Jamoatchilik bong urishiga qaramay, avtobozordagi mantiqsiz tartiblar va odamlar gardaniga yuk bo‘layotgan bema’ni xarajatlar hamon saqlanib qolmoqda.
Maqolaning birinchi qismida avtomobil oldi-sotdisini rasmiylashtirish nihoyatda qimmatga tushishi haqida batafsil to‘xtalingandi. Xo‘sh, nisbatan arzonroq bosh ishonchnoma qanday risk va xatarlarni vujudga keltiradi? Mashinaning avvalgi va yangi egalari uchun qanday noqulayliklar tug‘diradi? Endi shular haqida.
«Gendoverennost»ning mashina mulkdoriga yetkazadigan noqulayliklari
Eng avvalo, shuni anglamoq kerakki, avtomashina texpasportida ism-familiyasi yozilgan fuqaro qonunga ko‘ra ham, barcha bazalarda ham mashina mulkdori sifatida qolaveradi. Notariusda bosh ishonchnoma rasmiylashtirilsa ham uni mulk huquqi tark etmaydi. Yoki bosh ishonchnoma orqali mashina «xarid» qilgan inson hali uning mulkdori sanalmaydi. Shunchaki, u avtomobilni haydashi va boshqaga sotishi mumkin.
Bizda mashinani oldi-sotdi shartnomasi bilan rasmiylashtirish xarajatlari odat tariqasida xaridor tomonidan amalga oshiriladi. Biz hikoya qilayotganimiz — bosh ishonchnoma orqali yashirin xarid qilish tashabbusi ham ulardan chiqadi. Katta pulga xotirjamlikdan ko‘ra, tavakkal qilib kichikroq pulga boshog‘riq sotib olishga majbur bo‘lyapti odamlar.
Mashinani haydab yurgan «xaridor»ning yo‘l harakati qoidalarini buzgani radar va kameralar yordamida aniqlansa, bayonnoma va jarima to‘lovi to‘lash haqidagi xabarnoma avtomatik ravishda avtomobil mulkdorining manziliga jo‘natiladi. Bu Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 17(1)-moddasida belgilab qo‘yilgan.
Avtomashinani bosh ishonchnoma bilan haydab yurgan kishilarning qoidabuzarligi yo‘llarda radar va kameralarga tushsa, ularga xabarnoma ham bormaydi, DYHXX ularni axtarib topib, jarimani undirib ham o‘tirmaydi va jarimani undirish Majburiy ijro byurosiga o‘tadi.
MIB uchun qiyinchiliklar
Jarimalarni to‘lash paysalga solinsa, MIB tomonidan turli taqiqlar va qo‘shimcha jarimalar solinishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.
Biz suhbatlashgan MIB inspektorining tushuntirishicha, undiruv MIBga kelib tushgach, ijro ishi qo‘zg‘atiladi («delo» ochiladi). Haydovchiga jarimani to‘lash uchun 15 kun vaqt beriladi. Keyin jarimani undirish uchun uning summasining 2 foizi miqdorida arzimagan ijro yig‘imi va jarima qo‘llanadi.
Ijro ishi qo‘zg‘atilgach, 15 kun ichida jarima to‘lanmasa, BHM (270 ming so‘m)ning 1 barobaridan 5 barobarigacha jarima ham qo‘shiladi.
Mashinani ishonchnoma orqali birov boshqargan bo‘lsa ham, jarima va yig‘im undiruvi mulkdorga qaratiladi.
Xullas, jarima va ijro yig‘im so‘ndirilmagunga qadar qo‘zg‘atilgan ijro ishi yopilmaydi, oqibatda mulkdorning boshqa mulklari xatlanishi, ularga taqiq qo‘yilishi, undiruv uning oylik maoshi va boshqa daromadlariga qaratilishi mumkin.
Amaliyotda shunday holatlar uchraganki, avtomashina qo‘ldan-qo‘lga ishonchnoma bilan «sotilavergan». Haydovchi mashinaning asl egasi kim ekanligini yoki aksincha, mulkdor mashinasini hozir kim boshqarib yurganini ham bilmaydi. Bunday holatlarda ish sudlashishgacha yetib boradi, albatta.
Yoki MIB mashina mulkdoriga 2 marta qo‘ng‘iroq qilib, jarimani to‘lash kerakligini aytib bezovta qilsa, u darhol notariusga borib ishonchnomani bekor qilib tashlab, mashinani talab qilgan holatlar ham bo‘lgan.
