Foydalanilgan avtomobillarning «kulrang» bozorida yangilik bo‘ladimi?
Iqtisodchi va tahlilchi hamda mustaqil ekspert Igor Soy nega bizda foydalanilgan avtomobillarning qoloq bozori hali ham saqlanib qolayotgani to‘g‘risida.
Ertami-kechmi ayrim odamlar oldida foydalanilgan va yangi avtomobilni xarid qilish borasida tanlov masalasi yuzaga keladi. Va qaror qabul qilish, odatda, unchalik ham oson bo‘lmaydi.
Yaqindagina yangi avtomobillarni xarid qilish uchun navbatlar, mashinalar kelishini uzoq vaqt kutish, «shapka» kabilar bor edi. Bu odamlarni avtomobil xarid qilishning noqonuniy qing‘ir yo‘llariga murojaat qilishga yoki mashinani avtomobil bozorida xarid qilishga majbur qilar edi. Ammo vaziyat o‘nglanmoqda. Va bugungi kunda avtomobilning bo‘lajak sohibi ikkilanib qolmoqda: nima xarid qilgan ma’qul, yangi mashinami yoki foydalanilgan mashinami?
Mana sen qanday ekansan, foydalanilgan mashinalar bozori
Avtomobillarning ikkilamchi bozori murakkab iqtisodiy tizimning bir qismi hisoblanadi. Bir tomondan, u erkin bozor xususiyatlariga ega, unda narx talab va ehtiyojning o‘zaro ta’siri natijasida yuzaga keladi. Boshqa tomondan, ushbu bozordagi faollik va narx mamlakatdagi umumiy iqtisodiy vaziyatga, avtomobillarning birlamchi bozoridagi vaziyatga, qonunchilikdagi o‘zgarishlarga va umuman iqtisodiyotga ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa omillarga bog‘liq.
«O‘zavtosanoat» raisining o‘rinbosari Umidjon Salimovning xabariga ko‘ra, 2017 yilda O‘zbekistonda avtomobil bilan ta’minlanganlik darajasi 1 ming kishiga 83 avtomobilni tashkil qilgan (Qozog‘istonda 1 ming kishiga 250 avtomobil, Rossiyada 1 ming kishiga 334 atomobil).
Ikkilamchi avtomobil bozorining peshqadami shubhasiz o‘zimizning Chevrolet markasi hisoblanadi. Bejizga O‘zbekistonni «oq Shevrole mamlakati» deb aytishmaydi. 2019 yilning yanvar-iyul oylari mobaynida ushbu markadagi avtomobillar foydalanilgan avtomobillar bozorining 53 foizini egalladi. Ikkinchi o‘rinda LADA markasi, uning solishtirma hajmi avtomobillar ikkilamchi bozorining 19,2 foizini tashkil qiladi.
Rossiyada, 2019 yilning 7 oyi yakunlari bo‘yicha, yurgan yengil avtomobillar bozorida LADA 2114 eng ommabop model bo‘lib qolmoqda, ushbu davrda uning sotuvlar ko‘rsatkichi 77,1 ming donani tashkil qildi. Ikkinchi o‘rinda foydalanilgan Ford Focus avtomobillari (74,3 ming dona).
Foydalanilgan mashinalar bozoriga o‘zgarishlar nisbatan kamroq ta’sir qiladi: narxi yangisiga nisbatan sekinroq o‘sadi, unchalik keskin pasayib ketmaydi. O‘tgan yili mamlakatimizda yangi avtomobillar sotuvlari 1,5 baravarga o‘sdi, foydalanilgan avtomobillar sotuvlari esa – taxminan 10 foizga o‘sdi. Shu bilan birga 2018 yil yakunlari bo‘yicha ikkala bozorning pul ko‘rinishidagi hajmi taxminan bir xil bo‘ldi – 1,9 mlrd dollar (Rossiyada yangi va foydalanilgan avtomobillar sotuvining hajmi teng – taxminan har biri 35 mlrd dollariga teng).
