Jahon uy-joy bozorida ijara narxlari yil sayin o‘sib bormoqda. Xususan, 2025-yilda bu o‘sish ayniqsa yirik iqtisodiy markazlarda yaqqol sezildi. Tahlilchilar ma’lumotiga ko‘ra, bu yil dunyoda bir xonali kvartira ijarasi eng qimmat bo‘lgan shaharlar sifatida London va Singapur qayd etildi.
RIA Novosti yozganidek, joriy yil sentyabr oyida ushbu ikki shaharda bir xonali ijara narxi o‘rtacha oyiga 2700 dollarga teng bo‘lgan. Londonda ayrim markaziy tumanlarda bu narx 3100 dollargacha yetgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, uy-joy ijarasi narxining keskin o‘sishiga bir nechta omillar sabab bo‘lgan — aholi sonining ko‘payishi, migratsiya jarayonlari, qurilish materiallari qimmatlashi va investitsiya bozoridagi faollikning oshishi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, 2025-yilda ijara narxi eng yuqori bo‘lgan top-10 shahar quyidagicha:
1.London, Buyuk Britaniya — $2800
2.Singapur — ~$2700
3.Vashington, AQSH — $2300
4.Amsterdam, Niderlandiya — $2250
5.Dublin, Irlandiya — $2200
6.Reykyavik, Islandiya — $2160
7.Lyuksemburg — $2000
8.Gonkong, Xitoy — $2000
9.Bern, Shveysariya — $1800
10.Kopengagen, Daniya — $1750
Tahlilchilar fikricha, Yevropa va Osiyodagi yirik shaharlarda ijara narxi nafaqat talab, balki turmush darajasi, infratuzilma va xizmat ko‘rsatish sifatidan ham kelib chiqib belgilanmoqda. Masalan, London va Singapur nafaqat iqtisodiy markazlar, balki xalqaro moliyaviy markazlar sifatida ham yuksak talabga ega.
Shu bilan birga, uy-joy narxlari oshishi ortidan ko‘plab mamlakatlarda ijara bozorida raqobat kuchaygan. Ayrim davlatlar ijara narxlarini tartibga solish yoki ijarachilarni himoya qilish bo‘yicha yangi qonunlar ishlab chiqishni boshlagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!