22:23 / 05.12.2019
2 744

«Ishsizlik, korrupsiya, bozorlar uchun raqobat va ekologiya...» - O‘zbekiston yaqin o‘n yillikda to‘qnashadigan eng dolzarb muammolar haqida

«Ishsizlik, korrupsiya, bozorlar uchun raqobat va ekologiya...» - O‘zbekiston yaqin o‘n yillikda to‘qnashadigan eng dolzarb muammolar haqida
O‘zbekiston yaqin o‘n yillikda to‘qnashishi mumkin bo‘lgan eng dolzarb muammolar qaysilar va ularga qanday yechim topiladi? Bu borada siyosiy partiyalar rahbarlarining fikri bilan qiziqdik.
Yaqinlashib qolgan saylovlar oldidan partiya rahbarlari va jamoatchilik ishtirokidagi muloqotlar shu kunlarda avj pallasiga kirdi.

Bu kabi uchrashuvlarda aytilayotgan ayrim fikrlar jamoatchilik tomonidan birda norozilik, birda shunchaki kulgi bilan kutib olinayotgani rost. Bu haqda juda ko‘p yozilyapti. Ammo, shu holatda ham partiyalar va ularning rahbarlari jamoatchilik uchun ilk bor «ochilayotgani», muloqotga kirishayotganini faqat ijobiy holat sifatida baholash mumkin.

Bir muddat avval siyosiy partiya rahbarlaridan O‘zbekiston yaqin yillarda hal qilishi kerak bo‘lgan uchta muhim masala va ularning yechimi borasida fikrlari so‘ralgandi, bu safar liderlarga O‘zbekiston yaqin yillarda to‘qnashishi mumkin bo‘lgan eng dolzarb masalalar borasidagi savol bilan yuzlandik.

Narimon Umarov, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi yetakchisi:
«Fikrimcha, O‘zbekiston yaqin o‘n yillikda ishsizlik, korrupsiya, infratuzilma zaifligi, investitsiyalar yetishmovchiligi, norasmiy (xufyona) iqtisodiyot ulushi yuqoriligi, ta’lim sifati pastligi, shuningdek, oliy ma’lumotli kadrlar yetishmasligi kabi muammolar bilan to‘qnashishi mumkin».

Narimon Umarov savolga javob berish asnosida shuningdek, O‘zbekiston yaqin o‘n yillikda amalga oshirishi kerak bo‘lgan muhim masalalarga ham e’tibor qaratdi. Uning ayishicha, dunyo bozoriga raqobatdosh mahsulot olib kirish, va buning uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy etish dastlabki muhim masalalardan hisoblanadi.

Keyingi masalalar:
- Tadbirkorlikni rivojlantirish uchun shunga mos ravishda infratuzilmalarni ham talab darajasida rivojlantirish (yo‘llar, elektr tarmog‘i, kommunikatsiya, AKT va boshqalar);
- Demografik o‘sishni hisobga olgan holda 10 yil ichida aholi kichik va o‘rta tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun katta imtiyozlar berish;
- Keyingi o‘n yillikda qishloq hududlaridagi aholining turmush sharoitini yanada yaxshilash masalasi.

Bu borada qishloq joylarda (namunaviy uy-joy qurish imkoni yo‘q joylarda infratuzilmaga bog‘liq) fuqarolarga uy-joy qurish uchun yer maydonlari ajratib berish muhim hisoblanadi. Sababi, qishloq va ovullarda aholi soni oshib bormoqda va hozirgi kunda uy-joy qurish uchun yer maydonlari faqat auksionda sotilmoqda, kam ta’minlangan oilalar birdaniga yer sotib olishi qiyin.

Agar bu masala o‘z vaqtida hal qilinmasa, qishloq joylardagi aholining norozichiligiga sabab bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistonda namunaviy uylar qurish ishlari 2009 yilda boshlangan edi. Oradan 10 yil o‘tdi, ammo namunaviy uylar infratuzilmasi (ichimlik suv, kanalizatsiya, gaz ta’minoti) yetarli bo‘lmagan joylarda holat og‘irlashishi mumkin.