* - baholash;
** - 2019 yil yanvar-may holatiga ko‘ra;
*** - 2018 yil yanvar holatiga ko‘ra;
**** - 2019 yil yanvar holatiga ko‘ra.
Yurgan avtomobillarning ancha «navqiron» yoshda sotilishi O‘zbekistonda avtomobillarni, shu jumladan «temir-tersakka» aylangan avtomobillarni olib kirish uchun import bojxona bojlarining va aksiz soliqlarining ta’qiqlovchi stavkalari mavjud bo‘lganligi va hozir ham borligi bilan izohlanadi.
Bundan tashqari, Qozog‘iston, Rossiya va Ukrainada ishlab chiqarilgan avtomobillar uchun ST-1 kelib chiqish sertifikati taqdim etilganda, bojxona rasmiylashtiruvida imtiyozlar amal qiladi. Agar avtomobil O‘zbekiston bilan erkin savdo hududi to‘g‘risida shartnoma imzolagan mamlakatda ishlab chiqarilgan bo‘lsa ham imtiyozlar taqdim etiladi.
Bu arzon narxlardagi yengil avtomobillarning taklif qilinayotgan assortimentini kengaytirishga olib keldi, va ko‘pchilik avtomobil egalarida Chevrolet markasini boshqasiga o‘zgartirish yoki uni yangilash istagi paydo bo‘ldi.
Rossiyaning «Avtostat» tahliliy agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirmaydigan mamlakatlar o‘rtasida Rossiyada yig‘ilgan avtomobillarni import qilish bo‘yicha birinchi o‘ringa chiqdi. Misol uchun, 2019 yilning birinchi yarmida respublikamizga Rossiyadan, asosan LADA markasidagi 4,3 mingta avtomobil olib kirilgan, bu o‘tgan yilning xuddi shu ko‘rsatkichidan 30 foizga ko‘p.
O‘z bozorimizdan farqli ravishda, RF foydalanilgan mashinalarning zamonaviy sotuv bozori shakllana boshladi. Masalan, o‘tgan yilda 760 mingta avtomobil rasmiy dilerlik markazlari orqali sotilgan edi. Buning ustiga bozorning ushbu segmenti faol rivojlanmoqda. Ikkilamchi bozorda sotuvlardan tushgan foyda 15 foizga yetadi, bu esa uni avtomobillarning chakana savdosi uchun manfaatli qiladi.
Bizda esa avtomobilni sotish – bu sotuvchining shaxsiy muammosi. Garchi mashinani chegirma bilan darhol xarid qiluvchi juda ko‘p vositachi – olibsotarlar bo‘lsa ham. Foydalanilgan avtomobilni xarid qilishda ham kutilmagan «sovg‘alar»ga duch kelish mumkin.
Erkak avtomobil haqida orzu qiladi. Ayol ham...
Avtomobil – u bir do‘st, shuning uchun foydalanilgan avtomobilni tanlashga jiddiy yondashishadi. Ikkilamchi bozorda vaziyat shundayki, yaxshi avtomobillar darhol olibsotarlarga ketib qoladi, agar egasining o‘zi sotadigan bo‘lsa, u holda bunday mashinalarning narxi nisbatan baland bo‘ladi.
Ekspertlar hamjamiyati – foydalanilgan avtomobilning narxi, asosan, uning ishlab chiqarilgan yiliga bog‘liq bo‘ladi, - degan fikrda yakdil. Qolgan omillar, shu jumladan, bir qarashda muhim ko‘ringan avtomobilning bosib o‘tgan masofasi kabi omil ham uncha katta ta’sir ko‘rsatmaydi.
Har yili bosib o‘tiladigan masofaning me’yoriy ko‘rsatkichi 10-15 ming kilometrni tashkil qiladi, - deb qabul qilingan. Ishlab chiqarilgan yilini bilgan holda, bunday avtomobilning taxminiy bosib o‘tgan masofasini hisoblab chiqish oson. Masalan, 10 yillik avtomobil 100-150 ming kilometr yo‘l bosgan bo‘ladi. Ushbu ko‘rsatkichlardan ancha farq qilgan taqdirda, masofa orqaga qaytarilganlik ehtimoli yuqori bo‘ladi.