Vaziyatning eng chalkash joyi shundaki, «GAI» organlari o‘zlari 2 oy ichida qoidabuzarni topishlari, jarimani undirishga harakat qilishlari lozim. Lekin qoidabuzarni topish qiyinligi tufayli video va foto qayd etuvchi qurilmalar orqali aniqlangan qoidabuzarliklar ma’muriy bayonnomasi MIBga o‘tkaziladi (bu holatda «GAI» qoidabuzarni undiruv MIBga o‘tgani borasida SMS orqali ogohlantirib ham o‘tirmaydi).
So‘ng MIB ijrochilari ming bir azobda mulkdor yoki qoidabuzarni topib, jarimani undiradi — jarima summasi esa to‘liq DYHXX hisob raqamiga tushadi.
Keyin navbatdagi boshog‘riq boshlanadi: YPX xodimlari haydovchilarni to‘xtatib, planshetdan mashinada qoidabuzarlik sodir etilganini ko‘rib, jarima osilib turganini ma’lum qilishsa — garchi undiruv allaqachon MIBga o‘tgan bo‘lsa-da, haydovchilar ma’muriy bayonnoma raqamiga qarab, jarimaning o‘zinigina to‘lab qo‘yishadi. MIB xodimlarining ham tushuntirishlariga qaramasdan, aksariyat haydovchilar «GAI»ning kassasiga borib, faqat qoidabuzarlik uchun jarimani to‘lashadi. Boyagi arzimagan 2 foizlik ijro yig‘imi va MIB jarimasi yana bo‘yinlarida qarz bo‘lib qolib ketaveradi.
Xatarlar avtomobilni ishonchnoma orqali «xarid» qilgan shaxsda ko‘proq
Mashina mulkdori istalgan daqiqada ishonchnomani bekor qilishi mumkin. Notarius uni bekor qilishga majbur va bunda ikkinchi tomonning roziligi talab etilmaydi ham. Bu holda notarius hattoki bekor qilishning sababini so‘rashga ham haqli emas.
Mulkdor g‘araz niyatli bo‘lsa yoki xudo ko‘rsatmasin, o‘lib-netib qolsa, «xaridor» avtomobildan ham, pulidan ham ajralib qolishi hech gap emas.
Agar mashina mulkdori vafot etsa, avtomatik ravishda bosh ishonchnoma bekor bo‘ladi. Undan keyin tuzilgan bosh ishonchnomalar ham paydar-pay bekor bo‘ladi. Avtomobil mulk, u merosxo‘rlari o‘rtasida teng taqsimlanadi. Farzandlaridan birortasi noinsof chiqib qolsa, kuydim deyavering. Mashinani tortib olib, sotib, o‘z ulushini olmaguncha qo‘ymaydi (Yaqindan boshlab notarial idoralar FHDYO bazasiga ulangan, mashina mulkdori hayotmi, vafot etganmi, bir zumda aniqlanmoqda).
Endi bosh ishonchnoma orqali «oldi-sotdi» keltirgan ko‘rgiliklarga to‘xtalamiz
Birinchi holat. Ishonchnoma orqali avtomobilni «xarid» qilgan shaxs uni boshqa kishiga sotmoqchi bo‘ladi. Notariusda rasmiylashtirish jarayonida avtomobil bank garovida taqiqda turgani ayon bo‘ladi. Ma’lum bo‘lishicha, avtomobilni boshqa kishiga ishonchnoma orqali «sotgan» mulkdori biroz o‘tib uni garovga qo‘yib, kredit olishga muvaffaq bo‘lgan. Kredit esa o‘z vaqtida so‘ndirilmagan. Bankka tushuntirish olish uchun borganda esa, bankirlar anchadan buyon bu avtomobilni qidirib topa olishmayotgani ma’lum bo‘lgan va avtomashina jarima maydonchasiga kiritib qo‘yilgan.
Ikkinchi holat. Samarqand shahrida yashovchi fuqarolardan biri qo‘shni viloyatdan avtomashina xarid qiladi va bosh ishonchnoma orqali 2,5 yil davomida haydab yuradi.
So‘ngra mashinani sotib yuborish uchun shahar ko‘chalaridagi turargoh-bozorlardan biriga joylashtiradi. O‘zi xorijiy davlatga sayohatga ketgan chog‘da, turargoh qorovuli YPX xodimlari kelib, avtomashina YTHda ishtirok etgani uchun uni jarima maydonchasiga olib ketishayotganini xabar qiladi.
«Mashinaning barcha hujjatlari uyimda turibdi-ku», deya egasi o‘zini xotirjam qiladi. Biroq xorijdan qaytib kelganida mashinasining izini ham topa olmaydi.
Keyingi surishtiruvlardan ma’lum bo‘lishicha, mashinaga qo‘shni viloyatdagi DYXHBda yangi qayd etish guvohnomasi olinib, notarius orqali umuman boshqa odamga oldi-sotdi shartnomasi bilan rasmiylashtirib berilgan bo‘lib chiqadi.
