z vaqtida axborot bilan ta’minlash zaruratini ko‘rsatdi. Bu yondashuv joylardagi real muammolarni tez aniqlash va islohotlar ijrosini samarali nazorat qilish imkonini berishini bildirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.