Salon qay ahvolda ekanligiga e’tibor qaratish zarur. Agar o‘n yillik mashinaning odometri 30 ming kilometr bosib o‘tganini ko‘rsatsa-yu, ammo salonning holati juda yomon bo‘lsa, u holda spidometrning ko‘rsatkichlari o‘zgartirilgani ehtimoldan holi emas.
Foydalanilgan avtomobilni xarid qilishda alohida e’tiborni yuridik jihatdan tozaligiga, hujjatlarda va avtomobilning o‘zida barcha raqamlarning mos kelishiga, kuzovning so‘ngra dvigatelning holatiga (bahosi bo‘yicha kuzov, undan keyin dvigatel mashinadagi eng qimmat detal hisoblanadi) alohida e’tibor qaratish lozim.
Umuman olganda avtomobilni tanlash uchun mutaxassisni taklif qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi: keyinchalik «toychoq»ni kerakli darajaga yetkazishga katta mablag‘ sarflagandan ko‘ra, yaxshisi unga maslahati uchun pul to‘lagan ma’qul.
Haqiqatan, foydalanilgan avtomobilning narxi ishlab chiqarilgan yiliga bog‘liq. Ammo ushbu qoida uzoq vaqt O‘zbekistonda amal qilmadi. Qizig‘i shundaki, eski mashinani yangi mashina narxida va hatto undan ham qimmatroq sotish mumkin edi.
Avtomobillarning birlamchi bozori yurgan mashinalar narxining shakllanishiga jiddiy ta’sir qilar edi. Bundan tashqari, avtomobillar tanqisligi muhim o‘rin tutardi. Bu avtomobillarni sotishda poraxo‘rlikning rivojlanishiga imkoniyat tug‘dirdi. 2018 yilning may oyiga qadar Ravon avtomobillari Rossiyada O‘zbekistonga nisbatan arzon sotilardi. O‘zavtosanoatda e’tirof etilganidek, eksport zarariga ishladi.
Eksportdan ko‘rilgan zarar ichki bozorda avtomobillarni yuqori narxlarda sotish evaziga qoplanar edi. Narxlarning doimiy o‘sishi shunga olib keldiki, ko‘pchilik aholi «Eski mashinani yangi mashinaning narxidan balandroq narxda sot» qabilida o‘ziga xos tadbirkorlik bilan shug‘ullana boshladilar. Mashinalar yoppasiga sotib olinardi, bir-ikki yildan keyin yangi narxlarda, «shapka»ni hisobga olgan holda sotilardi. Narxlar ikkilamchi bozorda shu tarzda shakllanar edi.
Amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z avtomobil ishlab chiqaruvchilarimizni ham qamrab oldi. Kadrlarning o‘rni almashtirildi, tannarxni pasaytirish choralari ko‘rildi, dilerlar bilan munosabatlar maqbullashtirildi, onlayn sotuvlar tizimi joriy etildi. Mashinalar erkin sotuvda paydo bo‘ldi, yetkazib berish muddatlari keskin qisqartirildi, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va poraxo‘rlik zaminiga barham berildi.
Mamlakatimiz avtosanoati mahsulotini sotish uchun asosiy bozor bo‘lib ichki bozor hisoblanadi. UzAuto Motors faoliyatining tartibga solinishi ikkilamchi bozorda narx belgilashni tartibga solishga imkon berdi va ishonch bilan aytish mumkinki, foydalanilgan avtomobilni salondagi yangi avtomobil narxida sotish kabi vaziyat o‘tmishda qoldi. Avtomobilning sarmoyaviy jozibadorligi ham o‘tmishga aylanyapti: chunki yildan-yilga uning bahosi tushib boraveradi-da. Biroq, agar gap nodir avtomobillar haqida emas, balki ommaviy tarzda ishlab chiqariladigan avtomobillar haqida ketayotgan bo‘lsa, aynan shunday bo‘lishi kerak. Avtokreditlash rivojlanishi bilan jismoniy shaxslardan avtomobilni ijaraga olish ham manfaatli bo‘lmay qoladi.
Hech narsa sizning mashinangizni qo‘shnining yangi mashinasidek qadrsizlantirmaydi...
Yangi mashina... Yangi avtomobilning hidi... Uning yaltirab turishi... Lekin baribir foydalanilgan, ammo ishonchli mashinani xarid qilgan yaxshiroqmi?
