Fransiya terma jamoasi va “Real Madrid” hujumchisi Kilian Mbappe Saudiya Arabistonining “An-Nasr” klubi safida to‘p surib kelayotgan Krishtianu Ronaldu haqida samimiy fikrlarini bildirdi.
Mbappega ko‘ra, Ronaldu nafaqat futbol olamidagi afsona, balki uning shaxsiy hayotida ham katta ahamiyatga ega shaxsdir.
“Krishtianu men uchun doimo ideal namuna bo‘lgan. Uning mehnatsevarligi, o‘z ustida ishlashi va maydondagi irodasi — barchasi menga ilhom beradi. Ronaldu 'Real' klubining ramzi, etaloni hisoblanadi. Odamlar hali ham uni eslab, u haqda hurmat bilan so‘z yuritishadi”, — dedi Mbappe Movistar telekanaliga bergan intervyusida.
Yosh yulduzning ta’kidlashicha, Ronaldu unga shaxsan maslahatlar berib, kasbiy yo‘lida yordam bermoqda
“U menga ko‘p bora maslahat bergan. Futbolda va umuman hayotda to‘g‘ri qaror qabul qilish bo‘yicha ham Ronalduning tajribasi men uchun juda muhim. Uning har bir gapi menga kuch bag‘ishlaydi”, — dedi Mbappe.
Hozirda ikki futbolchi turli chempionatlarda o‘ynayotgan bo‘lsa-da, ularni o‘zaro hurmat va futbolga bo‘lgan umumiy muhabbat birlashtirib turadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!