23:18 / 21.09.2017
7 841

O‘zini sevish xudbinlik emas!

O‘zini sevish xudbinlik emas!
Aminmanki, hammamiz bir bor bo‘lsa-da, atrofdagilardan «Xudbin bo‘lma» degan tanbehni eshitganmiz. Aslida, o‘shalarning o‘zi xudbin, bizni shu yo‘l bilan boshqarishmoqchi: «Yo‘q, xudbin emasman, siz uchun har narsaga tayyorman», deb harakat qilishimizni kutishayapti. To‘xtang! Bu aldovga chuv tushmang. Xudbin bo‘lmaslik bu o‘zni sevmaslik degani emas.

Xudbinlik — doim o‘z manfaatini o‘ylash. O‘zni sevish esa o‘zi bilan do‘stlashish, o‘zni ayblamaslik, o‘z shaxsini hurmat qilishdir. Quyida o‘zini yaxshi ko‘rmaydiganlarning asosiy «belgi»larini sanaymiz.

Demak, siz qilayotgan ishlaringizni yoqlamaysiz. Tanqid — g‘urur mahsuli. Har doim o‘zingizni tanqid qilaversangiz, sizda g‘urur emas, manmanlik hissi oshib-toshib ketibdi. Shu darajada ko‘payibdiki, o‘zingizni ideal odam hisoblay boshlabsiz va o‘zingizdan faqat ideal darajadagi ishlarni kutayapsiz. Oddiy odamlar singari xatolar qilishingiz mumkinligini tan olishga esa kamtarligingiz yetarli emas.

Tashqi ko‘rinishingizdan norozi bo‘lsangiz…
«Qaniydi falonchixondek shahlo ko‘zlarim bo‘lsa» yoki «Nega dugonamdek oppoq emasman?» singari fikrlar tez-tez miyangizda aylanaveradimi? Demak, siz o‘zingizni hadeb boshqalar bilan solishtirish dardiga mubtalo bo‘libsiz. Albatta, bunday sharoitda o‘zingizni sevishingiz mumkin emas. Darhol bu odatni tark eting. Siz, bu — siz, uni falonchiyu pismadonchixonlar o‘lchami bilan o‘lchamang. Odam o‘zining nuqsonlarini bilishi kerak, ammo bu nuqsonlarga munosabati to‘g‘ri bo‘lishi lozim. Siz Yaratgannning ijodisiz, u o‘sha nuqsonlarni sizdagi o‘ziga xoslikni ta’kidlash uchun bergan.

Doim o‘zingizni aybdor his qilaversangiz…
Bolangiz kasal bo‘lib qoldi. Siz «Bola degan xastalanadi-da, issiq jon», demaysiz. «Yaxshi qaramabman, issiq kiyintirmabman va hokazo», deya o‘zingizni ayblab boshlaysiz. Bu tuyg‘u ichingizda kechayotgan bo‘lsa-da, atrofingizdagilar ham his qilishadi. Siz ularga tayyor xulosani berdingiz, aybdorlikni zimmangizga oldingiz, ular jon deb uni qabul qilishadi va ayblov toshlari bir-bir ota boshlashadi. Unutmang, hamma narsani oldindan ko‘rib, sezib, oldini olib yuradigan odamning o‘zi yo‘q. Umuman, bo‘lar ish bo‘lgandan keyin kim aybdorligining nima ahamiyati bor? Ahamiyatlisi, kim shu muammoni yecha oladi. To‘g‘ri fikrlasangiz, muammoni hal etguvchi o‘sha inson, albatta, o‘zingiz bo‘lasiz.

Boshqalarning istagini o‘zingiznikidan ustun qo‘yaversangiz…
Ovsiningiz idishlarini yuvmay uxlab qolibdi, sizning chaqalog‘ingiz injiq, biroq uni beshikda chirqiratib qo‘yib, idish-tovoqlarni yuvasiz. Albatta, yomon ish qilmadingiz. Biroq o‘z istaklaringiz va sharoitingizga quloq solmaganingiz bois imkoniyatlaringizni to‘g‘ri taqsimlamaysiz. Ertaga «Bolamni ushlab turing» degan iltimosingizga ovsiningiz rad javobini bersa (muhimroq ishlari bo‘lishi mumkin-ku), uni yomon ko‘rib qolasiz. Chunki siz o‘zingiz qilgan qurbonlikni ovsiningiz yetarli baholamadi, deb o‘ylaysiz. U esa oldingizda o‘zini hech qarzdor deb hisoblayotgani yo‘q. Bolangizni yig‘latib, uning ishini qilganingizni, hatto, sezmagan bo‘lishi ham mumkin. Demak, so‘ralgan, iltimos qilingan ishni imkon qadar bajaring, ammo imkoningiz yo‘q bo‘lsa, atrofdagilar shu holatingizni to‘g‘ri qabul etishlariga ishoning.