Avtomobilning ishonchliligi – bu texnik-foydalanish sifatlarini saqlab qolish xususiyatlari va ishlab chiqaruvchi-zavod tomonidan belgilangan (yoki me’yoriy) masofani bosib o‘tish mobaynida foydalanganda o‘z vazifasini bekamu-ko‘st bajarish demakdir.
Ishonchlilikning ilmiy nazariyasi mavjud, u har qanday texnik qurilmalar ishini uch bosqichga ajratadi:
Buzilish holatlarining jadalligi:
- Kirishish davri;
- Normal ishlash davri;
- Eskirish davri.
Birinchi bosqich – bu kirishish davri.Avtomobil uchun bu ilk 5 ming kilometr masofani bosib o‘tish demak. Bu vaqt ichida avtomobil obkatkadan o‘tadi, va aynan mazkur bosqichda mavjud kamchiliklar aniqlanadi.
Ikkinchi bosqich – normal ishlash davri. Bu vaqt ichida avtomobil kamdan-kam hollarda buziladi va buzilishlar tasodifiy xususiyatga ega bo‘ladi. Bu davr 5 mingdan 150 ming kilometrga qadar bosib o‘tilgan masofa mos keladi (modelga qarab u 200 ming kilometrga qadar oshirilishi mumkin).
Uchinchi bosqich – eskirish davri. Ko‘p haydovchilar «mashina to‘kilib ketdi» degan iborani ishlatishadi: birin-ketin hech bir mubolag‘asiz barchasi ishdan chiqadi. Faqat mukammal ta’mirlash orqali bunday mashinaning «umrini uzaytirish» mumkin, ammo iqtisodiy nuqtai-nazardan u har doim ham maqsadga muvofiq bo‘lavermaydi.
Shuning uchun foydalanilgan avtomobilni xarid qilishda asosiy muammo eskirish davriga qadar qolgan normal ishlash zahirasini aniqlashning imkoniyati yo‘qligidan iborat. Eski «ishonchli» mashinalarni xarid qilayotganda allaqachon zahirasi tugagan yoki shunga yaqin mashinani xarid qilish mumkin. Va bunday mashinaning buzilishi siz yomon mashina tanlaganingizdan emas, balki mashinaning eskirishidan boshlanadi, xolos.
Bu qancha ko‘p takrorlasak ham, eng yaxshi mashina – bu yangi mashina. Juda ko‘p hollarda, shunday imkoniyatga ega bo‘lganlar, o‘z avtomobillarini xarid qilgandan keyin har uch-to‘rt yilda (normal ishlash davrida) yangilab turishadi. Yo‘q, qayta sotishdan foyda ko‘rish maqsadida emas – buning endi iloji ham yo‘q, - balki mashinadan xotirjam foydalanish uchun. Albatta, yangi mashinani tanlash vaqtida, deyarli barcha xaridorlar (hisob-kitoblarga ko‘ra 90 foiz) 2 yoki 3 yildan keyin dastlabki narxidan u qancha yo‘qotishi haqida o‘ylab ko‘rishadi.
Rossiyaning «Pravilnaya sena» kompaniyasi «Avtostat» agentligining ma’lumotlarini tahlil qilib foydalanilgan mashinalarni sotish bo‘yicha qiziqarli tadqiqot o‘tkazdi. Ikkilamchi bozorda narxi eng kam tushib ketadigan avtomobillar Janubiy Koreya va Yaponiya avtomobillari hamda Rossiyaning LADA mashinalari ekan.
Har uch yildan keyin mashinalarni almashtirish imkoniyatiga ega bo‘lmaganlar, yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, uning ishlab chiqarilgan yiliga va bosib o‘tgan masofasiga e’tibor qaratishlari lozim. Ikkilamchi bozorni norasmiy iqtisodiyotdan chiqarish va trade-in dasturlarini rivojlantirish yurgan mashina tanlashda katta yordam ko‘rsatgan bo‘lar edi.
Ikkilamchi avtomobil savdosini yorug‘likka olib chiqish...
