09:45 / 22.03.2017
9 217

Benzinni tejashning o‘n besh xil usuli bilan tanishamiz

Benzinni tejashning o‘n besh xil usuli bilan tanishamiz
Tarnovdagi sumalak yuqoridan pastga qarab, yonilg‘i narxi esa pastdan yuqoriga qarab o‘sadi. Benzin yangilanmaydigan energiya manbalari sirasiga kiradi. Biroq narxi oshishda bardavom yonilg‘ini iqtisod qilishning oddiy usullari ko‘pni ko‘rgan haydovchilarning og‘zidan og‘izga o‘tib keladi. Quyida shu usullarni siz bilan baham ko‘ramiz.

1) Avtomobilingiz hamisha soz holatda bo‘lsin. Yomon yoki avariya holatida bo‘lgan avtomobil ko‘p yonilg‘i sarflaydi.

2) Mashinangiz ortiqcha yonilg‘i “emasligi” uchun, yo‘lga chiqishdan oldin manzilga eng yaqin yo‘nalishni rejalashtirib oling.

3) Kondisioner yonilg‘i iste’molini oshiradi. Kondisionerni keragida ishlating. Agar iqlim nazoratchingiz bo‘lsa, minimum darajada foydalaning. Salon salqinlaguncha yoqib qo‘ying, so‘ng o‘chiring. Sovuq havoni aylantirishni ventilyatorga qo‘yib bering. Mashina oynasi ochiqligida aslo kondisionerni ishga tushirmang.

4) Katta tezlikda yurganda mashina oynasini yopib qo‘ying. Ochiq oynalar harakatga qarshilik qiladi va benzin sarfini oshiradi. O‘ta yuqori tezlikda ochiq oyna kondisionerga nisbatan ko‘proq yonilg‘i sarflanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

5) Shinalar bosimini nazoratda tuting. Ortiqcha damlangan shinalar yonilg‘i sarflash samaradorligini pasaytiradi, shuning uchun me’yorida damlang.

6) Yo‘lda tiqinga tushib qolsangiz, yonilg‘ining sho‘ri quridi. Agar tiqinga duch kelish ehtimoli bo‘lsa, ertaroq yoki kechroq yo‘lga tushish imkonini qidiring.

7) Foydalanmaydigan narsa-buyumlaringizni mashinadan chiqarib tashlang. Masalan, yozda g‘ildirak zanjiri olib yurishning hojati yo‘q. Faqat qishda qayta solib qo‘yish yodingizdan ko‘tarilmasa bo‘ldi.

8) Mashina tiqinida dvigatelni yurgizib qo‘ymaslikka harakat qiling. Agar turgan joyingizdad besh daqiqa ichida qo‘zg‘almasligingizga amin bo‘lsangiz, motorni o‘chirib qo‘ying.

9) Motorni uzoq qizdirish shart emas, xususan yangi avtomobillarga bu tegishli. Yangi mashinalar sovuq holda yurgizishga moslashgan.

10) Agar ehtiyoj bo‘lmasa, yuqori tezlanish olish kerak emas. Mashinani katta tezlikda haydamang.

11) Tezlanish olish sur’atini pasaytirishga harakat qiling. Yoningizdagi haydovchilar raqibingiz, yo‘l esa poyga yo‘lagi emas. Katta tezlik katta sarf-xarajat degani.

12) Qimmat benzin zarurat emas. Ko‘pchilik avtomobillar oddiy benzinda ham binoyidek yuradi. Quyadigan benziningiz avtomobilingiz markasiga muvofiqmi-yo‘qmi – aniqlashtiring, tanish-bilishlardan, forumdoshlardan surishtiring. Ko‘plab haydovchilar oddiy benzin quyib, mamnun mashina haydaydi.

13) Agar sirg‘anchiq yo loy tufayli g‘ildiraklar joyidan jilmay aylansa, tezlikni oshirish yaramaydi. Tekis gaz berib, sirg‘anchiqdan chiqishga urining.

14) Ilojini topsangiz, bir manzilga boradigan tanish hamroh bilan sherik bo‘ling va yonilg‘i narxini o‘rtada bo‘lishing.

15) Agar manzilingiz uzoq bo‘lmasa, mashinani qo‘yib, piyoda yoki velosipedda boring.

Sanab o‘tilgan usullar sizga shundog‘am ma’lum yoki befoyda tuyulsa, barchasini kompleks bajarishga urinib ko‘ring, benziningiz sezilarli tejalganini bilasiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Benzinni tejashning o‘n besh xil usuli bilan tanishamiz