23:15 / 14.06.2019
2 996

Bosh prokuratura: Yusupov ishi bizning ish yurituvimizda emas, nazoratimizda

Bosh prokuratura: Yusupov ishi bizning ish yurituvimizda emas, nazoratimizda
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mutasaddilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan «2019 yilning dastlabki 5 oyi mobaynida prokuratura organlari faoliyati» mavzusida brifing bo‘lib o‘tdi. Asosan savol-javoblardan iborat brifingda jurnalistlar tomonidan bir qator masalalar ko‘tarildi.

Bu savollarga prokuratura organi xodimlari tomonidan imkon qadar batafsil javoblar berildi.

10 may kuni Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) nazarda tutgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanib qo‘lga olingan O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori Said-Abdulaziz Yusupov asosiy mavzulardan biri bo‘ldi.

«Jinoyat-protsessual kodeksining 345-moddasida qaysi organ qaysi holatda ko‘rib chiqishi mumkinligi keltirib o‘tilgan. Unda 168-moddaning (firibgarlik) ikkinchi va uchinchi qismlarida ichki ishlar organlari vakolatidaligi belgilangan. 168-moddaning 4-qismi «a» bandi bo‘yicha qaysi organ ishni olib borishi keltirilmagan. Jinoyat-protsessual kodeksimizda jinoyatlar borki, tegishliligi ko‘rsatilmagan. Bunday holatlarda jinoyat ishini qo‘zg‘atgan organ tergovni olib borishga haqli hisoblanadi. Bu shaxs aynan Davlat xavfsizlik xodimiman degan vaj bilan jabrlanuvchilardan katta summada pul olgan.

Mana shu argument yuzasidan ham Davlat xavfsizlik xizmati tergov olib bormoqda. Unga nisbatan sud tomonidan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Bu ish yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan nazorat o‘rnatilgan. Bosh prokuratura qabulxonasiga Said-Abdulaziz Yusupovning onasi murojaatidan so‘ng, nazorat qiluvchi prokuror tomonidan tibbiy va komissiyaviy ekspertiza tayinlandi. Bundan tashqari, ortiqcha tushunmovchiliklar bo‘lmasligi tufayli ham tibbiy ekspertiza va komissiyaviy ekspertiza o‘tkazildi. Ularning natijalari yaqin kunlarda e’lon qilinadi», deya ma’lumot berildi Yusupov ishi nega DXX tomonidan ko‘rib chiqilayotgani to‘g‘risidagi savolga javoban.

Jurnalistlardan biri «Said-Abdulaziz Yusupovning jinoiy sheriklari bo‘lgan-bo‘lmagani» haqida so‘radi.

«Ushbu tergov harakatlarida shaxsan qatnashmaganman. Menga berilgan ma’lumot doirasida ma’lum qilishim mumkin. Uning jinoiy sheriklari haqida biror ma’lumot berolmayman», deya javob qaytardi Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Surayyo Rahmonova.

«Bu ish tafsilotlarini aniqlash bu tergov jarayonida aniqlanadigan holat. Bu ish bizning nazoratimizda. Lekin bu bizning ish yurituvimizda degani emas. O‘ylaymanki, Said-Abdulaziz Yusupov ishi bo‘yicha sud o‘zining munosabatini beradi. Ayblov xulosasi o‘rganiladi. Sud munosabatidan so‘ng, bu masalaga qaytish to‘g‘ri bo‘ladi», deya Bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

10 may kuni Said-Abdulaziz Yusupov Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinib ushlangan va DXX tergov hibsxonasiga joylashtirilgan.

12 may kuni DXX Tergov boshqarmasi tomonidan S.Yusupov jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, unga nisbatan qamoq tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Biroz avvalroq Bosh prokuratura Said-Abdulaziz Yusupovga qiynoq qo‘llanilganini rad etgandi.

Respublika Sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahar filiali tomonidan o‘tkazilgan 16 maydagi xulosasida, S.Yusupovda qon-tomir kasalligi aniqlangan bo‘lsada, ayblanuvchining salomatligi holati unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasini qo‘llanilishi va tergov harakatlarida ishtirok etishiga to‘sqinlik qilmasligi ko‘rsatilgan.

7 iyun kuni ayblanuvchi S.Yusupovning onasi J.Bakayeva Bosh prokuratura rahbariyati qabulida bo‘lib, tergov jarayonida o‘g‘li jismoniy qiynoqqa solinayotganligi haqida murojaat qilgan va o‘g‘lini uning himoyachisi ishtirokida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni so‘ragan.

8 iyunda Bosh prokuratura tomonidan himoyachi A.Shaymardonov va tergov ustidan nazorat olib boruvchi prokuror D.Raxmatullayev ishtirokida mutaxassis-shifokorlarni jalb qilgan holda ayblanuvchi S.Yusupov tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganda, uning tanasida biron-bir tan jarohati yoki qiynoq alomatlari aniqlanmadi.

S.Yusupov o‘z himoyachisi A.Shaymardonov ishtirokida ixtiyoriy bergan yozma tushuntirishida unga nisbatan tergov jarayonida hech qanday jismoniy yoki ruhiy tazyiqlar o‘tkazilmaganligini, hozirda kasalligi bo‘yicha tegishli dori vositalari va tibbiy muolajalarni o‘z vaqtida olayotganligini bildirdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bosh prokuratura: Yusupov ishi bizning ish yurituvimizda emas, nazoratimizda