
2026 yilning 1 aprelidan boshlab, O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligi tizimida muhim o‘zgarish kuchga kiradi — endilikda radar va kameralar qayd etgan qoidabuzarliklar uchun ham haydovchilarga maxsus jarima ballari yoziladi. Bu to‘g‘rida Hukumatning yangi qarorida belgilangan bo‘lib, tizim yo‘llarda intizomni kuchaytirish va transport baxtsiz hodisalarini qisqartirishni maqsad qiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, jarima ballari faqat haydovchining emas, balki transport vositasining haqiqiy foydalanuvchisi yoki ishonchnoma asosida uni boshqarayotgan shaxs hisobiga ham yozilishi mumkin bo‘ladi.
Buning uchun transport vositasi egasi maxsus axborot tizimida shaxsiy kabinet ochishi shart bo‘ladi. U o‘z avtomashinasini boshqarish huquqini boshqa shaxsga berishdan oldin, uning ma’lumotlarini tizim orqali kiritishi lozim. Keyin esa ko‘rsatilgan shaxs mazkur ma’lumotni shaxsiy kabineti orqali tasdiqlashi kerak bo‘ladi.
Agar haydovchi buni tasdiqlamasa, jarima ballari to‘g‘ridan to‘g‘ri transport vositasi egasiga yoziladi. Shu bilan birga, agar egasi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmasa, transport vositasi 12 ball chegarasidan oshib ketganda vaqtincha jarima maydonchasiga joylashtiriladi.
Ma’lumki, O‘zbekistonda haydovchilar uchun jarima ball tizimi 2025 yil 1 iyunidan amalga kiritilgandi. Hozircha bu tizim faqat YHX inspektorlari tomonidan qo‘l rejimida aniqlangan qoidabuzarliklarga nisbatan amal qilmoqda. Yangi qaror esa, avtomatik foto va video tizimlar orqali qayd etilgan holatlarni ham qamrab oladi.
Mavjud tizimda jami yigirmaga yaqin qoidabuzarlik turlari uchun 0,2 dan 2 ballgacha baholash belgilangan. Masalan, tezlikni soatiga 20 km gacha oshirib yuborish — 0,5 ball, yo‘l belgilariga bo‘ysunmaslik — 1 ball, piyodalar yo‘lagida to‘xtash esa 2 ballga teng.
Bir yil ichida 12 ball to‘plagan haydovchilar 6 oydan 3-yilgacha bo‘lgan muddatda haydovchilik huquqidan mahrum etiladi.
Hukumat qaroridan kelib chiqib, 2025 yil oxiriga qadar jarima balllar sabab haydovchilik huquqidan mahrum bo‘lgan shaxslarni qayta imtihon qilishning alohida tartibi ishlab chiqilishi ham rejalashtirilgan. Bu jarayon avtomatlashtirilgan tizim orqali kuzatib boriladi.
Yangi tizim nafaqat intizomni oshirish, balki yo‘lda mas’uliyat hissini kuchaytirishga ham xizmat qiladi, degan umid bor. Chunki kelgusi yildan boshlab radarlar haydovchilarning nafaqat tezlik, balki qonunga munosabatini ham baholay boshlaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!