23:50 / 09.01.2020
5 425

Muyassar Razzoqova: "Operada ham estradadagi kabi tanish-bilish rivojlanib ketgan"

Muyassar Razzoqova: "Operada ham estradadagi kabi tanish-bilish rivojlanib ketgan"
Dangal va rostgo‘y bu ayol ayni paytda O‘zbekiston davlat konservatoriyasida talabalarga saboq berish barobarida, Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik Katta teatrida ham faoliyat yuritmoqda. O‘nlab xalqaro tanlovlar laureati va hay’at a’zosi, professor maqomiga ega ustoz san’atkor bizning mehmonimiz bo‘ldi. O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq artisti Muyassar Razzoqova bilan bo‘lgan suhbatimiz ochiq-oydin kechdi. U o‘z sohasidagi muammolardan kuyunib, ijodiy faoliyatidagi unutilmas lahzalar haqida esa zavqlanib gapirdi.

— Nega O‘zbekistonda opera san’atkorlari tez-tez konsert taqdim etishmaydi?
— Esingizda bo‘lsa, avvallari har ikki yilda konsert berardim. Hozir ham konsert qo‘yish niyatim bor, ammo orkestr olish juda qiyin bo‘lib qoldi. Maqtanishga yo‘ymangu, mendan keyingi avlod opera san’atkoriga xos konsert namoyish qilmayapti. Hammasi ham o‘z ovozi bilan san’atga kirib kelmayapti. Bugungi yoshlarning ko‘pini tan olmayman. Ular haqiqiy operachi emas. O‘zbekiston xalq artistlari Ismoil Jalilov, Avaz Rajabov, Normo‘min Sultonovlarga o‘xshaganlari yo‘q.

Keyingi paytda yasama operachilar ko‘payib ketdi. Ular operani shouga aylantirib yuborishyapti. Qo‘liga har xil elektron mikrofonlar olib, ariya aytsa, u opera hisoblanmaydi. Bu estradaning yana bir vokal ko‘rinishi, xolos. Hozir o‘zini operachi, deb hisoblayotganlarning ko‘pchiligi tanish-bilishi ko‘magida sahnaga chiqayotgani achinarli. Fonogrammasiz konsert havola qiladiganlarga tan beraman. Ammo undaylar yo‘q, afsuski. Spektakllarda asosiy rollarni ijro etmagan operachilar haqiqiy operachi hisoblanmaydi. Ayni paytda o‘zbek opera san’atida rivojlanish emas, sal chekinish kuzatilyapti.

— Sohangizda yechimini kutayotgan yana qanday muammolar sizni qiynaydi?
— Konsert qo‘yish istagidagi operachilarga yetarli shart-sharoitlar yaratilishi zarur. Konservatoriyadagi talabalar orasidan ovozi borlarni saralab, so‘ngra teatrga ishga olish va katta sahnalarga chiqarish kerak. Operada ham estaradagi kabi tanish-bilish rivojlanib ketgan. Ovozi bor, iste’dodli yigit-qizlar chetda qolyapti.
Hozir teatrda ishlayotganlarning ovozi bo‘yicha attetatsiyadan o‘tkazsa, elakda uch, to‘rt nafari qolib, qolganlari tushib ketadi. Teatrning bugungi ahvoli mana shu darajada. Birinchi navbatda kadrlar masalasini ko‘rib chiqish lozim. Ular spektakllarda bosh partiyalarni aytish darajasiga yetgach, bir qator muammolarga barham beriladi. Shundan so‘ng, ular katta sahnalarda qolishi mumkin. Opera hamisha kerak. Har bir mamlakat opera san’ati jahon sahnasiga chiqsagina, keyin o‘sha davlat san’ati rivojlangan hisoblanadi.

— Moskvadagi konsertlaringizning birida mashhur opera yulduzi Yelena Obrazsova qarshingizda tiz cho‘kib, iste’dodingizga tan berganligi rostmi?
— Bu bor gap. O‘sha kunni eslasam, hozir ham ko‘zimga yosh keladi. Konsertda “Romeo va Juletta” operasidan partiya kuylaganman. Eng yuqori pardada ijro qilganim bois tomoshabinlar asar yakunida o‘rnilaridan turib olqishlagan. Qarsaklardan so‘ng kayfiyatim chog‘ holda grimxonaga kirdim. Bir payt Yelena Obrazsova shundoq qarshimga kelib tiz cho‘kkancha, ta’zim qilganini ko‘rib, ko‘zlarimga ishonmadim. Hayron bo‘lib, uning qo‘llaridan ushlab turg‘azdim.

U: “Men Razzoqova oldida emas, asl iste’dod qarshisida tiz cho‘kyapman. Nafaqat mening ishonchimni oqlading, balki shuncha muxlislaringni ham mehrini qozonding. Tashakkur senga!”, degan. Uning so‘zlari hamon quloqlarim ostida jaranglaydi. Jahon operasi afsonasi, deya e’tirof etilgan buyuk san’atkorning mening qarshimda tik cho‘kib turishi bu – o‘zbek san’at oldida tiz cho‘kish bilan barobar edi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Muyassar Razzoqova: "Operada ham estradadagi kabi tanish-bilish rivojlanib ketgan"