Alisher Qodirov, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi yetakchisi:
«Yaqin o‘n yil ichida Markaziy Osiyo mintaqasida va umuman, butun dunyoda bozorlarni egallash uchun raqobat yanada keskinlashadi. Demak, siyosiy va iqtisodiy jarayonlar ham o‘z-o‘zidan jiddiy faollashishi kutiladi.

Bir narsa aniq: O‘zbekistonda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning jamiyat va iqtisodiyotimizni qanchalar o‘zgartira olishi yaqin 100 yillikdagi holatimizni ham belgilab beradi. Bu jarayonda jamiyatning ongli xotirjam va tadbirkorlarni samarali faol bo‘lishi hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Men bu borada O‘zbekistonda ikkita muhim qaror qabul qilinishi zarur deb hisoblayman:

1) Shaxslar va Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlari uchun 2020 yilning 1 yanvaridan Soliq amnistiyasini e’lon qilish.
Bu qaror tadbirkorlar islohotlarga ishonishiga va shaffoflashuvga olib keladi. O‘z o‘rnida iqtisodiyotimizga qo‘shimcha resurslar taqdim etadi;

2) Ta’limga «uzluksiz tarbiya tizimi»ni joriy qilish.
Bu yaqin 10-15 yilda davlat-jamiyat o‘rtasida konstruktiv-ijobiy hamkorlik ruhini yaratishiga ishonaman».

Aktam Xayitov, Liberal-demokratik partiya yetakchisi:
«Liberallar» yetakchisining tahlillariga ko‘ra, O‘zbekiston yaqin o‘n yillikda duch keladigan eng dolzarb muammolardan biri bu – aholining ish o‘rinlariga bo‘lgan o‘sib boruvchi talabni qondirish masalasi hisoblanadi.

«Shuningdek, rivojlantirish talab etiladigan sohalarda malakali kadrlar yetishmovchiligi, tadbirokrlikni jadal rivojlantirish uchun zarur infratuzilma (axborot-kommunikatsiya, transport logistika sohalari) yaxshi rivojlanmagani muammosi yaqin o‘n yillikda oldimizda katta to‘siq bo‘lishi mumkin», deydi u.

Aktam Xayitov O‘zbekistonda birinchi navbatda e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan vazifalarga ham to‘xtalib o‘tdi.
Unga ko‘ra, quyidagi masalalarni hal etish xalqimizning hayot darajasini yaxshilashda muhim omil hisoblanadi:

1) jon boshiga yalpi ichki mahsulotni 2030 yilgacha kamida 2 barobarga oshirish, buning uchun real sektor tarmoqlarida investitsiyalar kiritishni ko‘paytirish, modernizatsiyalash, innnovatsiyalarni joriy qilish, mehnat unumdorligini kamida 2 barobar oshirish;
2) Mehnat bozoridagi vaziyatni barqarorlashtirish, yaxshi haq to‘lanadigan ish o‘rinlariga bo‘lgan o‘sib boruvchi talabni qondirib borish va malakali kadrlarni yetishtirishni ta’minlash, har yili sanoat, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalarida kamida 450-500 ming ish o‘rinlari yaratilishini ta’minlash;
3) Axborot-kommunikatsiya, transport logistika sohalarini jadal rivojlantirish;
4) Biznes yuritishning qulay sharoitini ta’minlash, tadbirkorlik uchun sharoitni kengaytirish, «Har bir oila – tadbirko«» tamoyilini hayotga keng tatbiq etish, 2025 yilga qadar oilalarning kamida 60 foizini ushbu dastur bilan qamrab olish.
5) xususiy mulk daxlsizligini, tadbirkorlik va tadbirkorlarni ishonchli himoyalashni ta’minlashda sudlarning rolini kuchaytirish.

