date

Tesla arzonroq elektromobil variantlarini namoyish qildi

Tesla arzonroq elektromobil variantlarini namoyish qildi

Amerikaning mashhur elektromobil ishlab chiqaruvchisi Tesla 7-oktyabr kuni o‘zining ikki asosiy modeli — Model Y va Model 3ning yangilangan, biroz arzonroq versiyalarini taqdim etdi. Bu haqda The New York Times nashri xabar tarqatdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi avtomobillar oldingi modellarga nisbatan taxminan 5 000 dollarga arzonroq bo‘ladi. Endi yangi Model Y 40 000 dollardan, Model 3 esa 37 000 dollardan boshlab sotuvga chiqadi.

Bunday narx siyosatining joriy etilishi, mutaxassislarning fikricha, Tesla’ning elektromobil bozoridagi raqobatni yanada kuchaytirishga urinishi bilan bog‘liq. Ya’ni, kompaniya o‘z mahsulotlarini benzinli avtomobillar bilan narx jihatidan tenglashtirishni maqsad qilgan.

Shu bilan birga, ba’zi tahlilchilar Tesla’ni yangi modellar ishlab chiqarishda sustkashlikda ayblab kelgan. Ularga ko‘ra, kompaniya GM, BMW va ayniqsa Xitoyning BYD kompaniyasi kabi raqiblarga javob sifatida yangi texnologiyalarni joriy etishda kechikmoqda. Eslatib o‘tish joiz, hozirda BYD dunyodagi eng yirik elektr transport ishlab chiqaruvchiga aylangan va sotuv hajmi bo‘yicha Tesla’ni ortda qoldirgan.

Qayd etilishicha, yangi Model Y va Model 3 uchun soliq imtiyozlari ham amal qiladi, ammo ular faqat ma’lum daromad doirasidan past bo‘lgan xaridorlarga beriladi. Masalan, yiliga 150 ming dollardan ortiq daromadga ega bo‘lgan shaxslar yoki oilaviy daromadi 300 ming dollardan yuqori bo‘lgan oilalar bu imtiyozdan foydalana olmaydi.

Ekspertlar ta’kidlashicha, yangi modellar bozordagi talabni oshirishi va Tesla’ning benzinli avtomobillar bilan raqobatini yanada kuchaytirishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning 1-apreli holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 65,2 mingdan ziyod elektromobil ro‘yxatdan o‘tgan. Bu raqam yildan yilga ortib borayotganini inobatga olganda, mamlakatda elektr transport vositalariga qiziqish yuqori ekanligi ko‘rinib turibdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Tesla arzonroq elektromobil variantlarini namoyish qildi