16:45 / 18.12.2019
3 417

MIB xodimi: «Yomonam burchakka tiraysizlar-yey...»

MIB xodimi: «Yomonam burchakka tiraysizlar-yey...»
Foto: «Xabar.uz»
1
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi (MIB) mutasaddilari yigirma kunda ikkinchi marta ommaviy axborot vositalari (OAV) xodimlari uchun brifing o‘tkazdi.
Tadbir tafsilotlari bayonidan burun ikki og‘iz gapga ehtiyoj borday...
2
To‘rtta odamning oldida gapirishning o‘zi bo‘lmaydi, rost. Ommaviy axborot vositalari xodimlari oldida-ku, inchunin. Ayniqsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari! Yaqin-yaqingacha jurnalistlarning «yuzini ko‘rmay yurgan» mazkur soha vakillari endi ular bilan tez-tez uchrashib, muayyan mavzuda axborot berishdan tashqari og‘ir-og‘ir savollarigayam javob qaytarishiga to‘g‘ri kelmoqda. Gapning po‘stkallasi — ulargayam osonmas: «ortiqcha» gapirib yuborsa rahbarlaridan baloga qolishi mumkin, «qog‘ozga qarab aytganlari»dan jurnalistlarning «qorni to‘ymaydi».

«Oltin o‘rtaliq»ni topish yoki yalang‘och qo‘lga tutqich bermaslik har kimning qo‘lidan kelavermaydi (hammayam Svetlana Ortiqova yoki Erkin Yo‘ldoshev emas-da). O‘tkazilayotgan matbuot anjumanlarining aksariyati goh qizg‘in, goh keskin bahs-munozaralarga aylanishi sababiyam shunda. Zero, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga savol ko‘p. Juda ko‘p...

Foto: «Xabar.uz»
3
...Majburiy ijro byurosi (MIB) huquqni muhofaza qiluvchi organlardan biri. Byuro Bosh prokuratura tizimidagi eng katta va muhim tarmoq bo‘lib, huquqiy ta’sir choralari qo‘llashdek vakolatlarga ega. MIB tashkil etilganiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Yangi tashkilot paydo bo‘lib, faoliyati izga tushishi ma’lum vaqt talab etishi tabiiy. Biroq byuroga yuklatilgan vazifalar zalvori «ishni yo‘lga qo‘yvolishga» fursat qoldirmadi, aksincha, darhol oyoqqa turishi shart qilindi. Bu jarayonda turli tushunmovchiliklar ro‘y berib, muayyan xatoliklarga yo‘l qo‘yilishi ehtimoli ko‘p ediki, shu va shu kabi omillar sabab OAV MIBchilarni «ko‘z ochirmay» qo‘ygani bor gap.

Shunga qaramay tizim rahbariyati tanqidlardan ortiqcha «jirillagani» yo‘q: asosli bo‘lsa — bosh ustiga qabul qildi, bahsli bo‘lsa — tushuntirish berishdan erinmadi, asossizlariga ba’zan raddiya bersa, ba’zan qo‘l silkib qo‘yaqoldi. Illo, OAVdagi chiqishlar e’tiborsiz qoldirilmayotir. Bal’aks, tez-tez brifinglar uyushtirib, tizimdagi yangliklardan boxabar etishmoqda.

...Mana, bugun (17 dekabr), MIB mutasaddilari keyingi yigirma kun nari-berisida ikkinchi bor OAV xodimlari qarshisida turibdi. Shundan kelib chiqib, har brifingda jurnalist va blogerlar tomonidan «talab tashlanish»lariga qaramay tez-tez ochiq muloqot uyushtirayotganini alohida ta’kid etmaslik insofdan bo‘lmas...
4
...Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan navbatdagi tadbir mavzusi jismoniy shaxslarning hisob-raqamlariga qo‘yilayotgan taqiqi (cheklov)ga doir edi. MIB direktori o‘rinbosari Sh.Haydarov mavzu yuzasidan qisqa axborot berdi, so‘ng savol-javoblarga o‘tildi.

