Yettita pomidor memiga aylangan aktyor: “Obrazim hayotdan olingan“

“Iqror” telenovellasidagi “yettita pomidor” sahnasi bilan keng muhokamalarga sabab bo‘lgan teatr va kino aktyori Dilmurod Uzoqov YouTube’dagi “Intervyu Tv” kanaliga intervyu berdi. Suhbatda u mijg‘ov qaynota obrazi qanday tug‘ilgani, rol nega “mem”ga aylangani va ijodda hayot kuzatuvlarining o‘rni haqida ochiq gapirdi.
Aktyorning aytishicha, haqiqiy ijro — shunchaki matnni yodlab aytish emas, balki ssenariydagi personajning xarakteri, yoshi va hayot yo‘lini aktyorning o‘ziga “singdirib”, obrazni jonlantirishdir. Shu sabab u mijg‘ov qaynota rolida hayotda taniydigan insonning fe’l-atvori, mimikasi va odatlarini ishlatganini ta’kidlaydi.
— Pomidor degan gap bo‘lsa, darrov meni eslashadi. Hamma kulyapti, lekin tagida katta ma’no bor. Chunki men hayotda bor, o‘zim taniydigan insonning obrazini ijro etdim, — deydi Dilmurod Uzoqov.

U obrazning paydo bo‘lishiga turtki bo‘lgan voqeani ham eslaydi: bir xonadonda ikki usta ishlayotgan payt kelin sakkiz kishilik dasturxon tayyorlab qo‘ygan. Shunda xonadondagi kishi kelinga: “Kelin, bunaqada ustalar 10 kun ishlaydimi, deyman”, degan. Aktyor ana shu “mijg‘ovlik” va mayda hisob-kitobga o‘rgangan xarakterni sahnaga moslab olib chiqqan.
Suhbatda gonorar masalasiga ham to‘xtalindi. Uning aytishicha, telenovellalarda o‘ynagan rollari uchun odatda bir xil haq to‘lanadi — bir novella uchun 700—800 ming so‘m atrofida. Biroq u asosiy daromadi bundan emasligini, institutda ham ishlashini aytadi. Hatto mijg‘ov qaynota roli uchun gonorar bo‘lmasa ham bu obrazni baribir o‘ynashini ta’kidlab, “aktyor doim rol o‘ynab turishi kerak” degan fikrni ilgari suradi.
Dilmurod Uzoqov hayotidagi shaxsiy xotirani ham bo‘lishdi: o‘g‘li kichik vaqtida Navoiy ko‘chasida yarmarkada velosipedda rasmga tushgani, o‘sha paytda “bir kun kelib shu yerlarda yashasam” deb xayol qilgani, keyin esa 1999 yilda xuddi o‘sha joydan uy olgani va xayollarining amalga oshganini esladi.
Aktyorning ta’kidicha, “hamma gap pomidorda emas”, asosiysi — tomoshabin taniy oladigan, hayotda uchraydigan qahramonni aniq-tiniq qilib gavdalantirishda. Shuning uchun ham “yettita pomidor” sahnasi hazildan tashqari, real xarakterning o‘zi bilan ham odamlarning yodida qolgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!