
Shov-shuvli xalq tabibi Ikbol Soliev ma’muriy qamoq jazosi muddati tugagach, ozodlikka chiqdi. U darhol Instagram’dagi obunachilariga murojaat qilib, huquq-tartibot idoralari “litsenziyasiz faoliyat yuritgan” degan da’voni rad etdi hamda sudning ma’muriy javobgarlik haqidagi qaroriga rozi emasligini bildirdi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Solievning aytishicha, 2024 yildan buyon tegishli hujjatlarsiz ishlagani haqidagi gaplar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. U O‘zbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasi tomonidan berilgan guvohnomalari, jumladan muddatsiz hujjatlari borligini, shuningdek Qozog‘iston sog‘liqni saqlash organlaridan olingan sertifikat va guvohnomaga ega ekanini ta’kidladi.
Murojaatda Solievning advokati ham fikr bildirib, tarqalayotgan ma’lumotlarning bir qismini “noto‘g‘ri va asossiz” deb atadi. U xususan, tabibning litsenziyasi muddati tugagani haqidagi xabarlarni inkor etdi. Himoyachi, shuningdek, Solievga nisbatan qo‘llangan ma’muriy modda bilan ham kelishmay, uning faoliyati “ommaviy targ‘ibot” sifatida noto‘g‘ri talqin qilinganini, ma’lumot tarqatish esa qonun ruxsat bergan doira ichida bo‘lganini bildirdi.
Avvalroq internetda reklama roliklari paydo bo‘lgach, Soliev tegishli litsenziyasiz xizmat ko‘rsatganlikda ayblanib, ma’muriy javobgarlikka tortilgani xabar qilingandi. Qo‘qon shahar IIB ma’lumotiga ko‘ra, assotsiatsiya bergan hujjatlarining amal qilish muddati 2024 yil 21 dekabrda yakunlangan. Yil boshida ham u ruxsatsiz xizmat ko‘rsatgani uchun jarimaga tortilgan, biroq faoliyatini davom ettirgani aytiladi. Noyabr oyida unga nisbatan yana ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ish sudga oshirilgan, 17 dekabr kuni esa sud uni 10 sutkaga qamoq jazosiga hukm qilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.