Foto: «Xabar.uz»
«Qog‘ozga o‘rab» tushuntirildiki, darding bo‘lsayam qarzing bo‘lmasin. Ayniqsa, yetkazib berilgan energiya resurslaridan! To‘lov madaniyatimiz havas qilgulik emas. Shu bois MIB xodimlari goh keskin, biroq qonun doirasida choralar qo‘llashga majbur bo‘lmoqda. «Chegaradan chiqayotganlari»ga-ku o‘rnida chora ko‘rilayotir. Va bu yashirilayotgani ham yo‘q. Tizim xodimlariga energiya resurslaridan hosil bo‘lgan qarzdorlik uchun iste’molchining plastik kartasidan (eng kam ish haqining ikki baravaridan oshmaydigan miqdorda) pul mablag‘larini so‘zsiz yechib olish vakolati berilgandi. Biroq ayni vakolatdan MIBchilar foydalangani yo‘q.

Aksincha, aholining e’tiroz va takliflaridan kelib chiqib, kelasi yilning 1 iyuliga qadar bu tartibga moratoriy e’lon qildi. Shu tariqa banklarga yuborilgan 140 mingtadan (!) ko‘proq ijro hujjatlari (ijrosiz) qaytarildi. Ungacha energiya resurslari va qattiq maishiy chiqindilar uchun to‘lovlarni undirish, sud va boshqa organlar hujjatlari majburiy ijrosini ta’minlashning shaffof tizimini yaratish, qarzdorlarga xabar berish tizimi takomillashtiriladi...
5
Shu va shu kabi vazifalardan kelib chiqib, ayni kunda byuro, bank muassasalari va boshqa hamkor tashkilotlar o‘rtasida elektron axborot almashish tizimini integratsiyalash, ayni jarayonda jismoniy shaxslarning Yagona identifikatsiya tizimini yo‘lga qo‘yish ustida ish olib borilmoqda.

Mazkur tizim fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliklariga chek qo‘yadi, nasib... Negaki, ayni paytda qarzdor ko‘p ovora bo‘lib, qo‘shimcha vaqt va asab yo‘qotayotgani bor gap. Deylik, biror to‘lovdan qarzi bor odam uni bartaraf etgach, bu haqda ma’lumotnoma ko‘tarib, MIBga boradi. O‘z navbatida, MIB unga qarzi uchun taqiq solingan mulkini yechish to‘g‘risida hujjat tutqazadi. Hujjatni qo‘lga olgan odam endi tegishli tashkilotga chopishi kerak: mana, kerakli ma’lumotnoma, endi mulkimni taqiqdan yechib bering, deb...

Taqiq yechilishi soatlar emas, kunlarga cho‘zilishi (ayniqsa, YHX idoralarida!) e’tiborga olinsa, sho‘rlik qarzdorning ona suti og‘ziga kelishi tayin. To‘g‘ri, to‘lovlar vaqtida amalga oshirilishi shart. Ammo qarzdor bo‘lish kimga havas?! Hammaniyam kissasi pulga to‘la emaski, to‘lovni vaqtida amalga oshirsa?!

Yangi tizim ishga tushsa, to‘lov amalga oshirilgani hamono sanoqli soniyalarda hammasi joyiga tushadi. Ma’lumot ko‘tarib, u idoradan bu idorga chopishga hojat qolmaydi. Talabga yarash taklif deganlari shu.
6
...Tadbirda Markaziy bank vakilining chiqishi ko‘p bahs-munozalarga sabab bo‘ldi. Savol tushdiki, qarzdorning hisob-raqamida qancha mablag‘ borligi haqida tegishli organga, xususan, MIBga ma’lumotnoma taqdim etish bilan bank tomonidan mijoz huquqiga daxl qilinmaydimi? Javob: yo‘q, qonunda bu narsa ko‘zda tutilmagan. Xo‘p. Endi o‘ylang: bank — omonatdor muassasa, birovning pulini saqlab, shu xizmatiga haq oladi. Shunga qaramay, mijozni g‘aflatda qoldirib, uning hisob-raqamida qancha mablag‘ borligi haqida tegishli organlarga ma’lumot taqdim etishi qanchalar mantiqdan?! Mijozni avval ogohlantirib, keyin tegishli harakatga tushsa, sal-pal maqsadga muvofiq bo‘lmaydimi?

