date

O‘zbekistonda pulli yo‘llarda yangi tezlik me’yori joriy etiladi

O‘zbekistonda pulli yo‘llarda yangi tezlik me’yori joriy etiladi

Oʻzbekistonda tashkil etiladigan pulli yoʻllarda 150 km/soatgacha tezlikda harakatlanishga ruxsat berilishi koʻzda tutilgan. Bu haqda Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi bosh yuriskonsulti Hasan Umarov maʼlum qildi.

Uning soʻzlariga koʻra, “Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi qonunning yangi tahririda pulli yoʻllarga oid normalar ham belgilanmoqda. Qonun qabul qilingach, yoʻl harakati qoidalariga oʻzgartirish kiritiladi va pulli yoʻllarda tezlikni soatiga 150 kilometrgacha oshirish mumkinligi belgilab qoʻyiladi.

Umarovning aytishicha, pulli yoʻldan foydalanishdagi narx hisoblash metodikasi hukumat tomonidan tasdiqlanadi. Bunda stavkalarning eng yuqori chegarasi belgilanadi va investor yoʻl toʻlovini ana shu miqdordan oshirmasligi talab etiladi.

“Masalan, hozir 100-200 km joyga bormoqchi boʻlsangiz, yoʻlda nechta radarga tushasiz. Bitta radarga tushsangiz ham, 200 ming soʻm toʻlaysiz. Pulli yoʻlda esa, bugungi hisob-kitoblarimizga koʻra, 200 km harakatlanish toʻlovi 100 ming soʻm atrofida boʻladi. Bu hisob-kitoblar hali oʻzgarishi mumkin”, – dedi Avtoyoʻllar qoʻmitasi bosh yuriskonsulti.

Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Farhod Zayniyevning aytishicha, pulli yoʻl tashkil qilishda unga muqobil bepul yoʻlning mavjud boʻlishi talab etiladi.

“Masalan, bir nuqtadan ikkinchi nuqtaga yetib olish uchun hozir mavjud yoʻl pulli yoʻlga aylantirilmaydi, aynan shu yoʻl saqlanib qolgan holda, unga parallel yangi pulli yoʻl qurilishiga ruxsat beriladi. Demak, yoʻlovchi tanlovga ega boʻladi: xohlasa davlat tomonidan qurilgan umumiy avtomobil yoʻllaridan bepul foydalanadi yoki vaqtini tejash maqsadida, toʻxtovsiz, yuqori tezlikda yurish uchun pulli yoʻldan harakatlanadi”, – dedi Zayniyev.

Uning soʻzlariga koʻra, pulli yoʻllardan tushgan pul qayerga sarflanishi ham koʻrib chiqilayotgan qonunda aniq yozilgan.

“Agar pulli yoʻl davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil qilingan boʻlsa, tushumlar avvalo shu yoʻlni saqlash, taʼmirlash va sifatini oshirishga sarflanadi. Qolgan qismi esa ‘Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida’gi qonunga asosan, investorning ulushi sifatida hisoblanadi. Lekin davlat ulushi faqat oʻsha yoʻlni rivojlantirishga yoʻnaltiriladi”, – dedi deputat.

Farhod Zayniyevning aytishicha, favqulodda holatlarda pulli yoʻllardan bepul foydalanish mumkin boʻlishi qonunda belgilanmoqda. Bundan tashqari, tez yordam va ichki ishlar organlarining maxsus transport vositalari ham pulli yoʻldan bepul yuradi.

Qonunchilik palatasi “Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini 23 sentyabr kuni qabul qilib, Senatga yuborgan edi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » O‘zbekistonda pulli yo‘llarda yangi tezlik me’yori joriy etiladi