Avtomobilni dilerlik tarmoqlari orqali sotish va xarid qilish mashina egasiga ham, va ehtimoliy xaridorga ham, davlatga ham manfaatli bo‘lishi uchun foydalanilgan avtomobillar bozori tartibga solinishga muhtoj. Ayniqsa, Rossiya tajribasi foydalanilgan mashinalarning shaffof bozorini rivojlantirish samarali ekanligini ko‘rsatmoqda: dilerlarning sotuvlar ulushi 2014 yildagi 6 foizdan 2018 yilda 14 foizga qadar oshdi.
Rivojlangan xorijiy bozorlarda dilerlar orqali barcha yurgan mashinalarning taxminan 30 foizi sotiladi. Bizda ham shunga o‘xshash tuzilmalarni rivojlantirish zarur. Foydalanilgan avtomobillar bozorining deyarli uchdan bir qismi (32,2 foiz) Toshkent shahriga to‘g‘ri kelishini hisobga olgan holda, buni amalga oshirish unchalik ham murakkab emas (RF mashinalarining butun ikkilamchi bozorida Moskvaga 5,1 foiz, Sankt-Peterburgga – 3,3 foiz to‘g‘ri keladi).
Hozir, mashina xarid qilish uchun, mashina bozoriga borish kerak, norasmiy dilerlar bilan muloqot qilish, sotuv to‘g‘risidagi e’longa qo‘ng‘iroq qilish, barcha tanlangan variantlarni shaxsan borib ko‘rish kerak. RF mashina to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlarni, ya’ni ishlab chiqarilgan yili, egalik qilganlar soni, bosib o‘tgan masofasi, majburiyatlarning (lizing, avtokredit, garov) mavjudligi, cheklovlar va jarimalar, yo‘l-transport hodisasida ishtirok etganligi, sug‘urta va sug‘urta hodisalari, o‘tkazilgan texnik ko‘riklar, texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mir to‘g‘risida maxsus servislar orqali onlayn olish mumkin...
Yurgan mashinalarni sotishning mezoni ham o‘zgardi. Endi mijozlarning o‘zi transport vositasining to‘liq texnik tekshiruvi kabi ko‘rsatkichlarning mavjudligiga, yuridik jihatdan tozaligiga va mashina tarixi tekshirilganiga, qo‘shimcha xizmatlar to‘plami mavjudligiga e’tibor qaratishadi. Yurgan mashinani sotuv oldi tekshiruvini amalga oshirish avtomobil savdosida albatta bajariladigan shartga aylanmoqda. Hozirgi vaqtda Rossiyadagi avtomarkazlar foydalanilgan avtomobillarni tekshiruv kartasini rasmiylashtirgan, avtomobil tarixini tekshirgan va dilerdan kafolat taqdim etgan holda, ularga texnik xizmat ko‘rsatgandan keyin sotuvga chiqarishadi.
Foydalanilgan mashinalar bozorida shaffoflikni joriy etish – bu zarurat. Avtomobilning butun tarixi istalgan xaridor uchun ochiq bo‘lishi lozim. Va bu zamonaviy ikkilamchi bozorning asosiy yo‘nalishi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi avtomobil sanoatini jadal rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar haqida»gi qarori O‘zbekistonning zamonaviy ikkilamchi bozorini shakllantirish uchun katta rag‘bat bo‘ldi. Qarorda ko‘rsatilgan va 2019 yilning 1 oktyabridan amalga oshirila boshlanadigan trade-in dasturi avtoulov egasi tomonidan foydalanilgan avtomobilni rasmiy dilerga topshirganda o‘zimizda ishlab chiqarilgan yangi avtomobilni xarid qilish imkoniyatini nazarda tutadi.
Shu bilan birga avtomobil egasi eski va yangi mashina o‘rtasidagi farqni to‘lashi lozim.
Bu juda ham yaxshi tashabbus, u avtomobil bozorini norasmiy vositachilardan – olib- sotarlardan xalos etadi va mashinalarning yangilanish jarayonini tezlashtiradi.