Mashina nomida turgan shaxs «mashinani sotganimizga 3 yilcha bo‘ldi, bu vaqt ichida xaridorning yuzi esimda qolmagan, texpasport bilan oldimga rasmiylashtiraylik, deb kelishdi. Notariusda imzo qo‘yib berdik», degan.
Mashina rasmiylashtirishning bu qadar qimmatligi mana shunday firibgarlik jinoyatlari sodir bo‘lishiga ham zamin yaratmoqda. Ishonchnoma orqali mashina «xarid» qilganlar unga to‘liq egalik qila olmasdan, sudma-sud sarson bo‘lishmoqda.
Davlat o‘z fuqarolarga qiyinchilik tug‘diradigan bunday holatlarni albatta bartaraf etishi kerak!
Xo‘sh, shunday qilib oldi-sotdi shartnomasi va ishonchnomaning asosiy farqi nimada ekan?
Albatta, ishonchnoma orqali avtoni yashirin xarid qilishdan ko‘ra oldi-sotdi shartnomasi tuzib xarid qilish ming chandon xavfsizroq. Chunki oldi-sotdi shartnomasida fuqaro o‘zining pulini himoya qilib qo‘yadi: shartnomada mulk haqiqatan sotilgani, sotgan shaxs haqiqatan pulini olgani ko‘rsatib o‘tiladi. Ishonchnomada esa bunday shartlari yo‘q.
Qiziq, yaqin xorijda avtomobilni qayta rasmiylashtirish xarajatlari qancha ekan?
Ikkilamchi bozordan xarid qilingan avtomobilni oldi-sotdi shartnomasi orqali boshqa shaxsdan o‘z nomiga qayta rasmiylashtirishda to‘lanadigan xarajatlar bizga yaqin ayrim davlatlarda ancha arzon. Boz ustiga ularning barchasi notariusda majburiy tarzda oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish, degan talab yo‘q. Faqat oldi-sotdi shartnomasini savodli qilib tuzishda yuridik maslahat xizmati ko‘rsatiladi, xolos.
Rossiyada:
- avtomobilning avvalgi davlat raqami saqlab qolingan holda o‘zga shaxs nomiga o‘tkaziladigan bo‘lsa — 850 rubl (119 ming so‘m);
- yangi davlat raqami olinsa — qo‘shimcha yana 2000 rubl (280 ming so‘m) to‘lanadi;
- qayta rasmiylashtirish uchun ariza onlayn berilsa, 30 foiz chegirma bor;
- Notarius xizmati 2000-3000 rubl (280–420 ming so‘m) orasida.
Qozog‘istonda:
- o‘z nomiga rasmiylashtirib yangi texnik pasport olish — 3646 tanga (92 ming so‘m)
Notarius xizmati 30 000 tanga (720 ming so‘m). Qozog‘istonda ham o‘zimizdagidek ishonchnoma orqali mashinani «sotish» keng tarqalgan va xatarli tomonlari sanab o‘tilgan.
Qirg‘izistonda:
- qayta rasmiylashtirish — 1360 qirg‘iz so‘mi (165 ming so‘m);
- yangi davlat raqami sotib olinmasa — 460 qirg‘iz so‘mi (56 ming so‘m).
Qirg‘izistonda ham qonunchilikda notarial tarzda avtomobil oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish va tasdiqlash majburiyati ko‘zda tutilmagan.
Ukrainada:
- Ukrainada ishlab chiqarilgan avtolar uchun — 525 grivna (210 ming so‘m);
- import avtomobillar uchun — 563 grivna (225 ming so‘m);
- agar eski davlat raqami saqlanib qolinadigan bo‘lsa, summa yanada kamayadi;
- Avtomobil 1 yilda 1 marta sotilsa 5 foiz daromad solig‘i olinadi;
- Transport yig‘imi 2000 grivna (800 ming so‘m);
- Notarius xizmati xarajatlari 1800-2000 grivna (720–800 ming so‘m).
Ko‘ryapmizki, MDH davlatlarida yangi avtoraqam bilan qayta rasmiylashtirish, soliqlar, yig‘imlar bilan eng qimmati 120 AQSH dollari atrofida xarajat qilinmoqda.
Raqamlar nima deydi?
O‘zbekistonda 2020 yil davomida notariuslar 781 ming 425 ta ishonchnoma rasmiylashtirgan bo‘lib, shulardan 400 ming 677 tasi (!) – avtomototransportni tasarruf etish huquqi bilan berilgan ishonchnomalar.
Avtomobil oldi-sotdi shartnomalari esa 319 ming 565 tani tashkil etmoqda. Ya’ni insofsiz darajada o‘rnatilgan to‘lovlar avtomobil xaridorlarining yarmidan ko‘pini ishonchnoma tuzishga majburlayapti.
