Yangi “Uzuklar hukmdori” filmida Gendalf va Frodo yana qaytmoqda

“Uzuklar hukmdori: Gollumni ovlash” nomli yangi film atrofida muxlislar kutgan yangilik tasdiqlandi: tomoshabinlar Gendalf va Frodoni yana bir bor ekranda ko‘rishadi. Bu haqda Gendalf obrazi bilan millionlab insonlar xotirasida qolgan aktyor Iyen Makkellenning o‘zi ma’lum qildi.
Aktyorning aytishicha, loyiha bo‘yicha suratga olish ishlari may oyida start oladi. Eng qizig‘i, filmga rejissyorlikni Endi Serkis qiladi va u bu gal ham Gollum rolini o‘zi ijro etadi. Ya’ni, ovoz, plastika, harakat — Gollumning “o‘sha” kayfiyati yana qaytishi kutilmoqda.
Syujet esa, tabiiyki, asosan Gollum atrofida quriladi. Makkellen Gendalf va Frodo ham voqealar markazida paydo bo‘lishini tasdiqlagan, ammo boshqa aktyorlar tarkibi bo‘yicha hozircha ortiqcha detallarga kirmagan. Bu esa muxlislar uchun yana bir “intriga”: kim qaytdi, kim yangi qo‘shildi, qaysi qahramonlar kutilmaganda chiqib qoladi?
Film premerasi 2027 yil 17 dekabrga rejalashtirilgan. Demak, vaqt bor, lekin bunday franshizada har bir xabar — alohida hodisa. Ayniqsa, Gollum singari qahramon atrofida tuzilgan tarixda sir, ichki kurash va qorong‘u burchaklar ko‘p bo‘lishi aniq.
Yana bir umidli ishora: original trilogiyada Frodo rolini ijro etgan Elayja Vud ham franshizaga qaytish ehtimoliga qarshi emasligini bildirgan. U 2024 yilda yangi loyiha unda alohida taassurot qoldirganini, shuningdek, hayotida muhim o‘rin tutgan olamga yana qaytish imkoni borligini aytgan edi.
Qisqasi, barcha detallar hali ochilmagan, lekin asosiysi ma’lum: Gollum haqidagi yangi hikoya kelyapti, u yerda esa Gendalf va Frodo ham bor. Endi muxlislarga qolgani — maydan boshlanadigan suratga olish jarayonidan keladigan keyingi xabarlarni kutish. Shu olamni sog‘inganlar uchun bu kutuv ham allaqachon “sayohat”ning bir qismi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!