Ronaldu faoliyatini tugatgach, 30 million yevrolik qasr uyga ko‘chishni rejalashtirmoqda

Portugaliya terma jamoasi sardori Krishtianu Ronaldu futbolchilik faoliyatini yakunlagach, vatanining o‘zida joylashgan 30 million funt sterling qiymatidagi hashamatli qasrga ko‘chib o‘tishi kutilmoqda. Bu haqda “Daily Express” nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Lissabondan 48 km uzoqlikdagi qirg‘oqbo‘yi kurortida qurilishi yakunlangan ushbu ulkan mulk Portugaliyadagi eng katta va eng qimmat uylardan biri sifatida e’tirof etiladi. Sakkizta yotoqxonali qasr uch yil davomida barpo etilgan bo‘lib, Ronaldu faoliyatini tugatgach, aynan shu manzilga ko‘chishi taxmin qilinmoqda.
Qasrning eng diqqatga sazovor jihatlaridan biri — yerosti avtoturargohi. U yerda Ronalduning 13,8 million yevro qiymatidagi avtomobil kolleksiyasi uchun alohida joy ajratilgani aytiladi. Ya’ni, bu uy faqat yashash uchun emas, balki futbolchining qimmatbaho avtoparki uchun ham to‘liq moslab qurilgan.
Loyiha ichidagi shinamlik va lyuks detallar ham katta qiziqish uyg‘otmoqda: qasrda ulkan shisha basseyn, hatto suv osti yo‘lagi bor — mehmonlar yuqorida suzayotganlarni ko‘rishlari mumkin. Shu bilan birga, aqlli isitish tizimi, sportzali, yopiq va ochiq basseynlar, massaj xonasi, kinoteatr ham bor.
Qo‘shimcha ravishda, uyning bezagida ham hashamat “chegara” bilmaydi: sof oltin jo‘mraklar, italyan marmarlari, juftliklar uchun maxsus yaratilgan Louis Vuitton devoriy rasmi ham mavjudligi qayd etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Ronaldu qasr yaqinida golf maydonchasi sotib olishga ham uringan, ammo uning taklifi rad etilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!