Qisqasi, markaziy bank vakilining uzuq-yuluq javoblari o‘xshamadi. Bundan xulosa: bank-mijoz o‘rtasidagi munosabatlar jiddiy ko‘rib chiqilishi kerakday. Yo‘qsa, fuqarolar mablag‘ini bankda emas, sandiqda saqlashni afzal ko‘raverishadi...
7
Tadbirda sud hujjatlari ijrosi masalasida moliya organlari hamon «daxlsiz muassasa» bo‘lib qolayotganiga yana bir bor e’tibor qaratildi. Ya’nikim, agar fuqaro davlatdan qarz bo‘lib qolsa, MIB «enasini ko‘rsatib» bo‘lsayam undirib beradi. Biroq davlat fuqarodan qarz bo‘lsa, ayni manzaraning aksini ko‘rasiz. Masalan, nohaq sudlangan fuqaroga yetkazilgan moddiy-ma’naviy zararlar yoki buzilgan mulki uchun tovon pullari moliya organlari tomonidan to‘lab beriladi. Ayni mazmundagi sud qarorlari ijrosi MIBga emas, moliya organlarining o‘ziga yuklatilganiga nima deysiz?!

Qonun shundayki, moliya organlariga kelganda MIB «o‘yindan tashqari holat»ga chiqarib qo‘yilgan. Eng yomoni, moliya organlaridagi vallomatlar sud hujjatlarini vaqtida ijro qilmasa, ular ustidan na MIBga, na prokuraturaga arz qilish mumkin?!. Shikoyatni faqat shu organning yuqori turuvchi idorasiga berish lozim. Yuqori turuvchi organga murojaat qilgan fuqaroning doim ham murodi hosil bo‘lavermaydi. Chunki, bitta tizim xodimlari bir-birining ko‘ziga cho‘p suqavermaydi.

Endi qarang: qonun oldida barcha barobar degan gap ko‘p va xo‘b aytiladi. Xo‘sh, qani sud hujjatlari ijrosiga doir masalada moliya organining boshqalar bilan tengligi? Bu borib turgan mantiqsizlik emasmi?!
8
MIBga kelib tushayotgan hamma ijro hujjatlari bekamu ko‘st ijro etiladimi? Shunday ijro hujjatlari borki, ularni amalga oshirishning imkoni yo‘q. Deylik, fuqarolik sudi Eshmatdan Toshmat foydasiga katta miqdorda pul undirishni belgiladi. Ijro hujjati MIBga o‘tgach, xodim qarzdorning tit-pitisini chiqarib, qo‘lga ilingulik hech narsasini topmadi, deylik. Keyin-chi? Ijrochi hujjatlarni haqdor — Toshmatga qaytaradi: uzr, Eshmatning hech vaqosi yo‘q ekan. Agar Eshmat biror joyda ishlasa, undiruvni maoshining ma’lum qismidan qaytarib berish mumkin, xolos. Aks holda, shuyam yo‘q. Quruq bo‘yidan boshqa hech narsasi yo‘q qarzdorni urib bo‘lmasa, so‘kib bo‘lmasa...

Haqini undirish uchun sudga chopa-chopa da’vosi qanoatlantirilgan fuqaro alal-oqibat bir uyum qog‘oz bilan qolib ketayotganining sababiyam shunda. Jinoyat sudlarida firibgarligi uchun sudlangan shaxslar jabrlanuvchiga yetkazgan zararlarni undirishga oid aksariyat ijro hujjatlari xususida ham gap shu...

Bunday holatlarga samaraliroq qonuniy yechim topish ustida ham bosh qotirish kerakday. Yo‘qsa, bechora haqdorda ijro hujjatini burda-burda qilgach, kaftini ochgancha qiblaga qarab «...kechdim, Allohu akbar!» deyishidan boshqa chora qolmayapti.
9
...Yuqoridagi bayonlar tadbir sip-silliq o‘tganiga dalolat qilmaydi. Shunaqangi bahs-munozaralar bo‘ldiki, ular «randalab», biroz pardoz-andozlab, qog‘ozga tushirilmoqda. Yo‘qsa, tadbir nihoyasida MIB markaziy apparati matbuot xizmati boshlig‘i Farrux Toshpo‘latov dovondan o‘tgan yo‘lovchiday yengil tin olib, «...Yomonam burchakka tiraysizlar-yey», deya jichcha o‘pkalamagan bo‘lardi...

Tursunali Akbarov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » MIB xodimi: «Yomonam burchakka tiraysizlar-yey...»