09:03 / 01.08.2018
7 006

GM Uzbekistan narxlarni oshirdi. Keyin-chi?

GM Uzbekistan narxlarni oshirdi. Keyin-chi?
Kutilganidek milliy avtomobil kompaniyamiz mashinalar narxini oshirdi. Aslida bu katta yangilik ham emas. Odamlar ko‘nikib ham qoldi, hattoki, muayyan muddatda oshirilmasa, xavotirga ham tushishadigan bo‘ldi. Tabiiyki, o‘z milliy mahsulotlarimizning narxi muntazam oshib borishi manzarasida ijtimoiy tarmoqlar GM Uzbekistan adresiga noroziligu tanqid, istehzoyu dashnomlarga to‘lib toshadi.

Biroq bu yil GM Uzbekistan rahbari va’dani katta qildi. Kelasi yili narx tushishiga “urinib ko‘rilar” ekan. Eng qizig‘i, 2019 yilda milliy avtomobillarimizni xuddi telefon orqali sotib olish mumkin bo‘larkan. “Dostavka”si o‘zida, yana to‘la baki bilan, vah. Ishongisi keladi odamning, ammo “o‘lma eshagim, arpa yeysan” maqoli esga tushib ishtahani bo‘g‘ishi yomon.

Kecha Shavkat Umrzoqov O‘zbek avtosanoatining asosiy muammolarini sanab bergani haqida xabar bergandik. Biroq kompaniya boshqaruv raisining muammoga sharhlari bir qator savollarni tug‘diradi.

Hammaga ma’lumki, ichki bozorda milliy mashinalarimiz anchayin qimmat narxda sotiladi. Puli avvaldan to‘lab, mashinani bir necha oy kutiladi. Shunday ekan, kompaniya qanday qilib inqirozga uchrashi mumkin?

Avtozavodning xarajatlarining ko‘pligi boshqaruvchilarning xatosi, ammo unga oddiy xaridor kompensatsiya to‘lashi zarur. Bu qanchalik adolatli?

Butlovchi qismlarning atigi 50 foizi o‘zimizda ishlab chiqarilishini ham bilib oldik. “Milliy mahsulot” deya ardoqlaganimiz GM avtomobillarining yarmi chetda yasalgan bo‘lsa, og‘izni to‘ldirib milliy deyishimiz qanchalik o‘rinli?

Taniqli ulamo Mubashshir Ahmad ijtimoiy tarmoqda “Hamma GMni yomonlab o‘tiribdi. Demak, bu kompaniyaning barakali ekanini bilmas ekansizlar. Umrim davomida GM mashinalarini ko‘pini minganman. Doim yangisini olib, eskitib sotganman. 2-3 yillab haydab, biror marta zarariga sotmabman”, deb jiddiy hazil aralash post qo‘ydi. Unga izoh qoldirganlarning aksariyati GM mashinalarini olish qiyin, biroq olgandan keyin zarariga sotilmasligini izoh tariqasida qoldirishdi. G‘aroyib jihati shundaki, bizning mamlakatimizda GMning eski mashinasi yangisidan qimmat turadi. Chunki bizda GM mashinalari investitsion aktivga aylanib ulgurgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lgan iqtisodchi Yuliy Yusupov mavzu yuzasidan samarasiz menejment yuritayotgan kompaniyani aybladi. Biroq kompaniya monopoliyachi ekanligi tufayli barcha og‘irlik yana xaridorning zimmasiga yuklanadi. Xaridorlarning o‘zi bojxona to‘lovlarini bekor qilishi va monopoliyani bartaraf etishga harakat qilishi zarur, aks holda bu vaziyat davom etadi.

Abdulaziz Muborakning “Bitta zo‘r hisobchi bo‘lsayu, hisoblab bersa: «Bizda mashina chiqadi» deb maqtanish xalq cho‘ntagiga qancha zarar keltirayotganini?” deb yozilgan postiga Zarif Sultoniy ismli feysbukchining izohi: “Buni hisoblash uchun profi hisobchi bo‘lish shartmas. 1 yil navbatda turib, shapka berib, orada narx oshib qolsa, yana qo‘shimcha badal to‘lab, qon qaqshab, 15-20 ming ko‘kidan to‘lab salondan toychoq olgan bechora o‘zbek birinchi nima ish qiladi, bilasizmi? Ha, topdingiz, avtosalondan olgan arobasini to‘g‘ri avtoservisga olib boradi. Oldin 4ta rezina kalishini yechib, sifatli krossovkaga almashtiradi, keyin hamma murvatlarini qaytadan torttirib, eshik, bagaj, kapot, oynalarini epaqaga keltiradi, beli baquvvatroq xaridor bo‘lsa, yana salonga tashqaridan ovoz va shamol kirmaydigan darajada izolyatsiya qiladi. U qiladi, bu qiladi, xullas, toychoqni minaman, deguncha ona suti og‘ziga keladi... Hali minilmagan toychoq uchun xarajat ustiga xarajat... O‘sha boy berilgan vaqt va sarf etilgan shuncha pulning 4dan biriga, ya’ni, nari borsa 6-8 ming dollarga ozgina minilgan lekin "asakang ketay" markali, o‘zbek moshinidan o‘lsa o‘ligi ortiq “Mersedes”, “Nissan” yoki “Fiat” degan toychoqni olib, maza qilib minib yurmaysanmi, deydigan odam yo‘q. Ortib qolgan 13-15 ming dollarini oilaning kam-ko‘stiga, o‘g‘il-qizlarni o‘qishiga, tarbiyasiga, tadbirkorlikka sarflasa bo‘lmasmidi? Qisqasi, biz umrimizni va mablag‘larimizni kimlarningdir cho‘ntagini qappaytirishga rosa sarfladik. Ayniqsa, boy berilgan vaqtni hech qanday moddiy boylik evaziga ortga qaytarib bo‘lmaydi. Moddiy zararni esa xomcho‘t qilish qiyin emas. Foyda ham, zarar ham o‘rtada...”.

Saidkomil Xolxo‘jayevning tashbehga burkangan, “adresli” izohi kishida kulgu uyg‘otadi: “Afandining xotini uyda pishirgan ovqati, Afandiga ko‘chadan sotib olganga qaraganda qimmatga tushadi, ustiga-ustak, shirin ham emas. Ammo Afandi bolalarining rizqini kesib bo‘lsa ham xotiniga ovqat qildiraveradi. Shunchaki, "bizdi uyda ham xotin ovqat pishiradi", deyish uchun”.

Manba: Carzone.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » GM Uzbekistan narxlarni oshirdi. Keyin-chi?