Artur Taymazov yana bir Olimpiada oltinidan mahrum qilindi

  • 24 iyul 2019, 23:00
  • 888
  • Sport
  • Artur Taymazov yana bir Olimpiada oltinidan mahrum qilindi
    Artur Taymazov doping tufayli “London -2012” Olimpiadasida erkin kurash bo‘yicha qo‘lga kiritgan navbatdagi oltinidan mahrum qilindi. Xalqaro Olimpiya qo‘mitasidan iddao qilishlaricha, sportchining doping namunasi qayta tekshirilganda undan turinabol anabolik steroidi topilgan. O‘tgan yil aprelda XOQ aynan shu sabab bilan sportchimiz Pekin Olimpiadasida qo‘lga kiritgan oltin medalini ham bekor qilgandi.

    Biroq Artur Taymazov bu safargi qarordan noroziligini o‘zining Instagramʼdagi sahifasida ma’lum qilgan:

    “2008 yilgi diskvalifikatsiyadan so‘ng XOQ tomonidan mening 2012 yilgi Olimpiadadagi doping namunamni tekshirishi kutilayotgan edi va bu menga uchun syurprizga aylanmadi. Natijalar esa o‘sha-o‘sha. Taassuf.

    XOQning navbatdagi qarori bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilmoqchiman.

    Ayblovni tan olmayman. XOQning qarorini siyosiy maqsadga qaratilgan va asossiz deb hisoblayman. XOQning ichki ekspertizasi natijalarini tan olmayman, ushbu ekspertizani o‘tkazish tartibini ham tan olmayman, u shaffof emas. Qarordagi ma’lumotlar yuzasidan arz qilmoqchiman. XOQ “ekspertlari” va bu “qaror”dan shod bo‘lganlarga birinchidan men Olimpiada shohsupalarining eng yuqorisida 3 marta turganim va bundan barcha his-tuyg‘ularni his qilganim – buni boshqachasiga his etish mumkin emasligini eslatib qo‘ymoqchiman.

    Ikkinchidan, tozalash kompaniyasi xodimi – “farrosh” 30 mingta Amerika namunalarini “tasodifan sindirib qo‘ygani”dan keyin VADA(Jahon dopingga qarshi kurashish agentligi)ning ishini jiddiy qabul qilmaslik kerak. Ushbu agentlik faoliyati, “ekspertizalar”ga asoslangan qarorlari bilan birga obro‘sizlanganiga ancha bo‘ldi.

    Bugun ham muxlislarning bir paytlari g‘alaba sari yo‘limdagi madadlarini his etyapman. Bu his-tuyg‘ularni mendan hech kim tortib ololmaydi. Men 3 karra Olimpiya chempioni bo‘la olishimni o‘zimga isbotlaganman. Men o‘z maqsadimga erishdim. Barcha medallarim o‘zimda qoladi.

    XOQga Olimpiada-2020 g‘oliblarini 10 yildan keyin taqdirlashni, sportchilarga esa 10 yildan keyingi tekshiruvdan ertaroq o‘zlarini g‘olib hisoblab qo‘ymasliklarini maslahat beraman”.

    Ma’lumot uchun, O‘zbekiston terma jamoasi safida Artur Taymazov yuqoridagi natijalaridan tashqari 2000 yil Sidney Olimpiadasida kumush, 2004 yil Afinadagi Olimpiadasida oltin medallarni ham qo‘lga kiritgan.

    Hozirgi kunda u Rossiya Davlat dumasi VII chaqirig‘i deputati, quyi palataning jismoniy madaniyat, sport, turizm va yoshlar masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari hamdir.

    » » Artur Taymazov yana bir Olimpiada oltinidan mahrum qilindi