O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan yangi qaror loyihasi e’lon qilindi. Bu o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar mamlakatdagi yo‘l harakati tizimini yanada yaxshilashga va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab ishlab chiqarilganiga 50-yil va undan ortiq bo‘lgan avtomobillardan foydalanish taqiqlanadi. Bundan oldin ularni qayta ro‘yxatga olish va davlat ro‘yxatidan chiqarish belgilangan, bunday transport vositalari "antikvar" deb hisoblanadiganlardan tashqari.
Shu bilan birga, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikda maktab o‘quvchilari va mahalla yoshlari o‘rtasida yo‘l harakati qoidalarini faol targ‘ib qilish maqsadida "Yashil chiroq" musobaqalarini uch bosqichda o‘tkazishni tashkil etadi.
"Yashil chiroq" musobaqalarini o‘tkazish va "Eng namunali yo‘l harakati xavfsizligi ta’minlangan hudud" ko‘rik-tanlovini tashkil etish bo‘yicha xarajatlar "Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda" respublika jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Ushbu qarorlar yo‘l harakatidagi xavflarni kamaytirish, jamoat xavfsizligini ta’minlash va barcha qatnovchilar uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish maqsadida qabul qilingan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!