Bir muddat avval xarid qilinganiga 1 yil bo‘lmagan yangi avtomashinalarni sotishga republika bo‘yicha juda katta, qariyb avto narxiga teng boj joriy qilingan edi. Bu ishlab chiqarilganiga 1 yil bo‘lmagan avtomashinalarni sotish uchun o‘ziga xos taqiq edi.
Albatta, fuqarolarning avtosalondan mashinalarni xarid qilib, uni darhol avtobozorga chiqarib, foydasi bilan sotishining oldini olish uchun qilingan nayrang edi bu. Mana shunday taqiqlovchi normalar qayta ko‘rib chiqilib, bekor bo‘lib ketdi. Demak, xalqqa yengillik yaratib, bekor qilsa bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53-moddasida xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidaligi belgilab qo‘yilgan.
Avtomobillardan bir necha barobar qimmat turadigan uylarni ikkilamchi bozorda oldi-sotdi qilganda o‘z nomiga rasmiylashtirish arzimas pulga tushadi-yu, ikkilamchi bozordan avtomobil sotib olib, o‘z nomiga rasmiylashtirmoqchi bo‘lganlar negadir «sog‘in sigir» qilib qo‘yilgani chindan ham hayratlanarli.
Avtomobilga mulk huquqini rasmiylashtirishdagi to‘lovlar nimaga asoslanib bunchalik baland o‘rnatilgan? Axir bu xizmatlarni bajarish og‘ir va mashaqqatli ish emas-ku? Qaysi mantiqqa ko‘ra, avtomobilni rasmiylashtirishda uning yoshi va dvigatel hajmiga qarab xarajatlar keskin oshib boradi?
Bunday baland summalarning o‘rnatilgani mulkdor bo‘lish huquqining sun’iy ravishda cheklanishi emasmi?
So‘ngso‘z o‘rnida
Avtomobil ham mulk. U O‘zbekistonda, avtosalondan xarid qilinganda QQS to‘lanadi, yo‘l fondiga 3 foizlik ajratma ham xaridor gardanida. Yoki chegara orqali xorijdan kerib kelganda davlat boji olinadi. Shu yetarli emasmi?
Qolgan paytlarda u foydalanish asnosida sotilsa, faqat qayta rasmiylashtirish va davlat avtoraqami uchun to‘lov qilinishi va notarial idorada xuddi kvartirani rasmiylashtirganlik kabi to‘lov qilinishi shart.
Bir avtomobil 10 marta sotilsa rasmiylashtirishga 10 marta millionlab pul olinishi hech joyda kuzatilmagan holat.
Agar bunday to‘siqlar yangi avtomobil savdosi yurishishi uchun qilingan bo‘lsa, bu nihoyatda g‘irrom usul. «O‘zAvtoMotors» tomonidan ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar avtosalonlarda sotilmay yotganida ham boshqa gap edi. Lekin xaridorlarga avtomobillar o‘z vaqtida yetkazib berilmayapti-ku?
Agar maqsad mahalliy budjetni to‘ldirish bo‘lsa, bu ham g‘irrom usul. Haydovchilar shundoq ham sarflayotgan yonilg‘isidan soliq to‘lashadi. Qolaversa, odamlarimiz avtomobil olish uchun yillab mablag‘ yig‘ishadi. Belgilab qo‘yilgan bojlarni esa hammaning cho‘ntagi ko‘taravermaydi.
Shunday ekan, ikkilamchi bozordan xarid qilingan avtolar uchun ortiqcha to‘lovlarni bekor qilish vaqti yetib kelmadimikan? Aytaylik, avtoni to‘liq qayta ro‘yxatga olish uchun hozir odamlar to‘lashga tayyor bo‘lgan, qurbi yetadigan — bosh ishonchnomaga sarflanayotgan summa miqdorigacha tushirish.
Yurtimizda poytaxt propiskasi, xorijiy valyutaning davlat tomonidan belgilab qo‘yilgan davlat kursi kabi bo‘lmag‘ur va g‘irrom amaliyotlarga barham berildi. Balkim buning ham navbati kelgandir?
Bugun qalam urilgan mavzuda Kun.uz avval ham chiqish qilgan edi. Lekin ko‘tarilgan masalaga hech qanday reaksiya bildirilmadi. Balki bunisiga ham hech bir mas’ul e’tibor bermasligi mumkin. Ammo, og‘riqli bu masalaga e’tibor berilgunicha chiqish qilaverish jurnalistning vazifasi. Chunki propiska va valyutadagi g‘irromliklarga ham shu yo‘l bilan barham berilgani ochiq tan olinadigan fakt.
Shuhrat Shokirjonov
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Dunyoning mashhur ayollari kunni qanday boshlaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin