19:37 / 19.05.2019
3 980

«200 foizlik boj bilan himoyalansak hamki, qozoqlarning muzqaymog‘iga talab kattamish...»

«200 foizlik boj bilan himoyalansak hamki, qozoqlarning muzqaymog‘iga talab kattamish...»
Kecha «Spot»da berilgan «Bahroma» muzqaymog‘i haqidagi xabarni o‘qib ezildim. Oddiy xabar, lekin uni o‘qish davomida yuzaga kelgan hayrat va tug‘ilgan savollar boshimni og‘ritib tashladi.

Birinchidan, «Bahroma» — qozoqlarning muzqaymog‘i ekan (bilmasdim, do‘konlarda ko‘zim tushgan, hech yeb ko‘rmagandim, nomidan xuddi Made in Uzbekistan mahsulotga o‘xshaydi, to‘g‘risi).

Ikkinchidan, «Bahroma» muzqaymoqlari O‘zbekistonda Qozog‘istondagidan amalda ikki barobar qimmat sotilayotgan ekan. Sababi — muzqaymoq olib kirishga 200 foizlik boj bor ekan, «O‘zbekiston shu yo‘l bilan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilmoqda» ekan.

Uchinchidan, «Bahroma» muzqaymoqlari O‘zbekistonda qozoqlar kutganidan ham yaxshiroq, hatto zo‘r sotilayotgan ekan. «Biz bunchalik talab bo‘ladi, deb kutmagandik. O‘zbekistonliklarning xarid quvvati pastroqdek ko‘ringandi», — deyapti «Bahroma»ni chiqaradigan muzqaymoq zavodning rahbari.

Men O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mashinalar O‘zbekistondan ko‘ra chet elda arzonroq sotilganini ko‘p eshitganman. Hatto, shu yaqinda maishiy texnika ishlab chiqarish bo‘yicha «milliy iftixori»miz ham o‘z mahsulotlarini O‘zbekistondan ko‘ra yaqin xorijda arzonroq sotishi haqida gap eshitdim.

Men, yana, «Falonteks», «Pistonteks» degan to‘qimachilik korxonalarimiz chiqargan haqiqatan ham sifatli mahsulotlar o‘zbekistonliklarga qimmat, chet elliklarga arzon sotilishini ham eshitganman (shuning uchun, aytishlaricha, futbolkalarni, deylik, Turkiyadan import qilish arzonroq tusharmish).

Bunaqa holatlar haqida ko‘p eshitganman. Bunaqa holatlarda aytiladigan bahonani ham taxminan bilaman: «Chetdan valyuta kirishi uchun qilinyapti-da bu ishlar!». Xuddi shu bahonai sabab bilan issiqxona-yu g‘isht zavodlarni gazdan uzib («valyutani yoqyapmiz axir!»), gazni chet elga sotmoqchimiz, gap-so‘zlarga qaraganda.

Lekin, qozoqlarga qarang, yaxshiroq, sifatliroq mahsulot chiqarib, uni chet elda ikki barobar arzon emas, ikki barobar qimmat sotsa ham bo‘larkan. 200 foizlik boj bilan «mahalliy ishlab chiqaruvchilarimizni himoya qilib» qo‘ysak hamki, qozoqlarning muzqaymog‘iga o‘z yo‘nalishida talab kattamish.

Qurib ketgur, bu 100, 200 foizlik bojlar sifatli mahsulotning xaridor tomon yo‘lini to‘sa olmasa, xaridorni «himoya qilingan mahalliy ishlab chiqaruvchilar»ga murojaat qilishga majbur qila olmasa, nima keragi bor odamlarni qiynab, norozi qilib?

Shuncha «himoya qilingan», «asrab-avaylangan» mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz hech bo‘lmasa Qozog‘istondagichalik muzqaymoq, shirinlik ishlab chiqara olmasa, ehtimol, ularni «himoya qilish», «asrab-avaylash»ni (o‘zimizning odamlarga «soliq, boj solish»ni) bas qilish kerakdir balki?

O‘z mamlakating korxonalari ishlab chiqargan mahsulotlarni sotib olishni, shu yo‘sinda o‘z mamlakating iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlashga hissa qo‘shishni vatanparvarlik, deyishadi. Bu fikrga qo‘shilmaslik qiyin. Lekin bu — mamlakating korxonalari ishlab chiqargan mahsulot sifatsiz va qimmat bo‘lsa ham ularni sotib olish kerak, degani emas. Yo‘q.

Manba: Muhrim telegram kanali

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «200 foizlik boj bilan himoyalansak hamki, qozoqlarning muzqaymog‘iga talab kattamish...»