Ulug‘bek Inoyatov, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi lideri:
«Ilyosbek, keling, O‘zbekiston uchun yangi imkoniyat va sharoitlar haqida suhbatlashsak. Ana shunday imkoniyatlardan birinchisi, islohotlarning strategik maqsadiga erishish – 2030 yilda daromad darajasi bir kishiga yashash minimumidan kamida 1,5 baravar oshiq bo‘lgan hisobdagi dunyoning o‘rtacha rivojlangan mamlakatlari qatoriga kirish bilan ochiladi.

Yevropa mamlakatlarida bunday daromadga ega kishilar o‘rta sinfga kiradilar va aholi umumiy sonining kamida 70-80 foizini tashkil etadi.
Yaqin 5-10 yil ichida kam ta’minlangan kishilarning ulushini ikki barobarga qisqartirish ana shunday darajaga erishish sharti hisoblanadi.

Bu bizga o‘rtacha rivojlangan mamlakatlar erishgan taqqoslama darajani va ko‘pchilik aholining turmush sifatini ta’minlash uchun imkoniyatlar eshigini ochadi».

Boriy Alixonov, O‘zbekiston ekologik partiyasi yetakchisi:
«Yashillar» partiyasi lideri O‘zbekiston yaqin yillarda to‘qnashishi mumkin bo‘lgan eng dolzarb masalalarning barchasini ekologik muammolarda ko‘rishi ma’lum bo‘ldi.

«Hozirning o‘zida bo‘y ko‘rsatib turgan va yaqin o‘n yillikda yanada dahshatli tus oladigan muammolarimizdan birinchisi bu – Suv resurslarining tanqisligi masalasi.

Bilasizmi, 1 kg kartoshkani yetishtirish uchun 100 litr suv ishlatiladi, 1 kg guruch uchun 4000 litr, 1 kg mol go‘shti yetishtirish uchun esa o‘rtacha hisobda 13000 litr suv sarflanadi.

Bu borada iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida suvni tejaydigan, shu jumladan tomchilatib sug‘orish texnologiyalaridan keng foydalanishga qaratilgan loyihalar amaliyotga tatbiq etilishi hisobiga suv sarfini kamaytirishga erishish hamda sug‘oriladigan yerlarning 25 foizigacha maydonida suvni tejovchi (tomchilatib sug‘orish) samarali texnologiyalarni joriy etishni ta’minlash va tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etayotgan dehqon-fermerlarga ajratilayotgan subsidiya qiymatini ikki barobarga oshirishga erishish lozim.

Ikkinchidan, iqlim o‘zgarishi keskinlashuvi va harorat ko‘tarilishi.
Bu borada iqlim o‘zgarishiga moslashuv mexanizmini ishlab chiqish va ekologik sharoitdan kelib chiqib hududlarni rayonlashtirish oldimizda turgan dolzarb masala hisoblanadi.

Uchinchidan, O‘zbekistonning yirik shaharlarida transport vositalari ko‘payishi hisobiga yo‘llarda tirbandliklar oshib borishi hamda yo‘l infratuzilmamiz takomillashtirishga muhtojligi masalasi.
Bunda shaharsozlikni loyihalash tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish, infratuzilma va logistika tizimini takomillashtirish masalasi e’tibor markaziga chiqadi.

To‘rtinchidan, tabiiy resurslarning kamayib borishi muammosi.
Bu borada tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonunlarni kodifikatsiya qilish va O‘zbekiston Respublikasining Ekologik kodeksini qabul qilish masalasi ham o‘ta dolzarb masala hisoblanadi.

Beshinchidan, aholini elektr energiya bilan yetarli darajada ta’minlash muammosi.
Ushbu muammoni hal qilishning yagona yechimi bu – energetika tarmog‘ini diversifikatsiyalashni ta’minlash hisoblanadi».

Ilyos Safarov tayyorladi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Ishsizlik, korrupsiya, bozorlar uchun raqobat va ekologiya...» - O‘zbekiston yaqin o‘n yillikda to‘qnashadigan eng dolzarb muammolar haqida