Hammaga birdek yoqishga intilsangiz…
Atrofdagilardan o‘zingizga nisbatan maqtov, olqish eshitishga muhtojsiz. Sizni yoqtirmay qo‘ysalar, hay-hay, bundan yomoni bormi? Bu o‘zini yaxshi ko‘rmaydigan odamning xulqidir. Chunki tashqaridan aytilgan maqtovlar insonning o‘ziga bo‘lgan ishonchini sug‘orib turadi. «Men»ini sevgan va «men»iga yetarlicha ishongan odam bunga muhtoj emas, unga o‘zining muhabbati, maqtovlari yetib-ortadi. Ya’ni atrofdagilarning muhabbati xuddi telefonga zaryadka orqali o‘tayotgan tokdek gap. Tokka to‘la batareykani zaryadlashga ehtiyoj yo‘q. O‘zingizni o‘ylang, o‘z tuyg‘ularingiz bilan qiziqing, o‘zingiz bilan ovora bo‘ling. Shunda boshqalarning muhabbatiyu maqtovlariga zor bo‘lib qolmaysiz. Shu maqtovlarga erishish uchun o‘lib-tirilmaysiz.

Boshqalar uchun yashasangiz…

Hayotdan lazzatlanib, o‘zingiz uchun yashamaysiz. O‘zingizni alllaqachon unutib qo‘ygansiz. Ishxonada hamma vazifani gardaningizga olasiz, bir-ikki marta rahmat eshitarsiz, ana boring, muokofot puli ham berishar. Ammo bir kun bu mas’uliyatdan charchaysiz, boshqalar soyangizda maza qilib yurishgani yetmagandek, muammo chiqqanda sizga yuklab qo‘ya qolishadi. Axir hech kimga muammo kerak emas, demak, fidoyilikning ham me’yorini biling, toki o‘zingizga ham yaxshi bo‘lsin, boshqalarga ham.

Ko‘p xafa bo‘lsangiz…
Xafalik kimdir umidlarimizni oqlamasa, biz istagan narsani qilmasa, aytmasa, bermasa, yuzaga keladigan holatdir. Lekin odamlardan ular berishni istamagan narsani umid qilish noto‘g‘ridir. O‘zini yaxshi ko‘rgan odam kimdandir nimadir ilinjida yashamaydi: yo so‘rab oladi yoki ishlab. Shunday ekan, «qilmadi, aytmadi...» deb xafa ham bo‘lmaydi. Olaylik, tug‘ilgan kuningiz yoki bayram yaqinlashayapti. Siz yangi rusumdagi telefon yoki ko‘ylak haqida orzu qilayapsiz. Eringizning oldida bunga sha’ma ham qildingiz va u sha’mangizni to‘g‘ri tushundi deb, endi «kutilmagan» sovg‘ani kutayapsiz. Eringiz esa yo sha’mangizni tushunmagan, yo unutgan: yana o‘sha uchta chinnigul bilan kirib keladi. Siz esa xafa bo‘lasiz. Eringiz begona emas-ku, «Dadasi, imkoningiz bo‘lsa, tug‘ilgan kunimga manavi narsani sovg‘a qilsangiz, juda baxtiyor bo‘lardim» deganingizda, olam guliston edi. O‘zini yaxshi ko‘rgan ayol shunday qiladi.

Muhabbatda omadingiz chopmasa…
O‘zini yaxshi ko‘rgan ayolni eri, qizni yigiti tashlab ketmaydi. O‘zini sevgan insondan faqat muhabbat ifori taraladi, yonidagi inson shu iforga mast bo‘ladi, undan uzoqlashgisi kelmaydi. O‘zini yaxshi ko‘rgan ayol xotirjam, quvnoq, o‘zini parvarishlagan bo‘ladi. O‘zini yaxshi ko‘rgan ayol baxtli bo‘ladi, baxtlilarni esa tashlab ketishmaydi, aksincha, ularga intilishadi. Chunki baxt yuqumlidir.

Hasad qilsangiz…
Menda yo‘g‘-u, unda bor — mana shu tuyg‘u hasad bo‘ladi. Xuddi shu narsaga egalik qila olmayotganingizdan siqilasiz, o‘zingizni shu narsaga loyiq emas, deb hisoblaysiz. Bu esa o‘zingizni yaxshi ko‘rmaganingizdandir, boshqa sabab bo‘lishi mumkin emas. O‘zini sevgan odam birovlarga qaramaydi, ularda bor narsalarning o‘zida yo‘qligidan o‘kinmaydi, u boshqalarda emas, o‘zida bor narsalarni ko‘radi, o‘shalar uchun shukr qiladi va yashashda davom etadi.

Bolalaringiz gapingizga quloq solmasa…
Yo o‘zingizni sevmasligingizni bilganlari uchun yoki siz ularga haddan ortiq bosim o‘tkazasiz. Bosim esa o‘zidan qoniqmaslikdan kelib chiqadi. O‘zini hurmat qilgan ayol ham mehribon, ham hurmatli ona bo‘ladi. Farzandlari ham o‘zini sevadigan, o‘ziga ishongan, muvaffaqiyatli insonlar bo‘lib voyaga yetishishadi. Demak, farzandlaringiz baxti uchun ham o‘zingizni sevishga majbursiz!

ShAHINA tayyorladi.


Manba: darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » O‘zini sevish xudbinlik emas!