Ta’kidlash joizki, trade-in dasturi an’anaviy ko‘rinishda mashina xaridoriga qo‘shimcha chegirmalar taqdim etadi: avtomobil ishlab chiqaruvchisi avtomobil bahosining bir qismini u sotilayotganda qoplab beradi. Va bunday savdo tizimi endi O‘zbekistonda ham joriy qilindi. Bir yil oldin LADA trade-in dasturini amalga oshirishni boshladi, unga avtomobil ishlab chiqaruvchisining o‘zi moliyaviy yordam ko‘rsatmoqda.
Xotima o‘rnida, yoki foydalanilgan mashinani xarid qilayotganda aldanib qolma
Bir insonga mashinalar juda ham yoqardi. Ammo mashinalar modellaridan biri unga hammasidan ko‘ra ko‘proq yoqardi. Chiroyli va yarqirab turgan mashina deyarli har tun uning tushlariga kirib chiqardi.
Ha, bu o‘zi orzu qilgan mashina edi. Doim u haqda o‘ylardi. Pul yig‘ish uchun tinmay ishlardi, ish vaqti tugagandan keyin ham, hatto dam olish kunlari ham ishlardi. Va, nihoyat, o‘zi orzu qilgan mashinani olish uchun yetarli mablag‘ to‘plandi.
U barcha avtosalonlarga bordi, ammo aynan o‘sha marka va model yo‘q edi. Va nihoyat aynan bugun omadim chopadi va o‘zim orzu qilgan mashinani minib ketaman degan ilinj bilan har kuni salonlarga borardi. Ammo kunlar ketidan kunlar, oylar ketidan oylar o‘tardi, ammo u izlagan mashina hamon yo‘q edi. Sotuvchilar xijolat bo‘lib, yelka qisishib, – ushbu model ishlab chiqarishdan olib tashlangan, endi uni sotmaymiz, - deyishardi xolos. Ammo jon talvasasida qaysarlik bilan tinmay barcha avtosalonlarga borardi.
Shu tariqa bir yil o‘tdi. Va tasodifan, notanish ko‘chaga adashib kirib, foydalanilgan avtomobillar sotiladigan salonga duch keladi. Oynadan ichkariga qarab u hayratdan qotib qoladi: do‘kon ichida o‘zi orzu qilgan mashina turardi! Aynan o‘sha markali, xuddi o‘sha modelda va aynan o‘sha, ta’rifiga til ojiz ranglisi. U yoritgichlar nurida jilolanib turardi. Unga hatto mashina ham ko‘z qisib qo‘ygandek tuyuldi. Ha, bu aynan o‘sha – axir u ushbu mashinani minglab boshqa mashinalar ichidan darhol tanib olgan bo‘lardi.
U salonga bostirib kirdi, mashinani gir aylanib, kassaga otildi. U sotuvchidan narxini so‘raganda, unga narxi ancha pastdek tuyuldi. Bunga e’tibor bermasdan, u kartochkasini chiqardi va xaridni to‘ladi.
Barchasi tamom! Orzuim ro‘yobga chiqdi! Doim bitta mashina haqida o‘ylagan, uni xarid qilish uchun yillar davomida pul yiqqan va uni topishdan allaqachon umidini uzgan odam nimani his qilishini bilasizmi? Va nihoyat o‘sha mashina uning qarshisida turibdi. Yonginasida, juda ham yaqin... U meniki!
U haydovchi o‘rindig‘iga o‘tirdi va mehr bilan rul chambaragiga qo‘lini qo‘ydi. Peshanasini ter bosgan, yurak shiddat bilan urmoqda, barmoqlar shu qadar qaltiraydiki, hatto o‘t oldirish tizimiga kalitni bir martada solib ham bo‘lmayapti.
U sekin-asta kalitni buraydi va... hech narsa yuz bermaydi. U yana bir bor urinib ko‘radi. Natija yana o‘sha. Yuragi orqaga tortib ketadi.
«Unga nima bo‘lgan», - deb so‘raydi u sotuvchidan.
Va sotuvchi javob beradi: «Uning dvigateli yo‘q».
Igor Soy
Tahririyat fikri maqola muallifi nuqtai-nazariga to‘g‘ri kelmasligi mumkin.
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Superliga. OKMK safarda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi va 11 yillik qora an’anaga chek qo‘ydi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi