
Kataloniyaning yosh iste’dodi Pau Kubarsi “Barselona” klubi sharafini himoya qilar ekan, 26-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan “El-Klasiko” oldidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, “Real Madrid”ga qarshi uchrashuv har doim o‘ziga xos mas’uliyatni talab qiladi, ammo u bunday bosimni his qilmayotganini bildirdi.
Yosh himoyachi o‘tgan mavsumdagi o‘yinlarni eslab, jamoasining salohiyatini yana bir bor ko‘rsatishga tayyorligini qayd etdi:
“Biz o‘tgan mavsumda ularni to‘rt marta mag‘lub etganmiz. Bu orqali ‘Barselona’ning qay darajada kuchli ekanini isbotlaganmiz. Oldimizda yangi sinov, yangi o‘yin turibdi. ‘Real’ bizdan revansh olishni xohlaydi, ammo biz o‘z o‘yinimizga ishonishimiz kerak,” — dedi Kubarsi.
Suhbat davomida jurnalistlar uning “Santyago Bernabeu”da o‘ynash bo‘yicha fikri bilan ham qiziqdi. Kubarsi bu savolga shunday javob berdi:
“Klasikoni butun dunyo kuzatadi. Bu nafaqat Ispaniya, balki jahon futbolidagi eng muhim to‘qnashuvlardan biri. Lekin men hech qanday bosim his qilmayapman. Aksincha, ‘Bernabeu’da o‘ynashni har bir futbolchi orzu qiladi. U yerdagi atmosfera butunlay boshqacha, lekin bu biz uchun ilhom manbai hisoblanadi.”
Yosh himoyachi shu bilan birga muxlislarga jamoa g‘alaba uchun maydonga chiqishini va “Barselona”ning kuchli ruhi hamon saqlanib qolayotganini bildirdi.
Ma’lumot uchun, Ispaniya La Ligasining 10-turidagi “Real Madrid” va “Barselona” bahsi 26-oktyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:15 da start oladi. Bu o‘yin har ikki jamoa uchun ham mavsumning eng muhim bellashuvlaridan biri bo‘lishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!