23:44 / 10.12.2019
3 976

”Korrupsiyani yo‘qotishni pastdan emas, tepadan boshlash kerak!”

”Korrupsiyani yo‘qotishni pastdan emas, tepadan boshlash kerak!”
So‘nggi 3-4 kun ichida internet nashrlari va ijtimiy tarmoqlarda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amaldorlarimizning turli so‘zlari aylanib yuribdi. Ko‘tarilgan masalalar orasida o‘lim jazosi, dindan foydalanish va hokazolar bor. Aftidan hamma futbol o‘ynayaptiyu, lekin gol urish niyati yo‘q. Mayda baliqlarni ushlash, balandparvoz bayonotlar bilan korrupsiyani yengib bo‘lmaydi va bunga xalqni ishontirish ham qiyin.

Va eng muhimi, korrupsiyaga qarshi kurash o‘zimiz, o‘zbekistonliklar uchun qilinishi kerak, investitsiya, reytinglar uchun emas. Odatda korrupsiyaga qarshi kurashish ikkita asosga ega bo‘lishi kerak: xalq ishonchi, qo‘llab-quvvatlovi hamda siyosiy xohish. Korrupsiyaga toqatsizlik aholi turmush darajasi o‘sishi bilan uzviy kechadigan jarayon bo‘lib, nazarimizda quyidagi qat’iy choralarni ko‘rishni talab qiladi:

Birinchidan, barcha vazirlik va idoralarda korrupsiya holatini tekshiradigan, o‘rganadigan va jinoiy ish qo‘zg‘ash vakolatiga ega hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat rahbariga bo‘ysunadigan maxsus organ tuzish. Mazkur organ tomonidan o‘rganilgan korrupsiyaga oid har bir ish o‘z vaqtida jamoatchilikka ma’lum qilib borilishi kerak. (Gongkong, Singapur).

Ikkinchidan, korrupsiyaviy jinoyatlarda mansabdor shaxslar va davlat xizmatchilariga nisbatan aybsizlik prezumpsiyasini bekor qilish. Jinoyat kodeksining 211-moddasi (pora berish), 212-moddasi (poraga vositachilik qilish)ni bekor qilish yoki ma’muriy javobgarlikka o‘tkazish. Bergan ham, vositachilik qilgan ham emas, pora olgan jazolansin. Pora olinmasa, demak, pora berilmaydiyam. Bu, o‘z navbatida, korrupsiyaga qarshi kurash deganda, turli yo‘llar bilan pora berishga undash va ularni televizor orqali ko‘rsatib, korrupsiyaga qarshi kurashilmoqda, degan yolg‘on tasavvurlarni to‘xtatadi.

Uchinchidan, O‘zbekiston jinoyat qonunchiligiga BMTning Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi konvensiyasi 20-moddasi (noqonuniy boylik orttirish)ni implementatsiya qilish, javobgarlik belgilash. Bu o‘z-o‘zidan davlat xizmatchilari, ularning oila a’zolari daromadlarini deklaratsiyalash tizimini joriy qilish va jamoatchilik uchun e’lon qilishni ko‘zda tutadi. Shunda uyi, chet elda dam olishi yoki to‘layotgan krediti summasi va boshqa daromadlarining kelib chiqishini isbotlay olmasa, demak, o‘z-o‘zidan korrupsiya sifatida baholanishi kerak. Oyligi 5-6 million so‘m, lekin 150-750 ming dollarlik hashamatli uylarda yashaydigan amaldorlar ancha tipirchilab qolar edi.

To‘rtinchidan, chinakam ochiq ma’lumotlar portalini yaratish. Unda davlat va mahalliy byudjet orqali to‘lanadigan barcha bitimlar haqida batafsil ma’lumotlar, ko‘chmas mulklar reyestri, mansabdor shaxslar daromadlari, ular qabul qilgan sovg‘alar, byudjet buyurtmalarini bajargan barcha yuridik shaxslar, ularning benifitsariylari haqida to‘liq ma’lumot joylashtirish, undan foydalanish maqbulligini ta’minlash kerak bo‘ladi. (Sloveniya. Darvoqe, quyidagi suratda sloveniyalik amaldorlar tomonidan olingan sovg‘alar haqida ma’lumot berilgan: kim olgan, narxi qancha, nima uchun berilgan, bevosita yoki bilvosita olgan va hk)

Albatta, bularning barchasi IMHO (yoki takliflar).
Manba davletov.uz telegram kanali

Eslatma: Saytda chop etiladigan mualliflik maqolalarida keltirilgan fikrlar muallifga tegishli va ular Zamin.uz tahririyati nuqtai nazarini ifoda etmasligi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » ”Korrupsiyani yo‘qotishni pastdan emas, tepadan boshlash kerak!”